2. Bolalarda ravon nutqni rivojlantirish — maktabgacha ta’lim muassasasining asosiy vazifasi hisoblanadi, maktabgacha yoshining nihoyasiga" kelib bola kattalarga xos bo‘lgan og‘zaki nutqning asosiy shakllarini egallashi, ya’ni ravon nutqning ikki shakli — dialogik va monologik nutqni egallab olishi shart.
Nutq madaniyati ─ ijtimoiy madaniyatni, kishilik jamiyati madaniyatini aks ettiruvchi bir ko‘zgudir. Nutq madaniyati adabiy tilning har ikki shakli ─ yozma va og‘zaki shakli uchun zarurdir. Nutq madaniyatiga e’tibor yolg‘iz o‘qituvchilardan emas, balki har bir fuqarodan ongli ravishda o‘zlashtirish talab qilinadigan insoniy fazilatlardan biridir. Uni egallash har bir o‘qituvchining va shaxsning madaniy saviyasi va bilimiga bog‘liq. O‘qituvchi pedagogik mahoratida nutq madaniyati, uning nafaqat ma’naviy va axloqiy jihatdan boyligini, balki bilimini tafakkurini, ilmiy dunyoqarashini, fikr va mushohada yuritishini belgilovchi me’yordir. O‘qituvchining nutq madaniyati birdaniga shakllanib maromiga yetadigan jarayon emas, u pedagogik mahorat bilan, kasb faoliyati davomida, tajribali ustozlar o‘giti natijasida yillar davomida takomillashib, sayqallanib boraveradi. O‘qituvchining nutqiy qobiliyati madaniy, kasbiy, pedagogik talablar asosida shakllanib boradi. Uni rivojlantirish faqat o‘qituvchining shijoatiga bog‘liq. Shu qobiliyat tufayli tarbiyachining nutq madaniyati ham shakllanib boradi. Quyidagi tarbiyachining nutq madaniyatiga xos bo‘lgan vositalarni pedagog-tarbiyachi unutmasligi kerak:
1. Nutq madaniyati tarbiyachining ma’naviy-axloqiy kamoloti tarkibiy qismidir. Zero nutq, millatimiz erishgan madaniyat darajasini ko‘rsatuvchi, o‘z ona tilimizga e’tiqodni namoyish etuvchi yorqin va ishonchli dalildir.
2. Nutq madaniyati tarbiyachilarni ma’naviy va madaniy saviyasi bilan, hamda adabiy tilni mukammal bilishi bilan boshqa kasb egalaridan ma’lum ma’noda ajratib turadi.
3. Nutq madaniyatining pirovard maqsadi erkin fikr egasi bo‘lgan barkamol avlodni qanday kasb egasi bo‘lib yetishishidan qat’iy nazar ma’naviy jihatdan tarbiyalash.
4. Nutq madaniyati ─ bu avvalo, tarbiyachilarda nutqiy ko‘nikma va nutqiy malakalarni hosil qiladi. Bu ko‘nikma pedagogik faoliyatda takomillashib boradi, maxsus mehnat va mashqlar evaziga malaka oshiriladi hamda erishilgan muvaffaqiyatlar tufayli qobiliyat va mahorat shakllanadi.
5. Nutq madaniyatiga o‘zbek adabiy tilini mukammal egallash asosida erishiladi. Buning uchun tarbiyachi adabiy til qonuniyatlarini bilishi, badiiy adabiyot asarlarini doimiy o‘qib borishi, she’rlar yod olishi va uni ifodali o‘qiy olishi, radio va televidenie eshittirishlarini kuzatib borishi lozim.
6. Nutq madaniyatini egallashning yana bir ko‘rinishi nutqiy taqlid bo‘lib, yosh tarbiyachilar o‘zidan yaxshiroq, chiroyliroq, ma’noli va ta’sirchan nutq so‘zlaydigan ustoz murabbiylarning nutqiy san’atiga havas bilan qarashi va taqlid qilishi asosida o‘rganishi mumkin.
