Birinchidan, farmonda jamoatchilik nazoratini olib borishda muhim oʻrin tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari va siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish alohida belgilangan.
Ikkinchidan, joylarda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ishlarning holatini kompleks oʻrganish va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlab borish uchun Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tarkibida korruptsiyaga qarshi kurashish komissiyalarini tashkil etish tavsiya qilinmoqda.
Uchinchidan, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yanada oshirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish, ushbu sohadagi qonunbuzilish holatlari yuzasidan xabar bergan shaxslarni himoya qilishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish ta’kidlangan.
Toʻrtinchidan, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari faoliyatining chinakam erkinligini ta’minlash va ularni korruptsiyaga qarshi choralarni tayyorlash, oʻtkazishda va ijrosini monitoring qilishda ishtirok etishga jalb qilish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, farmonda davlat xizmatchilarining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirib borish, ularda korruptsiya va boshqa huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish vazifasi belgilab berildi. Bu norma, albatta, har bir mansabdor shaxsdan xulosa chiqarishni talab etadi.
Vaholanki, bugun har bir davlat xizmatchisi va huquqni muhofaza qiluvchi davlat organlari xodimlarining fe’l-atvoriga Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga boʻysunish va ularni hurmat qilish odobini singdirib borish oʻta muhim vazifadir. Farmonda nazarda tutilganidek, jamiyatimizda korruptsiyaga qarshi murosasiz kurash olib borilayotgan hozirgi davrda mansabdor shaxslarning huquqiy bilimi va madaniyati darajasiga nisbatan alohida talablar ishlab chiqish, qonunlarga hurmatsizlik qilgan mansabdor shaxslar toʻgʻrisida asoslantirilgan koʻrsatuvlar, eshittirishlar tashkil qilish, maqolalar chop etib borish, ularning qilmishi notoʻgʻri ekanligini ta’sirchan vositalar orqali koʻrsatib berish, albatta, oʻz samarasini beradi.
2020 yil 29 iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Oʻzbekiston Respublikasida Korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi PF-6013-son farmoni qabul qilinib, mazkur farmon asosida korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini, shuningdek, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarning tizimli sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etish hamda korruptsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga qaratilgan davlat va boshqa dasturlarni shakllantirish va amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Korruptsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil etildi.
Shuningdek, mazkur farmon asosida quyidagi chora-tadbirlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish belgilanligi ahamiyatli:
– 2020 – 2021 yillarda barcha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarida korruptsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi («komplayens-nazorat»)ni bosqichma-bosqich joriy etish;
– davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi faoliyati, shuningdek ushbu sohadagi davlat va boshqa dasturlar samaradorligini monitoring qilish hamda baholash imkonini beruvchi E-Anticor.uz elektron platformasini joriy etish;
– korruptsiya holatlari haqida xabardor qilish imkonini beruvchi maxsus mobil dasturiy ta’minotni joriy etish.
Xorijiy amaliyot tahlili shuni koʻrsatdiki, bozor iqtisodiyoti qonunlarga asoslangan mamlakatlarda korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat va xususiy sektor ishtirokchilarining xalqaro standartlar, qonun hujjatlari va boshqa zamonaviy usullarga muvofiq samarali faoliyat yuritishini ta’minlovchi muhim vositalardan biri oʻz tarkibida korruptsiyaga qarshi kurashish komplayens nazorat (compliance control) tizimini tashkil etish hisoblanadi.