2.2 Boshlang’ich sinf o’qituvchisining kasbiy rivojlanishi.
O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchi kadrlarning ma’naviy qiyofasi, aqliy salohiyati hamda kasbiy mahoratiga nisbatan jiddiy talablar qo‘yilmoqda
O‘qituvchi pedagogik, psixologik va mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha maxsus ma’lumot, kasbiy tayyorgarlik, yuksak axloqiy fazilatlarga ega bo‘lishi va ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatuvchi shaxsdir. Ushbu nuqtai nazardan quyidagi burch va mas’uliyatlar ulardan talab qilinadi:
1. O‘qituvchi eng avvalo mas’uliyatni his etuvchi tarbiyachi, tajribali notiq, madaniyat va ma’rifat targ‘ibotchisidir.
2. O‘qituvchi tabiatan o‘quvchilarni seva olishi, o‘z mehrini, his-tuyg‘ularini har lahzada o‘quvchilar ichki dunyosi bilan bog‘lay olishi, ularning ham mehriga, hurmatiga sazovor bo‘lishi kerak.
3. O‘qituvchi jamiyat ijtimoiy hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar mohiyatini chuqur anglab etishi va ularga xolisona baho berib, bu borada o‘quvchilarga to‘g‘ri, asosli ma’lumotlarni doimiy bera olishi lozim.
4. Zamonaviy o‘qituvchining ilm-fan, texnika va axborot texnologiyalari yangiliklaridan va yutuqlaridan xabardor bo‘lib borishi talab etiladi.
5. O‘qituvchi o‘z mutaxassisligi bo‘yicha chuqur va puxta bilimga ega bo‘lishi, barcha fanlar integratsiyasini o‘zlashtirib borishi, bunda o‘z ustida tinimsiz ilmiy izlanishlar olib borishi lozim.
6. O‘qituvchi pedagogika va psixologiya fanlari asoslarini puxta bilishi, o‘quvchilarning yosh va psixologik xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim-tarbiya faoliyatini tashkil etishi kerak.
7. O‘qituvchi kasbiy pedagogik faoliyatida ta’lim va tarbiyaning eng samarali zamonaviy shakl, metod va vositalardan unumli foydalana olish imkoniyatiga ega bo‘lmog‘i lozim.
8. O‘qituvchi ijodkor, ta’lim-tarbiyaviy faoliyat tashabbuskori va yosh avlod kelajagi uchun javobgar shaxsdir.
9. O‘qituvchi kasbiy faoliyati jarayonida yuksak darajadagi pedagogik mahorat, kommunikativ layoqati, pedagogik texnika (nutq, yuz, qo‘l-oyoq va gavda harakatlari, mimika, pantomimika, takt) qoidalarini chuqur o‘zlashtirib borishi shart.
10. O‘qituvchi nutq madaniyatiga ega bo‘lishi zarur, uning nutqi quyidagi xususiyatlarni o‘zida aks ettirishi kerak: turli sheva so‘zlardan holi bo‘lib, faqat adabiy tilda ifoda etilishi; o‘qituvchining nutqi sodda, ravon va tushunarli bo‘lishi; hikmatli so‘zlar, ibora va maqollar, matallar hamda ko‘chirma gaplardan o‘rinli foydalana olishi lozim. Jargon (muayyan kasb yoki soha mutaxassisliklariga xos so‘zlar); varvarizm (muayyan millat tilida bayon etilayotgan nutqda o‘zga millatlarga xos so‘zlarni noo‘rin qo‘llanilishi); vulgarizm (haqorat qilish, so‘kishda qo‘llaniladigan so‘zlar) hamda kontselyarizm (o‘rni bo‘lmagan vaziyatlarda rasmiy so‘zlardan foydalanish) kabi norasmiy so‘zlardan holi bo‘lishi,
11. O‘qituvchining kiyinish madaniyati o‘ziga xos bo‘lishi, ya’ni sodda, ozoda, bejirim kiyinishi, ta’lim-tarbiya jarayonida o‘quvchining diqqatini tez jalb etuvchi turli xil bezaklar (oltin, kumush taqinchoqlar)dan foydalanmasligi, fasl, yosh, gavda tuzilishi, yuz qiyofasi, hatto, soch rangi va turmagiga muvofiq ravishda kiyinishi talab etiladi.
12. O‘qituvchi ta’lim muassasasida sinf jamoasining asosiy tashkilotchisi va ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlarning eng faol ishtirokchisidir.
