SHaxsiy bilim. Bilim shakllari to‘g‘risida so‘z yuritar ekanmiz, M.Polani tomonidan
ishlab chiqilgan shaxsiy bilim konsepsiyasini chetlab o‘tishimiz mumkin emas. Olim o‘z
konsepsiyasini tuzishda bilim – anglash mumkin bo‘lgan narsalarni faol o‘zlashtirish, alohida
mahorat va alohida vositalarni talab qiluvchi harakat, degan tamoyildan kelib chiqqan.
Madomiki fanni odamlar yaratar ekan, bilish faoliyati jarayonida olinadigan bilimlarni (xuddi
shu jarayonning o‘zi kabi) odamlardan ajratish mumkin emas. Demak, odamlarni (aniqrog‘i, o‘z
qiziqishlari, maqsadlari va mo‘ljallariga ega bo‘lgan olimlarni) ular yaratayotgan bilimlardan
ajratib yoki boshqa odamlar bilan almashtirib bo‘lmaydi.
Ijtimoiy bilim asosan o‘zi o‘rganayotgan borliqning sifat tomonini tavsiflashga qarab
mo‘ljal oladi. Bu erda hodisalar va jarayonlar miqdor va umumiylik nuqtai nazaridan emas, balki
sifat va xususiylik nuqtai nazaridan o‘rganiladi. SHu sababli miqdor metodlarining ulushi bu
erda tabiiy-matematik siklga mansub fanlarga qaraganda kamroq. Biroq bilimning
matematikalashuvi, kompyuterlashuvi jarayonlari bu erda ham tobora kengroq tus olib
bormoqda.
«Inson borlig‘i», ijtimoiy bilim predmeti sifatida, o‘ziga xos xususiyatga ega
bo‘lganligi tufayli, unda matematik apparatdan foydalanish ancha mushkul. Bu sohaga
matematik metodlarni tatbiq etishga ijtimoiy ob’ektlarning o‘ta individualligi (va hatto
betakrorligi), sub’ektiv (shu jumladan sof irratsional) jihatlar doimo mavjudligi, nazorat qilib
bo‘lmaydigan, tasodifiy munosabatlarning ko‘pligi, ma’nolarning mujmalligi, nomukammalligi
va hokazolar xalaqit beradi.
Biroq bu ijtimoiy fanlarni matematikalashtirish mutlaqo mumkin emasligidan dalolat
bermaydi. Bu borada toq to‘plamlar nazariyasiga katta umid bog‘lanmoqda. Toq to‘plamlar
deganda chegaralari aniq bo‘lmagan to‘plamlar tushuniladi, bunda elementlarning mazkur
to‘plamga mansubligidan unga mansub emasligiga o‘tish keskin emas, balki asta-sekin yuz
beradi.