uchinchidan, qonun hukmidan qoniqmaslik, odatda uni «adolatsiz» hukm deb bilish tariqasida his-hayajonning, ichki ruhiyatning jumbishga kelishi, nafrat hissining qo‘zg‘alishi ham o‘z navbatida jinoiy guruhlarning paydo bo‘lishiga asosiy motiv bo‘lib xizmat qilishi;
to‘rtinchidan, jinoyatchilar dunyosining ta’siriga tushib qolish, uni targ‘ib qiluvchi g‘oyalarga emotsional holatda berilib ketish natijasida ongli va ongsiz tarzda jinoiy guruh tuzilib qolishi;
beshinchidan, mavjud qonunlarni bilmaslik, undan yetarli darajada xabardor bo‘lmaslik natijasida, yoshlik, uquvsizlik, shunchaki qiziqish tufayli jinoiy guruh tuzish yoki unga aralashib qolish ehtimolining mavjudligi;
oltinchidan, aniq bir maqsadni ko‘zlab, ma’lum reja, motiv asosida jinoyat sodir etish uchun birlashish natijasida paydo bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, jinoiy guruhlarning shakllanishiga olib keluvchi maxsus psixologik omillar ham mavjud, ularga:
«birlashmay turib» jinoyat sodir etib bo‘lmasligi;
jinoiy manfaatlarning umumiyligi;
shaxsiy mayllar;
umumiy axloq normalari, umumiy e’tiqodlar, huquqiy ongdagi o‘xshash nuqsonlar va shu kabilar kiradi.
Jinoiy guruhlarga quyidagi belgilar xosdir (ular ushbu guruhlarning uyushqoqlik darajasiga ko‘ra ko‘p yoki kam darajada namoyon bo‘ladi):
uyushganlik – qat’iy iyerarxik tuzilishning mavjudligi, qattiq intizom, quyi bo‘g‘inlarning yuqori bo‘g‘inlarga bo‘ysunishi;
barqarorlik – uzoq muddatli va barqaror jinoiy aloqalar hamda fosh bo‘lganidan va jinoiy ta’sir chorasi qo‘llanilganidan keyin tiklanish (butunlay yoki qisman);
a’zolarning bir-biriga tortadigan motivatsion asos, jumladan ularning g‘arazli shaxsiy manfaat va ehtiyojlari majmui;
jinoiy guruh a’zolarining guruh maqsadlari, dasturi, nizomida o‘z ifodasini topadigan motivlari;
himoyalanganlik – tuzilmada himoya, ta’minot bloklarining, ruhiy ta’sir va jismoniy zo‘rlik apparatining mavjudligi.
Ishtirokchilikning uyushgan shakllariga uyushgan guruh va jinoiy uyushmalar kiradi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 29- moddasining 4-qismida «uyushgan guruh» tushunchasi ko‘rsatilgan bo‘lib, unda «ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi uyushgan guruh deb topiladi»1, deyilgan. Bu bilan qonun «jinoiy faoliyat» uyushgan guruhning zaruriy belgisi ekanligini ko‘rsatmoqda. Biroq, Jinoyat kodeksida «jinoiy faoliyat»ga ta’rif berilmagan. Xo‘sh, unda «faoliyat» so‘zining o‘zi nimani anglatadi?
Faoliyat – insonning turmush kechirish usuli. Bu tushuncha inson ongli ravishda ishtirok etadigan, maqsadga yo‘naltirilgan jarayonni bildiradi. Faoliyat odam ehtiyojini qondirish vositasi sifatida vujudga keladi. Lekin bu faqat vosita va sharoitdangina iborat bo‘lmaydi, balki turmushning shakli va usuli hisoblanadi. Faoliyatda insonning o‘zi shakl- lanadi, uning qobiliyati rivojlanadi. Inson faoliyatining boshlang‘ich shakli – mehnat, moddiy amaliyot hisoblanadi. Mehnat faoliyati jismoniy mehnat va tafakkurdan iborat bo‘lib, bir-birini o‘zaro taqozo etadi. Maqsad, predmet, vosita va natija faoliyatning zaruriy jihatlaridir.
«Faoliyat» tushunchasining mazmunidan ko‘rinib turibdiki, u insonning turmush tarzini anglatadi. «Faoliyat» tushunchasini jinoiy faoliyat bilan taqqoslab shuni aytish mumkinki, jinoiy faoliyat bir necha ijtimoiy xavfli qilmishlarni doimiy sodir etishda yoki jinoyat sodir etishni «kasb» qilib olishda namoyon bo‘ladi.
