Korxona iqtisodiyoti


Korxona xavfsizligini ta’minlashning



Yüklə 1,74 Mb.
səhifə87/103
tarix10.05.2023
ölçüsü1,74 Mb.
#110722
1   ...   83   84   85   86   87   88   89   90   ...   103
Korxona xavfsizligini ta’minlashning

maqsadi va vazifalari

Xavfsizlikni ta’minlash hamisha, hamma joyda, hamma narsalar uchun muhim bo‘lib kelingan. Hatto hayvonlar ham o‘zlarining xavfsizligini ta’minlash uchun o‘zlariga yarasha tegishli chora-tadbirlarini ko‘radilar. Insoniyat paydo bo‘libdiki, xavfsizlik masalasi uning oldida hamisha dolzarb bo‘lib hisoblangan.


Bugungi bozor munosabatlari sharoitida hamma korxonalarga erkinlik va mustaqillik joriy qilinayotgan bir paytda, uning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash ham o‘ta dolzrab va ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik bo‘lgan juda katta muhim jarayondir. Bu jarayonni to‘g‘ri va to‘liq anglash uchun uning tushunchasi, maqsad va vazifalarini aniq belgilab olishni taqozo qiladi.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligini doimiy ravishda ta’minlab turish uning rahbariyatidan katta e’tiborni, tashkiliy ishlarni amalga oshirishni va uni oqilona boshqarib borishni talab qiladi. Bu jarayonni to‘g‘ri tashkil qilish uchun umuman xavflilik va xavfsizlik tushunchalarining nima ekanligini aniqlashni taqazo qiladi.
Xavflilik deganda turli ofat, baxtsizlik, g‘am-g‘ussa, halokat, yo‘qotish kabi salbiy holatlarning sodir bo‘lish mumkinligi tushuniladi. Xavfsizlik deganda esa mazkur xavf-xatarlarning oldi olinib, biror ob’ektning barqaror faoliyatini ta’minlovchi tadbirlar majmuasi tushuniladi.
Mazkur ishda korxonaning umumiy xavfsizligi emas, balki iqtisodiy jihatdan xavfsizligi xususida gap boradi. Uni ta’minlash uchun esa korxona rahbariyatidan juda katta tashkilotchilikni talab qiladi.
Korxona iqtisodiy xavfsizligi tushunchasi. Erkin raqobat hukm surib turgan bozor munosabatlari sharoitida har bir xo‘jalik yurituvchi sub’ekt o‘zlarining yashovchanligini ta’minlashi lozim. Bu esa o‘ta murakkab va ko‘p qirrali jarayondir. Shu tufayli korxonaning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash uchun bir qancha tadbirlarni amalga oshirish lozim bo‘ladi.
1. Korxonaning moliyaviy va iqtisodiy mustaqilligini ta’minlash. Bunda har bir korxona yetarli darajada o‘z mablag‘lariga ega bo‘lishi, mavjud mulkning saqlanishi va samarali foydalanishiga erishish lozim.
2. Korxonada barcha iqtisodiy jarayonlarni qonun doirasida amalga oshirishga erishish, uning qonuniy manfaatini davlat, xorijiy va ichki hamkorlar oldida himoya qilish qobiliyatining mavjudligini ta’minlash.
3. Korxona faoliyatining doimiy ravishda barqarorligini, raqobatbardoshligini, ishlab chiqarilgan mahsulotining (ish, xizmat) yuqori sifatli bo‘lishini, ularning ichki va tashqi bozorga mosligini ta’minlash.
4. Jamoada axloqiy-ruhiy muhitning barqarorligi, mehant va ijro intizomiga qattiq rioya qilish har bir xodim va bo‘linmalarning hayot tarziga aylanganligi, ularning ishni bajarishdagi jipsligini ta’minlash tadbirlarini amalga oshirish;
5. Korxona xodimlarini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirishning ob’ektivligini ta’minlash, uni bevosita korxonaning istiqboliga yo‘naltirishga erishish orqali uning nufuzini ko‘tarish.
6. Tashkiliy, ilmiy-texnikaviy sohani takomillashtirish orqali ishlab chiqarishga (faoliyatiga) zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga doimiy ravishda erishib ularni ichki imkoniyati hisobidan rivojlantirib borish.
