5.6. Biznes-reja tushunchasi, turlari va tarkibi
Biznes ingliz tilida “bucinec” so`zidan olingan bo`lib, butun jahonda tarqalgan, foyda beruvchi iqtisodiy faoliyat, ya’ni ish yuritish mazmunini bildiradi. Biznes so`zidan “bucineccman” biznesmen, ya’ni biznes bilan shug‘ullanuvchi, ishbilarmon, tojir, tadbirkor, umuman foydali ish yurituvchilar ma’nosini bildiruvchi ibora kelib chiqqan va keng ishlatiladi. Bozor iqtisodiga o`tish munosabati bilan bunday iboralar bizning tilimizga ham kirib kelmoqda. Yuqoridagi iboralardan kelib chiqib barcha tadbirkorlar, firmalar o`z faoliyati rejasini “Biznes plan”, ya’ni “Ish rejasi” deb yuritishadi.
Biznes-rejani qanday ta’riflash mumkin. Birinchidan, biznes-reja korxona faoliyati to`g‘risidagi g‘oya, maqsad, menejment, marketing faoliyati va ishlab chiqarishni kelajakga mo`ljallangan ko`rsatkichlari majmuasidan iborat hujjat sifatida tushunish mumkin. Ikkinchidan, faoliyatda shakllanadigan iqtisodiy munosabatlarni tasvirlaydigan, korxonaning rivojlanishi uchun zarur bo`lgan chora-tadbirlarni asoslovchi hisob-kitoblar yig‘indisi. Uchinchidan, korxonaning kompleks ish rejasi sifatida korxonaning “kompasi” deb hisoblash mumkin.
Biznes-reja iborasi g‘arb davlatlarida asosan kichik va o`rta korxonalarning, firmalarning kompleks ish rejasi sifatida tushuniladi va uning asosiy maqsadi rahbariyatiga firmaning holati to`g‘risida va uning rivojlanish imkoniyatlarini tasvirlashdir. Biznes-reja amaliyotda bir necha xil turlarda tuziladi. Ular asosan to`rt xil bo`lib, har birining o`ziga xos xususiyatlari mavjud. Firmaning ichki biznes-rejasi, aylanma mablag‘larni to`ldirish maqsadida kredit olish uchun tuziladigan biznes-reja, investitsiya biznes-rejasi, moliyaviy barqarorlash rejasi ular qatoriga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasida korxonalarning biznes-rejasiga davlat tomonidan katta e’tibor berilishi bejiz emas.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 24 yanvar 2003 yil “O‘zbekiston iqtisodiyotida xususiy sektorning ulushi va ahamiyatini tubdan oshirish chora-tadbirlari to`g‘risida”gi farmonida: “... ijrochi organ tomonidan kelgusi yilga ishlab chiqiladigan korxona biznes-rejasi aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi tamonidan yoki uning topshirig‘i bo`yicha kuzatuvchi kengash tomonidan tasdiqlanishi lozim. Ishlab chiqarishni o`stirish, foyda olishni ko`paytirish va dividendlarni to`lash ana shu biznes-rejaning eng muhim ko`rsatkichlari bo`lishi kerak;
direktor (aksiyadorlik jamiyatining ijrochi organi) yillik biznes-reja qanday bajarilayotgani to`g‘risida har chorakda kuzatuvchi kengash oldida hisobot beradi. Kuzatuvchi kengash yillik biznes-reja qo`pol ravishda buzilgan yoki uning tasdiqlangan parametrlarini bajarishi barbod etilgan hollarda direktor (boshqaruv raisi) bilan ishga olish shartnomasini muddatidan ilgari to`xtatish huquqiga ega;...” deb ta’kidlangan.
Biznes-reja iqtisodiy jarayonning quyidagi ishtirokchilari kategoriyasi uchun mo‘ljallaniladi:
1. Korxona mulkdorlariga. Ular uchun biznes-reja rahbarlik hujjati hisoblanadi. Biznes-rejani ishlab chiqishdagi ishtiroki menejerlarni korxona faoliyatini chuqur o‘rganishga, uni rivojlantirish hamda takomillashtirishda to‘g‘ri qarorlar qabul qilish imkoniyatini yaratadi;
2. Korxona mulkdorlariga. Korxona mulkdorlari biznes-rejani o‘z maqsad va manfaatlarini amalga oshirish uchun menejerlarga ta’sir qilish uchun ishlatadi;
3. Tashqi investorlarga (kreditorlar, aksiya egalari va h.k.). Investorlarni ularni qo‘ygan mablag‘laridan keladigan daromad qiziqtiradi, shu sababli ular korxona faoliyatini nazorat qiladilar;
4. Korxona faoliyatida ishtirok etuvchi boshqa sheriklarga (mahsulot va boshqa resurslar bilan ta’minlovchi, ulgurji sotib oluvchilar, davlat organlari va h.k. korxona faoliyatida qatnashuvchilar).
