EKSPERIMENTAL FONETIKANING
METODLARI
Hozirgi davr fonetikasida ikki asosiy metod mavjud: subyektiv va obyektiv metodlar. Subyektiv metod talaffuzni bevosita kuzatishdan (ko'rib yoki eshitib) iborat. U eng qadimiy va doim ham qo'llash mumkin bo'lgan metoddir. Subyektiv bevosita kuzatish natijasida tovushlarning artikulyatsion-akustik xususiyatlari, urg'uli va urg'usiz bo'g'inlarning farqi, intonatsiyada ovoz ohangining pastga tushishi yoki yuqoriga ko'tarilishini sezish mumkin.
Texnik apparatura yordamida, ya'ni obyektiv metodlar yordamida aniqlanuvchi barcha artikulyatson-akustik xususiyatlar eksperimental-fonetik tekshirish yoki nutqni instrumental tasnif etish deb yuritiladi. Ma'lum apparatlar yordamida tilning tovush tarkibi, bo'g'in, urg'u va intonatsiyasini tekshirish ancha aniq va chuqur tasnif qilishiga imkon beradi.
Artikulatsiyani o'rganuvchi metodlar ichida palatografiya va rentgenografiya alohida o'rin tutadi. Palatografiya – sun'iy tanglay yordamida tilning holatini aniqlashdir. Sun'iy tanglay ingichka elastik plastinkadan iborat bo'lib, uning shakli va o'lchovi talaffuz qiluvchining qattiq tanglayiga teng bo'ladi. Talaffuz qiluvchi shaxs informant deb atalib, u o'sha tilning adabiy talaffuzida yoki biror shevada (agar shevaning talaffuzi tekshirilayotgan bo'lsa) so'zlay olish lozim. Elastik sun'iy tanglay og'iz bo'shlig'idagi qattiq tanglayga kiydiriladi. Ma'lum tovushning talaffuzida tilning izlari sun'iy tanglayga ko'chiriladi. Natijada tovushning artikulatsiya o'rni aniqlanadi. Tilning izlari qolgan sun'iy tanglay palatogramma deyiladi (3-rasmga qarang).
O'zbekcha [i] Inglizcha [Ι]
3-rasm. Rentgenogrammalar
Rentgenografiya va kinorentgenografiya tovushning artikulatsiyasini juda aniq ko'rsatib beruvchi metoddir. Oddiy rentgenografiya nutq a'zolarining holatini ma'lum artikulatsiya momentida aniqlashga imkon beradi. Kinorentgenografiya tovush artikulatsiyasining rivojlanish holatlarini aniqlab beradi.
Nutqning akustik tomonini aniqlash uchun spektral va ossillografik metodlar qo'llanadi. Spektrograf tovush maydonining amplitudasi va chastotasini ko'rsatib beradi va tovushning to'la akustik belgisini aniqlashga yordam beradi. Nutqning akustik tomonini aniqlashda qo'llanuvchi yangi vositalar ichida spektral analiz yetakchi o'rin tutadi. Ikki tipdagi spektrograf mavjud:
1) statik tipdagi spektrograf tovushlarning akustik strukturasini ma'lum chegaralangan vaqt ichida o'rganishga imkon beradi;
2) dinamik tipdagi spektrograf (yoki sonograf) “ko'rinuvchi nutq” (visible speech) prinsipida ishlaydi va u yordamida tovushning spektral ko'rinishini rivojlanish jarayonida aniqlash mumkin bo'ladi.
/a/ /i/
4-rasm.
Ossillograf apparati ham eksperimental fonetik kuzatishlarda qo'llanadi. Ossillografiya tovushning hosil bo'lishidagi garmonik tebranishlarni, nutq intonatsiyasi va iborani ma'nodor bo'laklarga bo'lishni o'rganishga imkon beradi. Eksperimental-fonetik tekshirishlar tilning tovush tomonini tilshunoslik jihatdan chuqur va aniqroq tadqiq qilishda katta yordam beradi.
Dostları ilə paylaş: |