Ana shunday tadbirlar amalga oshirilsagina korxonaning iqtisodiy xavfsizligi ta’minlanishi mumkin. Bulardan kelib chiqib, o‘ta murakkab jarayon bo‘lgan korxona xavfsizligiga quyidagicha ta’rif berildi.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligi deganda uning mustaqilligini, mustahkamligini, barqarorligi va ichki imkoniyatlar evaziga takomillashib, taraqqiy etib borishini doimiy ravishda ta’minlab turuvchi sharoitlar va omillar majmuasining mavjudligi tushuniladi.
Ko‘rinib turibdiki, korxonaning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash bu o‘ta murakkab bo‘lish bilan birga juda ko‘pqirrali sohadir. Shu tufayli unga shunchaki kundalik tadbirlar bilan, yoki ozgina e’tibor bilan erishib bo‘lmaydi. Korxonaning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash uchun undagi band bo‘lgan kadrlar yuqori malakali, saviyali va tashabbusor bo‘lmog‘i lozim. Eng muhimi, hozirgi paytda har bir korxonada ishlovchi xodim uni “umumiy mulkimiz” emas, balki “mening mulkim” deb his qilishi, shu ruhiyat bilan yashaydigan, ishlaydigan bo‘lishi darkor.
Korxonaning iqtisodi xavfsizligi tamoyillari. Xavfsizlikni ta’minlash uchun uni amalga oshirishda ma’lum tamoyillarga tayaniladi. Bu tamoyillar korxona ishining taktikasi va strategiyasini, aniq maqsad va vazifalar bilan faoliyat ko‘rsatishini belgilab olishida namoyon bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan qaraydigan bo‘lsa, korxonaning iqtisodiy xavfsizligi quyidagi tamoyillarga tayanadi.
1. Uzoq istiqbolga mo‘ljallangan dastur va maqsadli rejaning mavjudligi. Hozirgi bozor munosabatlari sharoitida har bir korxona o‘z mlkiy javobgarligiga asoslanar ekan, u uzoqni ko‘zlab aniq strategik maqsad bilan va shu maqsadga erishish uchun uzoq muddatga mo‘ljallangan dastur asosida faoliyat ko‘rsatishi lozim.
2. Qonuniylikni ta’minlash tamoyili. Hozirgi paytda juda ko‘p korxonalar qonunni chetlab ma’lum vaqt noqonuniy foyda olish evaziga faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular faoliyatidagi qonunbuzarlik fosh bo‘lgach (albatta shunday bo‘ladi) juda ko‘p jarimalar to‘lashi evaziga birdaniga sinib inqirozga uchramoqda. Oqibatda korxona bankrot bo‘lmoqda. Bu holat jamiyat uchun ham, davlat uchun ham, shu yerda ishlagan mehnat jamoasi uchun ham, pirovardida korxonaning iqtisodiy xavfsizligi uchun ham katta zarar keltirishi to‘g‘riisda izohning hojati bo‘lmasa kerak.
3. Mustaqillik va mas’uliyatlilik ta’moyili. Korxona iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash uchun, eng avvalo, o‘z faoliyatini mustaqil boshqarishi lozim. Ammo mustaqillik - bu o‘zboshimchalik emas. Mustaqil faoliyat o‘ta mas’uliyatni ham talab qiladi. Zero, korxonaning foydasi o‘ziniki bo‘lganidek, zarar ham o‘zlari hisobidan qoplanadi. Ko‘p zarar ko‘rish korxonani iqtisodiy jihatdan xavf to‘g‘dirishi tabiiy.
4. Mehnat va ijro intizomi. Barcha muvaffaqiyatlar kaliti intizomda. Agar mehnat jamoasi korxonaning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash maqsadi bilan ishlasa albatta u qattiq mehnat va ijro intizomiga rioya qilishi lozim. Intizom orqali qonuniylik, mustaqillik, mas’uliyat, maqsadlilik kabi tamoyillarga ham amal qilishni ta’minlaydi.
5. Kasbiy va texnologik takomillashuv. Bozor munosabatlari sharoitida erkin raqobat muhiti korxonaning kundalik o‘zgarishlar va yangilanishlarga, bozor konyunkturasiga moslashib borishni talab qiladi. Bu esa, o‘z navbatida korxonaning tez o‘zgarishlarga moslashuvchanligini ta’minlashni, bozor talabiga moslashish kabi holatlarni talab qiladi.
