ESLATMA:"-i" + "-miz" holatidagi so'zlar faqat ot kesim vazifasini bajargan bo'ladi va uchinchi shaxs "-i" egalik qo'shimchasidan keyingi "-miz" bog'lamasini "edik, ekanmiz, hisoblanamiz" vositalari bilan erkin almashtirishimiz mumkin: Biz shu yurtning farzandlarimiz. (Farzandlari ekanmiz)
Ajraluvchi "-i" + "-miz" holatidagi so'zlardan keyin hech qachon kelishiklar va ko'makchi (bilan, uchun, kabi, haqida....) lar kela olmaydi. Shuni unutmang. Yaxlit "-imiz" birinchi shaxs ko'plik egalik qo'shimchasi esa o'zidan keyin ko'makchilarni ham, kelishiklarni ham qabul qila oladi. Maktab direktori farzandimiz HAQIDA iliq gapridi.(yaxlit, chunki ko'makchi bor). Bugungi quvonchimizni hech kim tasavvur qilolmaydi. (Yaxlit, chunki "-ni" kelishik qo'shimchasi mavjud). O'g'limiz ta'lim sohasida muvaffaqiyatga erishadi. (Bunda kelishik ham, ko'makchi ham mavjud emas, lekin zinhor ajraluvchi "-i" + "-miz" demang. Chunki ot kesim emas-ku. Ega vazifasini bajargan. Tarkibidagi "-miz" qo'shimchasini "edik, ekanmiz" vositalari bilan almashtirolmaysiz)
Xullas, o'zidan keyin kelishik yoki ko'makchilarni qabul qilmagan yaxlit "-imiz" qo'shimchali so'zlar matnda EGA yoki OT KESIM bo'lib kela oladi. Ega bo'lib kelishiga yuqorida misol keltirildi. Yaxlit "-imiz" qo'shimchali so'zlar OT KESIM bo'lganida ajraluvchi "-i" + "-miz" holatidagi so'zdan osongina farqlanadi.
Yaxlit "-imiz" qo'shimchali so'z ot kesim bo'lganida, birinchidan, gapning egasi hech qachon "BIZ" so'zi bilan yoki "O'ZIMIZ" so'zi bilan ifodalanmaydi. Ikkinchidan, yaxlit "-imiz" qo'shimchasidan keyin eding, edingiz, ekansan, ekansiz, edi, ekan, -san, -siz, -dir kabilarni qabul qila oladi: Shoikrom - eng kenja farzandimiz. (farzand+imiz, yaxlit, chunki "-dir" qo'shimchasini keltirishimiz mumkin.) Sen yolg'iz umidimiz eding. (umid+imiz. Yaxlit, chunki "eding" vositasi mavjud).
IZOH: "chayqamoq, qorimoq, ezg'ilamoq" kabilar tarkibidagi -qa, -i, -g'ila kabilar ham lug'aviylardir.