Kvarsit – er qatlamining yuqori bosimi ostida mayda kvars donalarining kremniy sementlari vositasida zichlanishidan hosil bo‘lgan zich, kristall jins. Kvarsit o‘zining zichligi, yuqori mustahkamligi, mo‘rtligi va qattiqligi bilan boshqa jinslardan farq qiladi. U tabiatda oq, qizil, ko‘kimtir, to‘q qizil ranglarda uchraydi. Siqilishdagi mustahkamlik chegarasi 400 MPa dan kam emas. Zichligi 2500–2700 kg/m3, qattiqligi 7 ga teng. Kvarsit o‘tga chidamli buyumlar tayyorlashda, shuningdek, beton uchun chaqiq tosh sifatida ishlatiladi.
Asbest - serpantin guruhiga kiruvchi mineral bo‘lib, uni maydalasa yupqa, ingichka elastik tolalarga bo‘linadi. Asbest alangalanmaydi. U ishqor ta’siriga chidamli, tolasi yuqori mustahkamlikka ega bo‘lgan ashyo. Asbestsement va suv bilan qorishtirilganda turli qurilish qismlari va buyumlarini qoliplashga yarokli bo‘ladigan plastik qorishma hosil bo‘ladi va undan asbestsement buyumlari ishlanadi. Asbest ikki xil: xrizotil – och ko‘kimtir rangda, tolasi juda ingichka (0,0001 mm), mustahkamligi yuqori bo‘ladi; amfibol – rogovaya obmanka guruhiga kiruvchi mineraldir.
Qurilish sanoatida asosan xrizotil asbest ishlatiladi. Uning erish harorati 1500°S, ammo u kislotalar ta’siriga chidamsiz. Asbest o‘tga chidamli gazlamalar, asbestsement buyumlari, asbestli karton tayyorlashda va issiqlik izolyasiya ashyolarini ishlab chiqarishda keng qo‘llanadi.
Tog‘ jinslaridan ishlangan qurilish materiallari Tabiiy tosh Tabiiy toshlar zichligiga ko‘ra engil va og‘ir turlarga bo‘linadi. Zichligi 1800 kg/m3 dan kam bo‘lgan toshlarning tuzilishi serg‘ovak (vulqon tufi, pemza, ohaktosh-chig‘anoqtosh) bo‘lganligi uchun inshoot devorlaribop bloklar, engil beton va qorishmalar uchun to‘ldirgich sifatida keng ishlatiladi. Og‘ir tosh ashyolarning zichligi 1800 kg/m3 dan katta bo‘ladi, bularga granit, sienit, dioritlar kiradi. Bunday toshlardan qoplama va pardozbop ashyolar, pollar uchun toshtaxtalar yasaladi, shuningdek, gidrotexnika va yo‘l qurilishida ko‘plab ishlatiladi. Tabiiy toshlar ko‘priklar, metro va noyob me’morchilik yodgorliklari qurilishida ham ishlatiladi.
Devorlarning ichki va tashqi sirtlarini qoplashda ko‘pincha marmar, angidrid, granit kabi toshlar ishlatiladi. Sopol va issiqlikka chidamli buyumlar, bog‘lovchi moddalar, issiqshkni kam o‘tkazadigan ashyolar, shisha buyumlar tayyorlashda tog‘ jinslari xom ashyo sifatida ishlatiladi.