6. Mahsulot (ish, xizmat) sifatining doimi oshib borishini, tannarxning nisbiy kamayishini ta’minlash. Korxonaning nufuzi va iqtisodiy qudratini oshirib borishi uchun, eng avvalo, har bir korxona o‘z mahsulotining (ish, xizmatining) sifatini oshirish uchun kurashib yashashi kerak. Sifat ko‘rsatkichining yaxshilanishi korxonaning nafaqat iqtisodiy xavfsizligini, balki uning raqobatbardoshligini ham ta’minlaydi. Mahsulotning (ish, xizmatning) sifatini oshirish ko‘p hollarda tannarxni oshirish evaziga amalga oshiriladi. Ammo korxona hozirgi erkin iqtisodiyot sharoitida shunday natijaga erishish lozimki, qaysiki sifatning yaxshilanishi tannarxning oshishiga nisbatan ustuvor bo‘lishi ta’minlansin. Bunda mahsulot (ish, xizmat) sifatining oshishi evaziga olinadigan daromad 100 ming so‘mni tashkil qilsa, shunga bog‘liq tannarx 50-60 ming so‘mga ko‘payishini ta’minlash lozim bo‘ladi.
7. Foydalilikni ta’minlash. Har bir korxona iqtisodiy jihatdan qudratli bo‘lishiga, o‘z xavfsizligini ta’minlashga erishmoqchi bo‘lsa barcha faoliyatini shunday tashkil qilish kerakki, uning har bir harakatidan foyda olish ta’minlansin. Bozor munosabatlari, tadbirkorlik va foyda bir-biri bilan ajralmas tushunchalardir. Bu degani, bozor munosabatlari sharoitida har bir korxona tadbirkorlik bilan ish ko‘rib, faoliyati natijasida yetarli darajada sof foydaga erishishni ta’minlashdan iboratdir.
Ushbu holatlardan kelib chiqib korxona iqtisodiy xavfsizligi tamoyillariga quyidagicha ta’rif berish mumkin.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligi tamoyili deganda uni ta’minlashga qaratilgan maqsadli strategik va taktik dasturlarni bajarishga qaratilgan iqtisodiy dastaklar majmuasi tushuniladi.
Korxonaning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlash vazifalari. Bozor munosabatlari sharoitida har bir korxonaning vazifasi o‘zining iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashdan iboratdir. Bu ishda boqimandalik ketmaydi. Har bir korxona o‘zining xavfsizligini o‘zi ta’minlamasa boshqa joydan kelib uni ta’minlab bermaydi. Bu jarayon ancha tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
1. Korxona faoliyatiga tashqi sub’ektlar aralashuvlarining kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik.
2. Korxona ichida samarali mehnat qilish muhitini buzishning oldni olish, har bir xodimning mehnatini xolisona baholay olish.
3. Xodimlar o‘rtasida axloqiy-ruhiy muhitning barqarorligini ta’minlash, korxonaning muvaffaqiyati ularning har birining muvaffaqiyati ekanligini singdirish va shunga amal qilish.
4. Bozordagi o‘z raqobatchilaridan mahsulotning (ish, xizmatning) sifati, narxi bo‘yicha orqada qolib ketmaslik choralarini ko‘rish.
5. Bozor konyunkturasining tez o‘zgarishidan hamisha voqif bo‘lish va unga moslashgan holda taraqqiyotni ta’minlash.
6. Ishlab chiqarish, texnologik, tijorat kabi sirlarini saqlash. Nodir mutaxassislar qo‘nimsizligining oldini olish.
7. Korxona hududi, mulki va boshqa moddiy resurslarning saqlanishiini ta’minlash, ularning o‘g‘irlanishi va yo‘qolshining oldini olish choralarini ko‘rish.
8. Hamkorlarini tanlashda ularning moliyaviy ahvolini o‘rganish va o‘zining moliyaviy barqarorligini ta’minlash uchun tegishli tashkiliy ishlarni doimiy ravishda e’tibordan qoldirmaslik.
Shu va shu kabi vazifalarning bajarilishi korxonaning iqtisodiy xavfsizligini ta’minlashning asosiy tadbirlaridir. Korxonaning iqtisodiy xavfsizligi, albatta, o‘z-o‘zidan ta’minlanib qolmaydi. Shu tufayli bu masala korxonaga daxldor bo‘lgan mutasaddilarning (mulkdor, rahbar, menejer, mutaxassislar va barcha xodimlar hamda soliq, moliya, bank kabi manfaatdor tashkilotlar) hamisha diqqat e’tiborida bo‘lmog‘i lozim.




  1. Yüklə 1,74 Mb.

    Dostları ilə paylaş:
1   ...   83   84   85   86   87   88   89   90   ...   103




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin