35.Pushtda qon yaratilishi. Dastlabki qon hosil bo`lishi embrion taraqqiyotining sariqlik xaltasida boshlanadi. Bu birinchi yoki angioblastik qon taraqqiyoti davridir. Sariqlik xaltasi devoridagi mezenxima hujayralari qon orolchalari shaklida ajralib chiqadi. Keyinchalik mezenxima hujayralari o`z o`siqlarini yo`qotib yumaloq shaklni oladi va qonning o`zak hujayralariga aylanadi. Sxematik ifodalash: birlamchi qon hujayrasi - megaloblast - megalotsit. Shuni ta’kidlash kerakki, megaloblastik eritropoez normal sharoitda faqat embrional davridagina uchraydi, voyaga yetgan organizmda esa faqat patologik holatlarda (kamqonlik, vitamin B]2 yetishmovchiligida) uchraydi. Uz yashash muddatini o`tagan megalotsitlar yemiriladi va tomirlarning endoteliy hujayralari tomonidan fagotsitoz qilinadi. Qolgan birlamchi qon hujayralaridan, masalan, sariqlik xaltasi tomirlarida ikkilamchi eritrotsitlar rivojlana boshlaydi. Ularning taraqqiyoti: birlamchi qon hujayralari ikkilamchi eritroblastlar polixromatofil normotsitlar oksifil normotsitlar -ikkilamchi eritrotsitlar. Embrional taraqqiyotning 4-5 haftasiga kelib sariqlik xaltasi atrofiyaga uchraydi va uning qon yaratish funksiyasi yo`qoladi. Shu vaqtdan boshlab xususiy embrional qon yaratilish davri boshlanadi. Eritrotsitlar va leykotsitlar jigar, taloq, timus, suyak ko`migi va limfa tugunlarida yaratiladi.
Jigarda qon yaratilishi. Embrional davrning beshinchi haftasidan boshlab jigar embrionda qon yaratilishi markazi bo`lib qoladi. Takomillashgan eritrotsitlar bilan bir paytda jigarda donador leykotsitlar, asosan takomillashgan neytrofil va eozinofillar ham ko`riladi. Voyaga etgan organizmdan farqli o`laroq, bu protsess oraliq bosqichlarni tashlab o`tib, ya’ni miyeloblast, promiyelotsit bosqichlarni o`tamasdan turib amalga oshadi. Donador leykotsitlar takomili: Birlamchi qon hujayrasi yetuk granulotsit. Jigarda gigant hujayralar - megakariotsitlar ham rivojlanadi. Barcha elementlarning taraqqiyoti jigarda tomirlardan tashqarida, ya’ni ekstravaskulyar amalga oshadi. Jigarda qon yaratilishi asta-sekin susayib boradi va embrional taraqqiyotning oxiriga kelib butunlay to`xtaydi.