1 Qarang: Ўзбекистон Республикасининг Жиноят кодекси. – Т., 2008. – Б. 13.
Uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishi muammosiga ko‘pgina olimlar tushuncha berishga harakat qilgan, ammo ularning mulohazalari turlicha bo‘lib, hanuzgacha yagona fikr mavjud emas. Jumladan, A. I. Gurov «jinoiy faoliyat jinoyatchilarning asosiy yoki qo‘shimcha foyda olish manbai»1, deb yozadi
Bu fikr chuqurroq tahlil qilinsa, ayrim uyushgan guruhlarga mos kelmasligi ko‘rinadi. Masalan, shaxslarning milliy, irqiy yoki diniy mansubligiga qarab, ularning qonuniy manfaatlariga zarar yetkazish maqsadida tuzilgan uyushgan guruh; genotsid jinoyatini sodir etish uchun birlashgan guruh; doimiy ravishda nomusga tegish jinoyatini sodir etish uchun birlashgan guruh va boshqalar.
Huquqshunos olimlar A. S. Yakubov va R. Kabulov quyidagi belgilarni ajratishgan va ularning yig‘indisi guruhni uyushgan deb hisoblash uchun jinoiy-huquqiy asos bo‘lishini ta’kidlashgan:
oldindan til biriktirish;
jinoiy faoliyat bilan hamkorlikda shug‘ullanish uchun birlashish;
uyushganlik.
Yuqorida keltirilganlar olimlar bergan ta’rif bu borada masalaning mohiyatini aniqroq ifodalaydi. Ya’ni, «jinoiy faoliyat – ayrim jinoyat tarkiblari yig‘indisidan iborat yagona tizimni vujudga keltiruvchi, tashkillashgan bir necha qilmishlardan iborat»2, deyilgan. Bu ta’rif qisqa bo‘lishiga qaramay, bir necha jinoyatlarni sodir etish faqat yagona tizim shaklida jinoiy faoliyatni tashkil etishini anglatadi. Ammo bu ta’rifda bir necha jinoyat tarkiblari haqida so‘z yuritilgan. Shuni ta’kidlab o‘tish joizki, uyushgan guruh nafaqat tarkibida bir necha jinoyat bo‘lgan qilmishni, balki tarkibida birgina jinoyat bo‘lgan qilmishni sodir etish bilan ham ko‘zga tashlanishi mumkin.
Uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishining obyektiv va subyektiv belgilari mavjud. Guruhning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanganligini ko‘rsatuvchi birinchi mezon sifatida guruh a’zolarining bir necha jinoyatlar sodir etganligini va yana sodir etishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytib o‘tish mumkin. Shu bilan birga, o‘ta puxta tashkillashtirilgan, tayyorgarlik ko‘rish uchun ko‘p vaqt talab qilinadigan yagona jinoyatni sodir etgan guruhni ham jinoiy faoliyat
1 Qarang: ГуровА.И.О некоторые вопросы криминального профессио- нализма // Советское государство и право. – 1987. – №5. – С. 82 – 86.
2 Qarang: Якубов А. С., Кабулов Р. Новое в уголовном законодательстве. – Т., 1995. – С 14.
bilan shug‘ullangan deb hisoblash mumkin (bunda jinoyatning va unda ishtirok etgan shaxslarning ijtimoiy xavflilik darajasi hamda boshqa bir qancha omillar inobatga olinadi).
Umuman olganda, jinoiy guruhlar jinoyat sodir etish uchun tashkil etilgan, deb aytish mumkin.
Jinoiy guruhlarning shakllanganlik darajasiga qarab quyidagi turlar- ga ajratish maqsadga muvofiqdir.
jinoiy jamoa;
jinoiy korporatsiya;
guruh assotsiatsiyasi;
amorf (diffuz) guruhlar.
Amorf guruhdagilarda aniq tizim yo‘q, vazifa bo‘linmagan, aslida jinoyatni sodir qilish niyati yo‘q. Masalan, kinoga, samolyotga, poyezd- ga chipta olishda paydo bo‘lib qoladi.
Assotsiatsiya guruhi uyushgan, boshida ular jinoyat sodir qilish uchun emas, balki ba’zi bir ehtiyojlarini qondirish uchun yig‘iladi, lekin yaxshi jinoiy guruh bo‘lib shakllanishi mumkin. Lekin bu guruhlarning yadrosini tashkil etadigan, jinoyatga qarshi zid harakat qiladigan shaxslar mavjud, ular baribir jinoyat sodir qilishi mumkin. Shuning uchun ular huquqbuzarlar kompaniyasi deb nomlanadi.
Tez-tez yig‘ilib turadigan jinoiy guruhlar mavjud, ular jinoyat sodir qilishdan avval yig‘ilishadi, masalan, o‘g‘irlik, firibgarlik, bularni guruh ichidagi yadro boshqaradi. Ular bilan ishlash ancha og‘ir, ularning o‘z an’analari mavjud, bu an’analardan chiqishning o‘zi bo‘lmaydi. Bu yerda vazifalar taqsimlanadi, o‘zaro hamkorlikda pog‘ona paydo bo‘ladi, subyektiv bog‘lanish juda to‘g‘ri va ishonchli bo‘ladi. Bunday guruhlar jinoyatni oldindan rejalashtiradi, tashkillashtiradi. Bu jinoiy korporatsiya deyiladi. Shaxs bu guruhda qolar ekan guruh axloqini o‘zlashtiradi va o‘zida shuni sinab ko‘radi.