Falsafa tushunchasining kelib chiqishi. Falsafa tushunchasining kelib chiqishi. Falsafa insoniyat tarixidagi eng qadimgi ilmlaridan biridir. Falsafiy mulohaza yuritish, fikrlash, inson tabiatiga hos demak fan ham uning o‘ziga kabi qadimiydir. Har qanday noma’lum so‘z mazmunini uning etimologiyasidan, ya’ni u qachon, qanday va nima uchun yuzaga kelganini aniqlashdan boshlash o‘rinli bo‘ladi. «Falsafa» tushunchasi yunoncha phileo – sevaman va sophia – donolik so‘zlaridan kelib chiqqan bo‘lib, mazkur atamaning dastlabki ma’nosini donolikka muhabbat deb talqin qilish mumkin. Falsafa so‘zini ilk bor qadimgi yunon mutafakkiri Pifagor miloddan avvalgi VI asrda tayyor holda (afsonalar, rivoyatlar, an’analar orqali) avloddan avlodga o‘tuvchi bilim bilan inson o‘z aqliga tayanib, mushohada yuritish va tanqidiy fikrlash yo‘li orqali olishi mumkin bo‘lgan bilimni farqlash maqsadida ishlatgan.
Falsafaning mohiyati - bu “olam-odam” tizimidagi umumiy muammolar ustida fikr-mulohaza yuritishdan iboratdir. Qadimgi dunyoda fanlarning barchasi, ular qanday ilm bilan shug‘illanishidan qat’iy nazar filosofiya deb atalgan. Dastlabki falsafiy ta’limotlar Qadimgi Hindiston, Xitoy, Eron va Turon, Misrda paydo bo‘lib, qadimgi Gresiya – Yunonistonda o‘zining mumtoz shakliga erishgan.Falsafa ijtimoiy, tabiiy fanlar kabi mustaqil fan sifatida o‘z ob’ekt va predmetiga ega. Falsafaning predmetini «olam-odam» tizimi tashkil etadi.
Nisbatan qarama-qarshi “ob’ekt va sub’ekt” tushunchalarida ifodalangan olam va inson dunyosi ayni vaqtda o‘zaro uzviy aloqadagi dunyolar hamdir. Umuman, falsafa fani predmetining tarkibiga moddiy olam va uning mavjudligiga xos qonuniyatlar kirmaydi, balki, uning insonga aloqador bo‘lgan eng umumiy jihatlarigina kiradi, xolos. Moddiy olam to‘g‘risidagi qarash, g‘oya va nazariyalar aniq fanlar tomonidan o‘rganiladi. Inson tomonidan haqiqat, go‘zallik, yaxshilik, adolat nuqtai-nazari orqali yaratilgan olamning universal suvrati falsafiy dunyoqarashni shakllantirish uchun xizmat qiladi.
Falsafiy bilimlarning mazmun va mohiyati hodisalarning eng muhim sabablarini bilish, ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, kundalik amaliy faoliyatni sog‘lom fikr asosida yuritishga qaratilgan bo‘ladi. Kundalik bilimlarda, “donolik” deb nom olgan bebaho fazilat takomillashib boraveradi. Tabiatga oid sohalarda biz ba’zi kishilarni “o‘z fanini yaxshi biladigan mutaxassis” deymiz, lekin “dono odam” demaymiz. Falsafiy fikrlash qobiliyati mutaxassis faylasuf bo‘lmagan kishilarga ham xos. Falsafa sohasida faoliyat yurituvchi ba’zi kishilar hayotga nisbatan shu qadar yuksaklikka ko‘tariladilarki, ularning darajasi “donolik” tushunchasiga muvofiq keladi.
“Donolik” – hayotiy tajribaga tayanadigan teran aql-idrokni, haqiqat va yaxshilik birligini, oliy haqiqatni, sevgi va rostgo‘ylik mushtarakligini, aqliy va axloqiy kamolotning oliy darajaga yetgan holatini, qadriyatlarni qadrlash, his-tuyg‘ularning hayotga singib ketishini, har qanday narsaga va hodisaga mehr bilan qarash, har qanday masalaga, tashvishli murakkab holatlarda ham aql ko‘zi bilan qarash demakdir
Bu falsafaning predmeti va uning o‘zgaruvchan xarakteri bilan bog‘liq. Chunki, olam va odam, ularning ibtido va intihosi, hayoti va o‘zaro munosabatlari, inson tafakkuri, tabiat va jamiyat taraqqiyotining umumiy qonuniyatlari umumbashariy fan sifatida falsafaning azaliy bahs mavzulari va asosiy muammolaridir. Shuningdek, muayyan davrda tug‘ilib, hal etiladigan o‘tkinchi muammolar abadiyatga dahldor bo‘lmasa-da, o‘z davri talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqani uchun muhim ahamiyat kasb etadi.