13. O‘qituvchi pedagogik muloqot jarayonining faol ishtirokchisi ekanligini unutmasligi shart. Shuning uchun kasbiy faoliyatida o‘zida bir qator pedagogik sifatlarni tarkib toptirib borishi zarur.
14. O‘qituvchi eng avvalo, mulohazali, bosiq, har qanday pedagogik vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan hamda mavjud ziddiyatlarni bartaraf etishning uddasidan chiqa olishi kerak.
Hozirgi sharoitda jamiyatning o‘qituvchilik kasbiga nisbatan qo‘yayotgan talablari kun sayin ortib bormokda va bu talablarni amalda to‘g‘ri tashkil qilish vazifasi o‘qituvchiga bog‘liq. Zamonaviy maktab o‘qituvchisi qator vazifalarni bajaradi. O‘qituvchi avvalo sinfdagi o‘quv jarayonining tashkilotchisidir. Jamiyatning o‘qituvchi oldiga qo‘yadigai acociy talablari quyidagilar:
- shaxsni ma’naviy va ma’rifiy jihatdan tarbiyalashda milliy uyg‘onishmafkurasining hamda umuminsoniy boyliklarning mohiyatini bilishi, bolalarni mustaqillik g‘oyalariga sodiqlik ruhida tarbiyalashi, o‘z Vataniga, tabiatga va oilasiga bo‘lgan muxabbati;
- kasbiy bilimlarni puxta bilish bilan birga, turli bilimlardan xabardor bo‘lishi;
- yosh pedagogik psixologiya, pedagogika va psixologiya, yoshlar fiziologiyasi,maktab gigienasidan o‘z kasbiga doir bilimlarga mukammal bilishi;
- o‘z kasbi bo‘yicha jahon fanida erishilayotgan so‘nggi yutuqlar, kompyuter va axborot texnologiyalari yangiliklaridan doimiy xabardor bo‘lib borishi;
- ta’lim-tarbiya metodikasidan ko‘nikma va malakalarini oshirib borishi;
- o‘z kasbiga ijodiy yondashishi;
- pedagogiktexnika (mantiq, nutq ta’limining ifodali vositalari) vapedagogiktaktga ega bo‘lishi;
- o‘z bilimi va pedagogik mahoratini doimiy ravishda oshirib borishi.
Respublikamiz mustaqil davlat sifatida demokratik jamiyat qurish, dunyodagi eng rivojlangan mamlakatlar qatoridan o‘rin olishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan ekan, bu xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimi oldiga ham muayyan vazifalar qo‘yadi. Mazkur vazifalar umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan o‘qituvchilarning kasbiy-metodik tayyorgarligini rivojlantirish bilan belgilanadi. O‘qituvchilarning kasbiy-metodik tayyorgarligi ularning kasbiy faoliyatga doir bilimlar, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil qilish, o‘z-o‘zini rivojlantirish kabi asosiy kasbiy faoliyat sohalarida aks etadi. Bu esa o‘z navbatida, o‘qituvchining o‘z fanini o‘qitishga doir bilimlarni mukammal bilishi va harakatga keltirishi, ta’lim jarayonini loyihalash, tashkil qilish va baholash uchun zarur bo‘lgan tayanch kompetensiyalarni egallashi, shuningdek, o‘qitish va tarbiyalash jarayonini ta’lim sohasidagi innovatsion ilmiy yutuqlar, zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida intensiv tashkil etish, uzluksiz va tizimli o‘z-o‘zini rivojlantirishni talab etadi.
