Fibroblastlar.
Biriktiruvchi to‘qima hujayralari ichida eng ko‘p uchraydigani bo‘lib, hujayralararo modda komponentlari – fibrillyar oqsillar (kollagen, elastin) va glikozaminoglikanlarni sintezlaydi. Bu hujayralar mezenximal kelib chiqishga ega. Ularni etilish darajasiga ko‘ra (kam differensiallashgan, differensiallashgan, fibrotsitlar), bundan tashqari miofibroblastlar, fibroklastlar turlari mavjud. Fibroblastlar hujayralararo moddani sintez qilish xususiyatiga ko‘ra, jarohatlar bitishida, chandiq to‘qima hosil bo‘lishida, yot modda atrofida kapsula hosil qilishda va boshqalarda ishtirok etadi.
Differensiallashmagan fibroblastlar – (embrional davrda mezenximadan, postnatal davrda peritsitlardan rivojlanadi). Kam o‘simtali, erkin ribosomalarga, EPT va kam rivojlangan mitoxondriyaga ega, mitoz yo‘li bilan bo‘linadi.
Etuk fibroblastlar – yirik (40-50 mkm), noto‘g‘ri shaklga ega, yaxshi rivojlangan donador EPT va Goldji apparatiga ega. CHekka qismlarida mikrofilamentlar (aktin va miozin) mavjud. Kollagenaza fermenti saqlaydi, prokollagen glikozaminoglikanlar, proelastin ishlab chiqaradi. Plazmatik membrananing butun yuzasi bo‘ylab sekretsiya qiladi.
Fibrotsitlar – duksimon shaklli, organellari kam va bo‘linmaslik xususiyatiga ega.
Miofibroblastlar – ma’lum bir sharoitlarda fibroblastlardan hosil bo‘ladi, silliq mushak hujayralariga o‘xshaydi. Lekin ulardan donador endoplazmatik to‘r yaxshi rivojlanganligi bilan farqlanadi. Tarkibida aktin, miozin saqlaydi. Jarohatdan keyingi granulyasion to‘qimalarda, homiladorlikda, bachadonda aniqlanadi.
Fibroklastlar – fagotsitoz xususiyatiga ega, gidrolitik aktivlik faoliyati mavjud, ko‘p miqdorda lizosoma tutadi. Vazifasi – hujayralararo modda so‘rilishida ishtirok etish: masalan, tug‘ruqdan keyingi bachadonning involyusiyasi.