URG'U
Talaffuzda bir yoki bir necha bo'g'inlarni ajratib aytish urg'u deyiladi. So'z va fraza urg'usi farqlanadi. Ko'p bo'g'inli so'zlarda bir yoki undan ortiq bo'g'inlarni ajratib aytish so'z urg'usi deyiladi. Agar so'z bir bo'g'indan iborat bo'lsa, so'z urg'usi bo'g'in cho'qqisini hosil qiluvchi unli tovushga tushadi. Fraza va gaplardagi so'zlarning biror bo'g'inini ajratib talaffuz qilish fraza urg'usi deyiladi. Fraza urg'usi intonatsiyaning eng asosiy komponentlaridan biridir.
So'z urg'usi ma'nodor mustaqil so'zlarning zaruriy belgisi hisoblanadi. O'zbek, rus, ingliz va nemis tillarida ma'nodor so'zlardagi urg'u nutqda (frazalarda) ham saqlanib qolishi mumkin. So'zlardagi bir yoki undan ortiq bo'g'ilarni ajratib talaffuz qilish turli artikulyatsion – akustik vositalar yordamida amalga oshiriladi. Artikulyatsion jihatdan nafas kuchi, kuchli talaffuz va nutq paychalarining tebranishi so'zga urg'u qo'yishning asosiy vositalaridir. Akustik jihatdan so'z urg'usi intensivlik (tovushni baland ovoz bilan aytish), cho'ziqlik va tovushning asosiy toni yordamida amalga oshiriladi.
Tovushning balandliga va cho'ziqlik urg'uning eshitilishidaga asosiy vositadir. Ko'rsatilgan vositalardan qaysilari bo'g'inni ajratib talaffuz qilishda asosiy ekanligiga ko'ra urg'u turlari farqlanadi. Agar talaffuz kuchi yoki intensivlik asosiy xizmatni bajarsa, dinamik, (kuch yoki ekspirator) urg'u deyiladi. Asosiy tonning harakati (tushuvchi, ko'tariluvchi va ko'tarilib tushuvchi tonlar) yordamida amalga oshiriluvchi urg'u muzikal urg'u (yoki melodik) deb ataladi. Bo'g'inning cho'ziq talaffuzi urg'uda asosiy bo'lsa, miqdor urg'u (cho'ziqlik yoki kvantitativ) deyiladi. Ba'zan tillarda urg'uning ko'rsatilgan vositalari birgalikda harakat qiladi va bir yo'la kuch va ton urg'usi mavjud bo'ladi. Masalan, norvej, dat, island, shved tillari shunday urg'uga ega. Rus, o'zbek, ingliz, nemis tillarida dinamik urg'u, grek tilida – miqdor urg'usi, yapon, dungon, koreys, xitoy, serb tallarida ton urg'usi bor.
Urg'uning o'rniga ko'ra turg'un va turg'un bo'lmagan urg'u farqlanadi. Masalan, fin va chex tillarida urg'u doim so'zning birinchi bo'g'iniga, fransuz va ko'pgina turkiy tillarda so'zning oxirgi bo'g'iniga, polyak tilida esa, orqadan ikkinchi bo'g'inga urg'u tushadi. Turg'un, lekin har xil bo'g'inlarga tushuvchi urg'u rus, ingliz va itolyan tillarida mavjud. Biroq rus tilida urg'u ko'chma va erkin bo'lib, so'z formasining o'zgarishi bilan urg'u o'z o'rnini o'zgartiradi: водá, вод, водянойva h.k.
Har bir tilda chet tillardan kirgan so'zlar o'z urg'usini saqlab qolishi yoki shu qabul qilgan tilning qoidalariga asosan talaffuz etilishi mumkin. Odatda urg'uli va ochiq bo'g'inlardagi tovushlar urg'usiz va yopiq bo'g'inlardagi tovushlarga qaraganda cho'ziqroq talaffuz qilinadi. Co'zning fonetik alohidaligi urg'uli va urg'usiz qismlarning, xususan bo'g'in hosil qiluvchi elementlarning ulanishi yordamida amalga oshiriladi. Urg'u yordamida so'zning biror bo'g'ini faqat ajratib aytilmay, balki uning boshqa qismlari va urg'usiz bo'g'inlari urg'uli bo'g'in atrofiga birlashtiriladi. Urg'u prosodika yoki supersegmental fonetikaning asosiy elementlaridan biridir.
Dostları ilə paylaş: |