Bitiruv malakaviy ishining muammosiga oid olib borilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, o‘qituvchilarni kasbiymetodik tayyorgarligini takomillashtirish, kasbiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yurtimiz pedagog olimlaridan Z.Artikbayeva13 malaka oshirish jarayonida maktab matematika o‘qituvchilari kasbiy ko‘nikmalarini takomillashtirishning pedagogik asoslari, rivojlantiruvchi ta’lim vositasida matematika o‘qituvchisining metodik tayyorgarligini takomillashtirish yo‘llari, N.A.Muslimov14 bo‘lajak kasb ta’limi o‘qituvchilarini kasbiy shakllantirish masalalari, G.E.Karlibayeva15 bo‘lajak fizika o‘qituvchilarining metodik tayyorgarligini takomillashtirish, I.Y.Raxmonov16 geometriyani o‘qitish jarayonida talabalarning metodik tayyorgarligini rivojlantirish texnologiyasi, M.I.Toshpo‘latova17 bo‘lajak boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining metodik tayyorgarligini takomillashtirish, T.T.Shaymardonov18 pedagog kadrlar malakasini oshirish va kasbiy faoliyati monitoringini tashkil etish mazmuni, ko‘rsatkichlari, infratuzilmasi, dasturiy va metodik ta’minoti, axborot resurslarini shakllantirish tizimi, D.O.Ximmataliyev19 pedagogik va texnik bilimlar integratsiyasi asosida kasbiy faoliyatga tayyorgarlikni diagnostika qilish yuzasidan ilmiy tadqiqot ishlari olib borganlarAmmo, mazkur tadqiqotlar va boshqa pedagogikpsixologik ilmiy tadqiqot ishlarida boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining metodik tayyorgarligini takomillashtirish va kasbiy rivojlantirish ilmiypedagogik muammo sifatida yetarli darajada tadqiq etilmagan. Xususan:
– ayrim tadqiqotlarda bo‘lajak kasb ta’limi o‘qituvchilarini kasbiy shakllantirish masalalari keng yoritilgan;
– o‘qituvchilarining metodik tayyorgarligini takomillashtirish bo‘lajak mutaxassislar misolida o‘rganilgan;
– geometriyani o‘qitish jarayonida talabalarning metodik tayyorgarligini rivojlantirish texnologiyasi, shuningdek, pedagog kadrlar malakasini oshirish va kasbiy faoliyati monitoringini tashkil etish mazmuni, ko‘rsatkichlari, infratuzilmasi, dasturiy va metodik ta’minoti, axborot resurslarini shakllantirish tizimi, pedagogik va texnik bilimlar integratsiyasi asosida kasbiy faoliyatga tayyorgarlikni diagnostika qilish usullari ishlab chiqilgan;
– boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini kasbiy rivojlantirishga doir xorijiy va mahalliy tadqiqotchilarning fikrlari umumlashtirilmagan;
– boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining metodik tayyorgarligini takomillashtirish va kasbiy rivojlantirish muammolari alohida qayd etilmagan;
– o‘qituvchilarning kasbiy va metodik tayyorgarligiga qo‘yiladigan zamonaviy talablar, o‘qituvchilarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish mazmuni, mexanizmi, shart-sharoitlari va metodikasi mazkur tadqiqotlarda yoritilmagan;
– boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini kasbiy rivojlantirish tamoyillari, nazariy va pedagogik jihatlari ilmiy asoslanmagan.
Bu esa o‘z vaqtida o‘qituvchilarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish bilan bog‘liq quyidagi vazifalarni hal qilish zaruriyatini keltirib chiqaradi:
● boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining kasbiy ehtiyojlaridan kelib chiqib, metodik tayyorgarlikni takomillashtirish, kasbiy rivojlantirishga doir tizimli va uzviy amalga oshirish lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni aniqlash va belgilash;
● boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini kasbiy rivojlantirish omillari, o‘qituvchida professionallikni rivojlantirishga doir kasbiy rivojlanishning bosqichlari va darajalarini aniqlash va belgilash.
