Rangning to‘yinganligi — bo‘yalayotgan obyektdagi xromatik va axromatik ranglarning bir xil yorug‘likdagi ko‘rinishining farqidir.
Pardozbop qurilish ashyolarining rangini unga har xil rangdagi pigmentlar qo‘shish orqali ham o‘zgartirish mumkin. Pigmentlar, asosan pardozbop qurilish ashyolarini ishlab chiqarishda ko‘plab ishlatiladi. Chunki pardozbop qurilish ashyolarining arxitektura shakli binoning ko‘rkamligini aniqlab beradi.
Faktura — bu pardozbop ashyolarning yuzasi tuzilishining ko‘rinishi. Ya’ni ularning jiloli, yaltiroq, silliq va relyefli tasvir turlaridir.
Tekstura — bu yog‘och, tabiiy tosh va boshqa ashyolar yuzasidagi tabiiy tasvir. Pardozbop qurilish ashyolarining tasviri etalon namunalar bilan solishtirib aniqlanadi. Bunda ularning o‘lchamlari va ranglarining keskin farq qilishi katta ahamiyatga ega. Tasvir qora rangga nisbatan och ranglarda ravshan ko‘rinadi.
Pardozbop qurilish ashyolarining estetik xossalari bino va inshootlarga arxitektura shaklini berishda muhim o‘rin tutadi. Tabiiy qurilish ashyolari bilan bir qatorda sun’iy pardozbop qurilish ashyolari ishlab chiqarish jarayonida, ularga arxitektura shaklini berish bilan estetik xususiyatini yaxshilash mumkin. Hozirgi kunda turli tasvir va ranglarni beton, plastmassa va boshqa ashyolarga berish rivojlanib bormoqda.
QIZIQARLI MA’LUMOTLAR
DUNYONING YETTI MO‘JIZASI
Qadimdan Jahon xalqlarini hayratga solib kelgan qadimiy mashhur inshootlar va haykaltaroshlik yodgorliklarini san’at mo‘jizalari deb atashgan. Afsuski, inson aql-zakovati va qo‘ligul ustalar yaratgan bu ajoyib yodgorliklardan bizning davrimizgacha, afsuski bittasigina yetib kelgan, xolos. U ham bo‘lsa, Misr ehromlari — piramidalaridir. Misr poytaxti — Qohiraning janubida, Nil vodiysining Liviya sahrolari boshlanadigan qaynoq qumlar ustida oq va sarg‘ish rangli, o‘tkir qirrali bahaybat sun’iy «tog‘» ko‘zga tashlanadi. Bular ehromlardir.
XIII asrda yashagan sayyohlardan biri bu ehromlarni ko‘rib: «Dunyoda hech bir narsa vaqtga dosh berolmaydi, lekin bu ehromlardan vaqt ham hayiqadi», degan edi. Chindan ham bu ulkan sag‘analar bugungi kunimizda ham xuddi qadimgiday salobat bilan turibdi. Ehromlarning eng yuksagi fir’avn Xufu (Xeops) piramidasidir. Uning balandligi 147 metr, bundan qariyb 5 ming yil ilgari, ya’ni miloddan avval VIII asrda qurilgan. Xufu ehromining har bir tomoni 233 metrga teng, atrofini bir marta aylanib chiqish uchun bir kilometrdan ko‘p yo‘l bosish kerak. Bu ehrom silliqlab tarashlangan va jilo berilgan 2 mln 300 mingta ohaktosh plitalaridan tiklangan. Har bir plitaning og‘irligi ikki tonnaga yaqin. Kattaligi jihatidan Xufu ehromidan keyin fir’avn Xafra (Xefren) piramidasi turadi. U Xufu ehromidan 2 metr past. Ehrom oldida yaxlit qoya tiklanib, unga bosh qismi odam boshiga o‘xshatib ishlangan sher shaklini eslatuvchi haykal yasalgan. Bu haykal Sfinks deb ataladi. Sfinks obrazi inson kabi donolik va sher kabi kuchlilik ramzini ifodalaydi. Mahalliy aholi uni «Abul Xavl dahshat otasi» deb yuritadi. Misrdagi bu topilmalar XX asrda butun dunyoga mashhur bo‘lib ketdi. Ayniqsa, Tutanxamon sag‘anasining topilishi juda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu fir’avnning piramidasi bizning kunlarimizgacha saqlanib qolganining o‘zi mo‘jizadir. Tutanxamon ehromi miloddan avval qanday qurilgan bo‘lsa, olimlar ko‘z o‘ngida shundayligicha namoyon bo‘ldi. Maqbara ichidan Qadimgi Misr saroylariga oid anchagina boyliklar — oltin va kumushdan yasalgan haykalchalar, turli idishlar, muhrlar topildi. Maqbaradagi juda ko‘p jihozlar, oltin buyumlar va niqoblar bilan bezatilgan fir’avnning mo‘miyolangan jasadiga qo‘l tekkizilmagan edi.
Dostları ilə paylaş: |