Yakuniy suhbat. Bu suhbat turi bolalarning ko'rgan-eshitgan narsalari haqidagi bilimlarini aniqlash va uni mustahkamlash maqsadida o'tkaziladi.
Tarbiyachi bolalarni pomidor ko'chati ekilgan yerga boshlab borib, ko'chatni parvarish qilish kerakligi va bu ish nimadan iborat ekanligi haqida suhbat o'tkazib, parvarish bilan bog'liq bo'lgan ishlar bajarilgach, oradan bir hafta o'tgach, „Biz pomidor ko'chatini qanday ekdik va parvarish qildik" mavzusida yakuniy suhbat o'tkazadi.
Ushbu suhbat jarayonida bolalarga quyidagi savollarni berish mumkin:
Biz o'tgan haftada qayerga borgan edik?
U yerda biz nimani kuzatgan edik?
Biz tuvakdagi pomidor ko'chatini qayerga ekkan edik?
Har kim o'z ko'chati yoniga qanday belgi qo'ygan edi? Buni nima uchun qilgan edi?
Nima uchun pomidor ko'chatiga o'g'it solinadi?
Ko'chatga suvni nimada quydingiz? Nima uchun leykada suv quydingiz?
Pomidor ko'chatlari uchun quyosh nuri nima uchun kerak?
Bizning ekin maydonimizda yana qanday sabzavotlar bor? Ular nima uchun kerak?
Tarbiyachi bolalar javobini to'ldiradi va suhbatni sabzavotlar to'g'risidagi she'rlar yoki topishmoqlar aytish bilan tugatadi.
Har bir suhbat 3 qisradan iborat bo'Iadi: 1) suhbatni boshlash; 2) suhbatning borishi; 3) suhbatni yakunlash.
Suhbat mashg'ulotini tashkil etishda asosiy o'rinni suhbatni boshlash qismi egallaydi. Suhbatni boshlashda bolalar e'tibori biror-bir narsa yoki suratni ko'rishga yoki bo'lmasa, ularga tanish bo'lgan hodisalarni eslashga qaratiladi. Ba'zan suhbatni quyidagi jumlalarni aytish bilan ham boshlash mumkin: „Men ko'pincha o'ylab qolaman, baliqlar akvariumda o'zlarini qanday his qilar ekanlar...", „Bugun men avtobusda emas, trolleybusda kelishimga to'g'ri keldi va shunda o'ylab qoldim, mening bolalarim qanday transportlarga tushish mumkinligini bilisharmikan?", „Bolalar, kim biladi, mening qo'limdagi nima?" Ba'zan tarbiyachi suhbatni suhbat mavzusiga yaqin bo'lgan topishmoq yoki she'r aytib berishdan ham boshlashi mumkin.