46-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning ovqatlanishini tashkil etish Maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalar uchun tabiiy oziq-ovqat mahsulotlari to‘plami, ularni yoshiga doir fiziologik ehtiyojlariga muvofiq bo‘lgan ratsional va mutanosib oziq-ovqat bilan ta’minlash tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan birgalikda belgilanadi.
47-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning sog‘lig‘ini saqlash Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning sog‘lig‘ini saqlash quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish;
maqbul o‘quv yuklamasini belgilash;
sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini targ‘ib qilish, shakllantirish va o‘rgatish;
sog‘lomlashtirish tadbirlarini tashkil etish;
kun tartibiga rioya etish;
sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish;
jismoniy faollik uchun shart-sharoitlar yaratish.
9-bob.Maktabgacha ta’lim tashkilotini boshqarish va uning faoliyatini tashkil etish tartibi 48-modda. Maktabgacha ta’lim tashkilotini boshqarish Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini boshqarishni quyidagilar amalga oshiradi:
pedagogik kengash;
kuzatuv kengashi;
davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari.
Nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotini boshqarish tartibi uning ta’sis hujjatlarida belgilanadi.
49-modda. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining pedagogik kengashi Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining pedagogik kengashi pedagog xodimlardan iborat bo‘lgan, uning pedagogik faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilishga doir vakolatlarni amalga oshiradigan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining kollegial boshqaruv organidir.
50-modda. Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining kuzatuv kengashi Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolani tarbiyalash, rivojlantirish va unga ta’lim berishga ko‘maklashish maqsadida kuzatuv kengashi tashkil etilib, uning tarkibi ushbu tashkilotga boradigan bolalarning qonuniy vakillari, o‘z xodimlari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining vakillari orasidan shakllantiriladi.