Biznes-rejani yangi tashkil qilinayotgan korxona ham, ishlayotgan korxona ham tuzadi. Uni kichik, o‘rta va yirik korxonalar ham ishlab chiqadi.
Biznes-rejani ishlab chiqishda asosan ikkita maqsadni tutish zarur: 1. Korxonani hozirgi holatini chuqur tahlil qilish, uni taraqqiyot etish maqsadi, maqsadga erishish yo‘llari va kutilayotgan natijasini aniqlash; 2. Tashqi investor va sheriklarga korxonani afzalliklarini jozibalik qilib ko‘rsatishga erishish.
Firmalar faoliyatlari har xil bo`lganligi uchun ularda biznes rejasi ham har xil shaklda, tartibda tuziladi. Lekin biznes-rejani tuzishning umumiy xalqaro standart talablari mavjud. Masalan: biznes-reja korxonaning ichki hisobot tizimiga, rahbariyat va tashqi investorlar, sheriklarga nazorat qilish talablariga javob berishi, hamda kichik korxonalar uchun 10-20 varaqdan, yirik korxonalar uchun 40-50 varaqdan oshmasligini talab qilinadi. Investitsiya biznes-rejasi o`z standartiga ega, uning hajmi 75 varaqdan oshmasligi kerak. Biznes-rejaning mazmuni va tarkibi undagi bo‘limlarni to‘laligi, uni qismlarga bo‘linishi; kimga mo‘ljallanganligi (korxona, investor, bank krediti); rejalashtirish davri (1 yil, 3-5 yil, 5 yildan ortiq); tuzuvchilarning malakasi va amaliy tajribasiga (texnik-iqtisodiy asoslash) qarab har xil bo‘lishi mumkin. Investorlarning manfaatini ko`zlash, tijorat sirlarini himoya qilish, fan-texnika yutuqlarining maxfiyligini ta’minlash, olingan kreditlarning qaytarilishini ta’minlashni biznes-rejada asoslash umumiy talablar qatoriga kiradi.
Biznes-rejani tarkibi uni ishlab chiqish usul va uslublari, kimga mo‘ljallanganligiga qarab har xil bo‘lishi mumkin. Umumlashtirilgan holda biznes-reja quyidagi bo‘limlarni o‘z ichiga oladi: 1. tashrif varag‘i; 2. korxona; 3. bozor va raqobat; 4. mahsulot; 5. sotish; 6. ishlab chiqarish; 7. moliya; 8. investitsiya; 9. qo‘shimcha axborotlar.
O‘rta va yirik korxonalarning biznes-rejasi tarkibi: 1. titul varag‘i. 2. tashrif varag‘i; 3. biznesning qisqa mazmuni yoki korxonaning maqsadi; 4. marketing va tovar (ish, xizmat)ni sotish; 5. innovatsiya; 6. mahsulot (ish, xizmat) ishlab chiqarish; 7. boshqaruv; 8. xodimlar; 9. xavf va xatarni baholash va sug‘urta; 10. huquqiy reja; 11. korxona harajatlari; 12. moliyaviy reja; 13. ilova qilinayotgan hujjatlar kabi bo‘limlardan iborat bo‘ladi.
Kichik korxonalarning biznes-rejasi tashrif varag‘i, biznesni mazmuni, marketing rejasi, mahsulot ishlab chiqish va moliyaviy rejadan tashkil topadi.
Biznes-rejani texnik-iqtisodiy asoslash usul va uslublari “Biznes-reja” fanida chuqur o‘rganiladi. Shu sababli bu masalalarni yoritishga to‘xtalmadik.
Biznes-rejasi yuqorida keltirilgan tarkibdan ko`rinib turibdiki, uni tuzish uchun har bir tadbirkor, korxona rahbari, iqtisodchi, korxona iqtisodi, menejment, marketing, moliya va kredit, soliq va soliqlashtirish, buxgalteriya hisobi va audit, biznes-reja, savdo logistikasi, iqtisodiy geografiya, matematika kabi fanlarni chuqur o`rganishi zarur. Chunki, bu fanlardan o‘rgangan bilimlar asosidagina har tomonlama asoslangan biznes-reja tuzishga erishish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |