19.O‘z hududidagi muzeylar dislokasiyasini o‘rganish.
Har qanday davlat taraqqiyot sari intilar ekan, doimo tarixga nazar tashlab, mavjud urf-odatlar, anʼanalar va qadimiy yodgorliklarni o‘rganishga va saqlashga intilishi tabiiy. Ayniqsa bu borada muzeylarning o‘rni beqiyosdir. Chunki muzeylar o‘tmishdan kelgan tarixiy madaniyat, maʼrifat, tabiat yodgorliklarining yaxlit tizimiga solingan yig‘indisi bo‘lib amaldagi qonun-qoidaga muvofiq ravishda saqlanadi va namoyish qilinadi.
1977-yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan 11-Xalqaro muzeylar konferensiyasida Xalqaro Muzeylar kengashining Bosh konferensiyasi qarori tasdiqlangan. Unga ko‘ra 18-may muzey kuni deb belgilandi. 1999-yildan boshlab esa yurtimizda muzeylar kunini nishonlash O‘zbekiston madaniy hayotining muhim voqealaridan biriga aylandi.
Muzeylar-tarixning sirli xilqatlarini o‘zida mujassam etgan holda xalqlar madaniyatini, qadriyatlarini tarannum etuvchi maskan va davlatlarni bir-birlariga yaqinlashtiruvchi ko‘prik hisoblanadi. Shu bilan birga, xalqning maʼnaviy dunyosini boyitish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda ham muzeylarning o‘rni beqiyos. Muzeylar har bir xalq tarixi, madaniyati, turmush tarzi, milliy anʼana va qadriyatlarini o‘rganish, ularni targ‘ib etish va kelgusi avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, dunyodagi ilk muzey Museon deb nomlanib, o‘quv maskani ko‘rinishida bo‘lgan va taxminan eramizdan avvalgi 290-yili Aleksandriyada Ptolomey-1 tomonidan tashkil etilgan. Uning tarkibida turar joylar, ovqatlanish hamda mutolaa xonalari, o‘simlik va hayvonot bog‘lari, rasadxona hamda kutubxona ham bo‘lgan. Keyinchalik esa, tibbiyot va astronomiyaga oid jihozlar, jonivorlarning qotirilgan nusxalari va shu kabi o‘quv jarayonlarida asqatadigan turli namoyish qurollari ham muzeydan o‘rin ola boshlagan. Muzeylar dastlab badiiy asarlar majmuiga, keyin esa moddiy va maʼnaviy maʼrifiy yodgorliklarni yig‘uvchi va saqlovchi muassasaga aylangan. Jumladan, milliy anʼana hamda qadriyatlarimizni tiklash, boy merosimizni chuqur o‘rganish, uning mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib etishga katta eʼtibor qaratila boshlandi. Bugungi kunda mamlakatimizda turli yo‘nalishda 1200 dan ortiq davlat va nodavlat muzey faoliyat ko‘rsatmoqda. Ushbu madaniyat maskanlari ajdodlarimizdan bizga meros bo‘lgan boylikni kelajak avlodga yetkazib beradigan ilmiy, maʼnaviy-maʼrifiy xazina bo‘lib, u yillar davomida boyitilib, tarixdan meros bo‘lgan ashyolar, insoniyat ijodi mahsuli sifatida yaratilgan sanʼat asarlari saralanib, muzeylardan joy olib, umuminsoniy boylikka aylantirilmoqda. Temuriylar tarixi Davlat muzeyi, O‘zbekiston tarixi Davlat muzeyi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi, Olimpiya shon-shuhrati muzeyi kabi o‘nlab maskanlar barpo etilgani va Samarqand, Buxoro, Xiva shaharlaridagi ochiq osmon ostidagi muzeylar qaytadan taʼmirlangani fikrimiz tasdig‘idir. Poytaxtimizga tashrif buyurgan mehmon sayohati davomida, albatta, Temuriylar tarixi Davlat muzeyida ham bo‘ladi. Ushbu muhtasham majmuada Amir Temur va temuriylar davri tarixi, madaniyati, sanʼati bilan yaqindan tanishish mumkin.
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyidagi osori-atiqalar esa o‘zbek davlatchiligi tarixining naqadar qadimiyligi va yuksakligi to‘g‘risida so‘zlaydi, qolaversa, har bir davrga oid ashyolar betakrorligi bilan kishida hayrat tuyg‘usini uyg‘otadi. Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi ko‘rgazmalari Vatanimiz mustaqilligi yo‘lida qurbon bo‘lgan fidoyi farzandlar to‘g‘risida maʼlumot beradi. Bu muzey yosh avlod ongida istiqlol neʼmatining naqadar bebaho va yuksak ekanligi, uning qadriga yetish kerakligi haqida yanada teran fikr uyg‘otadi. Termiz arxeologiya muzeyida saqlanayotgan arxeologik topilmalar ham noyobligi, ilmiy tadqiqotlar uchun manba bo‘la olishi bilan qadrlidir. Olimpiya shon-shuhrati muzeyi istiqlol yillarida mamlakatimiz sportchilarining eng nufuzli xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritgan ulkan muvaffaqiyatlari to‘g‘risida keng maʼlumot yetkazadi. O‘zbekiston xalq amaliy sanʼati, O‘zbekiston davlat sanʼat muzeylaridagi eksponatlar xalqimizning boy hunarmandchilik xazinasi, o‘ziga xos tasviriy sanʼat asarlari, ularning janrlarini tarannum etadi. Qadimiy shaharlarimizdagi ochiq osmon ostidagi muzeylar esa dunyoning turli tomonlaridan kelayotgan sayyohlarni hayratda qoldirmoqda va ularning oqimi yildan-yilga xalqaro darajada muzeylarimizga bo‘lgan qiziqish ortib boryapti. Muzeylar maʼnaviy yetuk, komil insonni tarbiyalashda o‘ziga xos o‘rin tutadi. Saqlanayotgan tarixiy ashyolar, nodir qo‘lyozmalar, hujjatlar avlodlarga tarixdan, ajdodlarimiz hayoti, yuksak maʼnaviyatidan hikoya qiladi. Bu esa yoshlar qalbida ota-bobolarimiz qoldirgan merosga hurmat, eʼzoz va muhabbat tuyg‘usini uyg‘otish bilan birga, ularda shu aziz Vatanga munosib farzand bo‘lish tuyg‘usini ham shakllantira oladigan maskandir. Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bo‘lgan muzeylar yosh avlodga xalqimizning qadimiy va boy tarixi, o‘ziga xos madaniyati, istiqlol g‘oyalarini yanada teran anglashga ko‘maklashmoqda. Aytish joizki, muzeyshunoslik keng fan tarmog‘i bo‘lib, o‘zida tarix, arxeologiya, sanʼatshunoslik, sotsiologiya, pedagogika, falsafa, estetika, kompyuter texnologiyalari kabi bir qator sohalarni qamrab olgan. Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida muzeyshunoslik yo‘nalishi faoliyat yuritadi, aynan ushbu taʼlim dargohi soha uchun kadrlar tayyorlab beradigan yagona ilm maskani hisoblanadi. Muzeylar maʼnaviy va maʼrifiy ilm o‘chog‘i sifatida doim taraqqiyotda, rivojlanish va o‘zgarishda. Ularning zaxiralarini doimo boyitib borish, to‘plangan muzey ashyo va kolleksiyalarini kelajak avlodlarga bus-butun holatda yetkazish, asrab-avaylash har birimizdan alohida masʼuliyat talab etadi.
Dostları ilə paylaş: |