O’quvchilar jismoniy fazilatlarini rivojlantirish va chiniqtirish tadbirlari Maktab yoshi harakatga o’rgatish uchun eng qulay yoshdir. Xuddi mana shu yillarda bolalar yuqori egiluvchanlik va katta nerv ko’zg’olishi, harakatlar shartli reflekslarini engil hosil bo’lishi bilan ajralib turadi. 14-15 yoshda harakat analizatorlarining rivojlanganligi me’yoriga etadi. Maktabni tugatishlariga o’quvchilar xilma-xil harakat malakalariga ega bo’ladilar, bu bilan ular mehnat faoliyatida va ijtimoiy hayotda hamda jismoniy mashqlarni turmushda, sog’ligini mustahkamlashga, jismoniy tayyorgarlikni oshirishga qo’llay oladilar.
Harakatga o’rgatish shug’ullanuvchini jismoniy rivojlanganligi va jismoniy tayyorgarligi hamda jismoniy sifatlarini darajasiga qarab amalga oshiriladi.
Katta, o’rta, kichik yoshdagi o’quvchilarni harakatga o’rgatishda umumiy metodik printsiplarni qo’llashga alohida e’tibor beriladi.
Onglilik va faollilikprintsipiga muvofiq yildan yilga bolalar o’rgatilgan harakat faoliyati haqida bilimlarga ega bo’la borishlari, bajarilgan harakat nimaga fakat aynan shunday bajarilishi kerakligi, boshqacha bajarilsa qanday xatolar sodir bo’lishi mumkinligi haqida fikr yurita oladigan bo’lishlari lozim. Bu bilan ularning fikrlash doirasi kengayadi. Kichik yoshdagi jismlarni ko’rish orqali fikrlaydiganlarda hayotiy misollar bilan, jismoniy mashqning ahamiyati uni kundalik turmushda qo’llanilishi shug’ullanuvchini sog’ligi uchun ahamiyati va boshqalar haqida hayotiy misollar keltirilsa bas.
V-IX sinf o’quvchilariga nisbatan qiyin harakat malakalari beriladi. Bu jarayon o’rganilgan materiallarni ko’p marotaba qaytarish orqaligina amalga oshirilishi, shundagina yuqori natijalar uchun ko’p ter va og’ir mashaqqatlar tortish kerakligi ularning ongiga singdiriladi. Bu yoshdagilar psixikasiga e’tibor berish muhim ahamiyatga ega. Ular o’rganilayotgan harakat faoliyatini tezdagina egallab olishga urinadilar. Bu bilan ular hatolarga yo’l qo’yadilar. Shuning uchun harakat texnikasi ustida ishlash og’ir ekanligini àlohida tushuntirish muhim ahamiyat talaba qiladi. Ularni harakatni o’zlashtirishda bir-biridan xatolar topishga majbur qilish, xatolarni ko’ra bilish, tahlilga o’rgatish va bo’lajak xatolarni oldini olishga o’rgatish lozim. Bulardan tashqari o’qitilgan mavzularni qaytarishda guruhchalarga rahbarlik qilishga o’rgatish hayotiy ahamiyatga ega. Mustaqil fikrlashga katta e’tibor berish kerak bo’ladi.
Yuqori sinf o’quvchilariga yangi adabiyotlar sport taktikasi haqida tushunchalar mustaqil shug’ullanishga maslahatlar berish maqsadga muvofiqdir.
Bajarib ko’rsatish printsipi orqali o’quvchilarda o’sha harakatlar haqida aniq tushunchalar hosil bo’ladi. Kichik va o’rta yoshdagi bolalarda taqlid qilish refleksi juda rivojlangan bo’ladi. Shuning uchun ular ko’rsatilgan harakatlarni aynan o’zini, nusxasini qaytara oladilar. Shuning uchun bu printsipga rioya qilish o’qituvchidan alohida e’tiborni talab qiladi hamda o’quvchilar bajarayotgan mashqni ahamiyatini mukammal tushuntirish talabi vujudga keladi.
Yuqori sinf o’quvchilari juda ko’p xilma-xil tayyorgarliklarni o’tdilar, shuning uchun ular harakatlarni o’zlari mustaqil kuzatib baholay olish malakalariga ega bo’lib qoladilar. O’quvchilardan mashqlarni yaxshi bajaradiganlarini, alohida namoyish etish qila oladiganlarini tarbiyalash maqsadga muvofiq bo’lib, ulardan o’qituvchilar mashg’ulotlar paytida yordamchi sifatida foydalanishlari mumkin.