Maktabgacha ta’lim muassasasining vazifasi – bolalarda ravon so‘zlashuv nutqni (dialogik nutq) va monologik nutqni rivojlantirishdan iborat. So‘zlashuv nutqini shakllantirysh vazifasi ko‘p qirrali. Maktabgacha bosqichdagi kichik yoshli bolalarda ularga qaratilgan nutqni tinglash va tushunish, bir-birini tinglash, savollarga javob berish va o‘zi ham savollar berishi, suhbat mavzusi bo‘yicha izchil javob berish qobiliyati shakllamadi. Nutqning ushbu ikki turlari o‘rtasidagi farq matn ichidagi gapning mantiqiy aloqa turi bilan belgilanadi. Monolog doimo vaqtli yoki sabab-oqibatli aloqada bo‘ladigan (bir-biriga nisbatan) borliq faktlari haqida xabar qiladi.
Vaqtinchalik aloqa ikki tomonlama bo‘lishi mumkin: faktlar haqiqatdan ham bir vaqtdalik yoki ketma-ketlik munosabatlarida bo‘lishi mumkin. Bir vaqtning o‘zida mavjud bo‘ladigan faktlar haqidagi xabarlar tavsif deb ataladi. Faktlar ketma-ket keladigan xabar bayon qilish deyiladi. Sabab-oqibatli munosabatlarda bo‘lgan faktlar haqidagi xabarlar esa mulohaza deb yuritiladi.
Har bir kishi hayotida ravon nutq muhim ahamiyatga ega bo‘lib, u uchtaasosiy vazifani bajaradi: individuallararo, ichkiindividual va umuminsoniy. Nutq vazifasi uning ontogenezdagi haqiqiy rivojlanish jarayoni bosqichini aks ettiradi, ularning har biri o‘ziga xos xususiyatlarga egadir:
1-vazifasi – individuallararo – kishilar o‘rtasidagi muloqot vositasidir. Ushbu holatda nutq og‘zaki nutq – monolog, dialog, bir nechta odamlar suhbati sifatida chiqadi.
2-vazifasi – ichkiindividual – bu yerda nutq ko‘plab ruhiy jarayonlarni (fikrlash, diqqat-e’tibor, xotira, tasavvur va boshq.) aniq-tiniq anglash darajasiga ko‘targani hamda shaxsga ruhiy jarayonlarni tartibga solish va nazorat qilish imkonini bergani holda ularni amalga oshirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
3-vazifasi – umuminsoniy – bu o‘rinda nutq alohida bir odamga umuminsoniy ijtimoiy-tarixiy tajriba xazinasidan axborot olish imkonini beradi. Ushbu holatda – bu grafik ramzlar va belgilarda moddiylashtirilgan yozma nutqdir.
Maktabgacha yoshdagi bolalarning kundalik faoliyatlari bilan tanishishda va turli voqea-hodisalarni kuzatish natijasida hosil bo‘lgan bilimlarini aniqlashda eng zaruriy vosita, albatta ularning nutqi sanaladi. Bolalarning lug‘at boyligi hamda tilning grammatik tomonini qanchalik egallaganiga qarab uning so‘zlashuv nutqining rvojlanganlik darajasini aniqlash mumkin bo‘ladi. Ko‘rinib turibdiki, bolalarga bilim hamda tarbiya berishda nutqiy savodxonlikka o‘rgatish katta ahamiyatga egadir. Maktabgacha yoshdagi bolalarda so‘zlashuv nutqining mavjudligi - bu o‘zgalarning nutqini tinglash va tushunish, fikrlash, beriladigan savollarga javob berish va o‘zi ham savollar berish imkonini beradi.
