§ 3. Advokatning birinchi instansiya sudida ishtiroki Jinoiy ishni birinchi instansiya sudida ko‘rib chiqilish bir nechta qismdan iborat bo‘ladi: tayyorlov, sud surishtiruvi, tomonlar so‘zga chiqishi, sudlanuvchining oxirgi so‘zi, qaror va hukm o‘qilishi. Keltirilgan qismlar advokatning sud muhokamasining aytib o‘tilgan barcha bosqichlaridagi jinoiy-protsessual faoliyati xususiyatlarini belgilab beradi. Sud surishtiruvi davomida, u tomonlarning tortishuvi va tenghuquqliligi asosida quriladi, advokat o‘zining himoyasi ostidagi shaxsni oqlovchi yoki javobgarligini yengillatuvchi holatlar va dalillarni o‘rganishda faol qatnashishning real imkoniyatiga ega bo‘ladi: guvohlar ko‘rsatmalari, ekspertlar xulosalari, ashyoviy dalillar, hujjatlar. Advokatning tinglovga tayyorgarligi uning jinoiy ish bo‘yicha isbotlash jarayonida qatnashishini nazarda tutadi. Birinchi instansiya sudida ish ko‘rilishi bosqichida himoyachi axborot to‘plash, suddan, tegishli iltimosnoma berish vositasida, guvohlarni so‘roq qilish, qo‘shimcha dalillar talab qilib olish va sh.k. huquqiga ega. Sud surishtiruvining birinchi qismida himoyachi, ayblov tomon dalillarini o‘rganishda, ularning tegishliligi, joizligi va ishonchliligini tekshirishda qatnashib, agar taqdim etilgan dalillar nomaqbul deb hisoblasa, o‘z mavqyeini asoslab berishi kerak. Shundan keyin himoya tomoni o‘z dalillarini keltiradi.
Sud surishtiruvi davomida himoyachining mavqyei faol bo‘lishi kerak. U dalillarni tadqiq qilishda qatnashishi kerak. Ayniqsa sud surishtiruvida dalillarni o‘rganishning bevositaligini ta'minlash muhimdir. (O‘zbekiston Respublikasi JPK 26-m.). Bevositalik sudning ishda mavjud bo‘lgan va sudga taqdim etilgan, ular asosida jinoiy ishda isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlarning mavjudligi yoki mavjud emasligi aniqlanadigan dalillarni shaxsan qabul qilishi, ko‘rib chiqishi va o‘rganishi majburiyatini nazarda tutadi. Qonunchilikning bunday yondashuvi faktlarning buzib ko‘rsatilishi va sub'ektivizmning yuzaga kelishini bartaraf qiladi.