4- MAVZU. MENEJMENT PSIXOLOGIYASI: RAHBARLIK VA LIDERLIK 1.Psixologiyada boshqaruv muammosi.
2.Guruhlarda rahbarlik va liderlik.
3.Liderlik piramidasi.
4.Liderlik kapitali
PSIXOLOGIYADA BOSHQARUV MUAMMOSI Oxirgi yillarda inson omiliga e`tiborning ortib borishi munosabati bilan boshqarish psixologiyasi masalalariga ham qiziqish kuchaydi. Shu asosda ijtimoiy psixologiyaning maxsus bo`limi – boshqaruv psixologiyasi paydo bo`ldi. Boshqaruv psixologiyasi psixologiyaning shunday tarmog`iki, u boshqaruv faoliyati bilan bog`liq bo`lgan muammolarni, shaxs va shaxslar guruhi tomonidan boshqa guruhlar faoliyatini samarali tashkil etish va birgalikdagi faoliyatni amalga oshirishning psixologik mexanizmlarini o`rganadi.
Boshqaruv psixologiyasi – boshqaruv maqsadi va vazifalarni amalga oshirish davomida boshqaruv sub`yekti va ob`yekti o`rtasida yuzaga keluvchi munosabatni talqin etadi. Mutaxassislarning fikricha, boshqaruv psixologiyasining boshqa turkum vazifalari boshqaruv usullarini shakllantirish bo`lib, ushbu tadbir tashkilotning samarali faoliyatini ta`minlash maqsadidagi ta`sir etish imkoniyatlarini ishlab chiqishdan iboratdir.
Adabiyotlar tahlilidan ko`rinadiki, boshqaruv sub`yekti va ob`yekti masalasi – boshqaruv psixologiyasi fanidagi asosiy tushunchalardan sifatida e`tirof etiladi. Soha mutaxassislari, boshqaruv jarayonini ijtimoiy-psixologik nuqtai nazardan tahlil qilishar ekanlar, boshqaruv sub`yekti sifatida rahbarni, ob`yekt tarzida esa, xodimni va mehnat jamoasini tasavvur etish mumkin, deb ta`kidlashadi. Yana ularning fikricha, rahbar o`z faoliyatini tashkil etishi va o`zini o`zi boshqarishi, uni nafaqat boshqaruv sub`yekti, balki ob`yekti sifatida ham tushunish zaruratini kun tartibiga qo`yadi. Shu bois, rahbarning kasbiy mukammallashuvi, o`zini o`zi boshqarish malakalarini egallashi, tashkilot va xodimlar boshqaruvidagi asosiy mavzulardan biriga aylanadi. Boshqaruvning sub`yekti o`rganilganda esa (3.1-jadval), odatda boshqaruvchi shaxs yoki odamlar guruhi nazarda tutiladi.