Ma’lumki, muloqotdagi odamlardan biri gapirsa, ikkinchisi tinglaydi, eshitadi. Muloqotning samaradorligi ham shu ikki qirraning o‘zaro mosligi, bir - birini to‘ldirishiga bog‘liqdir. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, biz bolalarni nutqi ustida ishlaganimizda, ularning muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish borasida o‘ylaganimizda mana shu ikki qirrani birdek olib boramizmi? Biz bolalarni muloqotga o‘rgatyotganimizda, ularni faqat mantiqan asoslangan so‘zlardan foydalanib gapirishga, nutqning ta’sirchanligiga e’tiborli bo‘lishga o‘rgatamiz. Muloqotning zaruriy tomonidan bo‘lgan - tinglash qobiliyatiga deyarli e’tibor berilmaydi. Mashhur amerikalik notiq, psixolog Deyl Karnegi “Yaxshi suhbatdosh - yaxshi gapirishni biladigan emas, balki yaxshi tinglashni biladigan suhbatdoshdir” deganda aynan shu qobiliyatlarning insonlarda rivojlangan bo‘lishini nazarda tutgan edi. Aslida tinglash hayotimizning asosiy omillaridan sanaladi. O‘zimiz bilmagan holda unga bog‘langanmiz. Shuning uchun bo‘lsa kerak, nemis faylasufi A.Shopengauer “Odamlarni o‘zingiz to‘g‘ringizda yaxshi fikrga ega bo‘lishlarini xohlasangiz, ularni tinglang” deb yozgan ekan. Haqiqatdan ham, kuyunib gapirsangizu, suhbatdoshingiz tinglamasa, boshqa narsaga chalg‘isa, undan ranjiysiz. Bunday holat sizda faqat ranjishn keltirib chiqaradi, xolos. Lekin bolalarda biroz boshqacha. Ularning endi o‘sib kelayotgan ongi, ruhi sinib qolishi mumkin. Bolalar bilan muloqotda ularni har qanday holatda ham tinglash zarur sanaladi.
Aniqlanishicha, ishlayotgan odamlar vaqtining 45%i tinglash jarayoniga ketar ekan. Odamlar bilan doimiy muloqotda bo‘ladigan kasb egalari 35-40% oylik maoshlarini odamlarni «tinglaganlari» uchun olarkanlar. Xulosa qilinsa, muloqotning eng qiyin ko‘rinishlaridan hisoblangan tinglash qobiliyati ko‘proq foyda keltirishi bilan ham ahamiyatli ekan. Odobsizlikning eng keng tarqalgan ko‘rinishi o‘qituvchi gapirayotgan paytda uni tinglamaslik ekan. Tan olishimiz kerakki, biz ko‘pincha yaxshi so‘zlovchi bo‘la olamiz-u, shu o‘rinda yaxshi tinglovchi bo‘la olmaymiz. Psixologlarning fikricha, bu borada bizning xohishlarimiz, o‘z fikr - o‘ylarimiz og‘ushida bo‘lib qolishimiz bunga halaqit berar ekan. Darhaqiqat, ba’zan rasman sherigimizni tinglayotganday bo‘lamiz-u, lekin aslida-chi, xayolimiz boshqa yerda bo‘ladi. Bolalarda esa bunday holat deyarli kuzatilmaydi. Sodda qalb egalari aldashni bilishmaydi, rostmanasiga seni eshitadi yoki yo‘q.
Suhbatdoshni diqqat bilan tinglash, ikki tomonda o‘z-o‘zlariga va bir-birlariga bo‘lgan ham ishonchni, ham hurmatni oshiradi. Demak, tinglash jarayoni ko‘pchilik tasavvur qilganidek passiv jarayon hisoblanmaydi. U muloqotning samarali bo‘lishida muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, bu jarayon bolalarda o‘zining mevasini berishi aniq. Sababi tinglashayotganiga ishongan gapiruvchi bolani bu jarayon ilhomlantiradi, uni ruhlantiradi. Bolalarni tinglash yangi g‘oyalar, fikrlarning shakllanishiga sharoit yaratadi. Ijtimoiy psixologiyada odamlarni samarali muloqotga o‘rgatishga katta e’tibor beriladi. Psixologik savodxonlik bilan birga muloqot texnikasini egallash muloqot jarayonida ishtirok etuvchilarda gapirish va tinglashda faol bo‘lishni va muloqot samarali tashkil qilinishini ta’minlaydi.