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining metodik tayyorgarligini takomillashtirish va kasbiy rivojlantirishning ilmiypedagogik muammo sifatidagi ahamiyatini tadqiq qilish, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarini kasbiy rivojlantirish tamoyillari, nazariy va pedagogik jihatlarini ilmiy asoslashdan iborat. Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining metodik tayyorgarligini takomillashtirish va kasbiy rivojlantirish zaruriyatini belgilovchi bosh mezon bu inson oldiga qo‘yilgan maqsad bo‘lib, unga erishish uchun vazifalar belgilash, tashkil etiladigan faoliyatni oldindan rejalashtirish, amalga oshirish yo‘l-yo‘riqlarini tanlash va loyihalashtirish, maqsad va natijani muvofiqlashtirish zarur hisoblanadi. Demak, har bir o‘qituvchi o‘z-o‘zini kasbiy rivojlantirish uchun ma’lum darajada o‘z dunyoqarashiga, tafakkuri, tasavvuri va mavjud bilimiga, shaxsiy va kasbiy ehtiyojlariga asoslanadi. O‘qituvchilarda o‘z-o‘zini kasbiy rivojlantirish yo‘nalishida shakllantiriladigan ehtiyoj davlat va jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqishi lozim. Metodik tayyorgarlikni takomillashtirish va o‘z-o‘zini kasbiy rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoj yetarlicha shakllantirilsa, o‘qituvchilarda o‘z kasbiga oid yangiliklarni, fan-texnika yutuqlarini o‘rganishga qiziqish shakllanadi, bu o‘z navbatida o‘qituvchilarda mustaqil ta’lim olish ya’ni mustaqil o‘rganish, o‘zo‘zini rivojlantirish ko‘nikmalarini shakllantirishga, bu orqali o‘qituvchilarda metodik tayyorgarlikni takomillashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, o‘qituvchilarni o‘z faoliyatida ma’lum bir ijobiy natijalarga erishish, o‘qituvchilar jamoasida obru-e’tibor qozonish, o‘zini o‘zi boshqarish va rivojlantirish kabi ko‘nikmalarni shakllantiradi. Shuningdek, o‘qituvchilarning metodik tayyorgarligini takomillashtirish jarayonida muhim ahamiyat kasb etuvchi vositalardan biri muvaffaqiyatga bo‘lgan ehtiyoj bo‘lib, bu ma’lum bir vazifani mas’uliyat bilan bajarish orqali ko‘zlangan natijalarga erishishga xizmat qiluvchi – o‘qituvchini o‘zini o‘zi kasbiy rivojlantirish ehtiyoji hisoblanadi. O‘qituvchilarning o‘zini o‘zi kasbiy rivojlantirish uchun o‘qituvchiga xos bo‘lgan akmeologik pozitsiyaning mavjudligi (uning shaxsiy faoliyati), moslashuvchanlik (atrofdagi voqelik shartlaridan shaxsiy rivojlanish uchun foydalanish qobiliyati), jamiyatda o‘z salohiyatini amalga oshirish istagi, o‘zini anglashi va shuningdek, o‘zini o‘zi boshqarish orqali o‘z kasbiy faoliyatini yanada takomillashtirishga tayyorligi muhim omillardan biri hisoblanadi. Kasbiy faoliyat subyekti sifatida rivojlanishda subyektivlik, mutaxassisning malakasi va uning shaxsiy yetukligi kabi tendensiyalar ajralib turadi. O‘qituvchi professionallikni rivojlantirishga kasbiy rivojlanishning bosqichlari va darajasini (o‘z taqdirini o‘zi belgilash, moslashtirish, o‘zini namoyon qilish, o‘zini o‘zi anglash) egallash orqali erishadi. O‘qituvchilarga kasbiy o‘zini o‘zi rivojlantirishda tashqi va ichki sharoitlar ta’sir qiladi (o‘qituvchining o‘zi qobiliyatlari va moyilligi, atrof-muhitning xususiyatlari – oilaviy, kasbiy, o‘zini anglash xususiyatlari va aks etuvchi kompetensiya). Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari kasbiy ehtiyojlaridan kelib chiqib, metodik tayyorgarlikni takomillashtirish, kasbiy rivojlantirish uchun quyidagi vazifalarni tizimli va uzviy amalga oshirishlari muhim hisoblanadi:
– o‘zini o‘zi rivojlantirishga intilish;
– hayotiy va kasbiy tajribalarni o‘zlashtirishga intilish;
– ta’lim berish uchun yuqori darajadagi tayyorgarlik va motivatsiyaga ega bo‘lish;
– kasbiy faoliyatini innovatsion yondashuv asosida tashkil etish va o‘qitish jarayonini takomillashtirish uchun zaruriy bilim, ko‘nikma va malakalarni amaliyotga tatbiq etish.
Asosiysi, o‘qituvchini uzluksiz kasbiy rivojlantirish va shu asosda uning kasbiy va metodik tayyorgarligini takomillashtirishga erishish mumkin. O‘z-o‘zini kasbiy rivojlantirishga bo‘lgan ehtiyoj, bir tomondan, o‘qitishning o‘ziga xos xususiyati, uning ijtimoiy roli, ikkinchi tomondan, pedagogik faoliyatning doimiy o‘zgarib turadigan sharoitlari bilan bog‘liq bo‘lgan. “hayot davomida o‘qish” tamoyili bilan belgilanadi. O‘z-o‘zini rivojlantirish uzluksizlik, universallik, maqsadga muvofiqlik, integrativlik, umumiylik, individuallashtirish, o‘zaro bog‘liqlik va doimiylik, past darajadan yuqori darajaga o‘tishning doimiyligi, o‘zgaruvchanlik kabi tamoyillarga asoslanadi.