3c41fd8ed3ee62afcf35db36143ad8a5 Tilshunoslik nazariyasiga kirish.
Unli tovushlarning tasnifi. Unli tovushlarning hosil bo'lishida havo oqimi to'siqqa uchramaydi va tovush paychalari titraydi. Har bir unli tovush o'zining ovoz toni bilan farq qiladi. Unlilarning talaffuzida tilning harakati, labning holati, og'izning ochilishi va hokazolar ahamiyatlidir. Nutq organlarining holatiga ko'ra unlilarning sifati (tembri) va miqdor belgilari (cho'ziqlik va qisqaligi) o'zgaradi. Shu sababli unlilarni artikulyatsion va akustik xususiyatlari, sifat va miqdor belgilariga ko'ra tasnif qilinadi. Unlilarning artikulyatsion tasnifi chet tilining talaffuziga o'rganishda amaliy ahamiyatga egadir. Bunday tasnif tilning harakati, lab va yumshoq tanglayning holatiga asoslanadi. Yumshoq tanglayning pastga tushishi natijasida havo burun bo'shlig'i orqali o'tadi va bu holatda burun unlilari yoki nazalizatsiyalashgan (lotincha nasalus – burun bo'shlig'i) unlilar hosil bo'ladi. Bunday nazalizatsiyalashgan unlilar fransuz tilida uchraydi.
Til eng faol nutq a'zosi bo'lib, og'iz bo'shlig'ining shakli va katta kichikligi, tilning holatiga bog'liq. Til gorizontal va vertikal harakat qiladi va shunga ko'ra unlilar qator va tilning ko'tarilish darajasiga ko'ra tasnif qilinadi.
1) Tilning gorizontal harakatiga ko'ra unlilar til oldi, til o'rta yoki aralash va til orqa qator tovushlarga bo'linadi.
Til oldi unlilarining talaffuzida til oldinga harakat qiladi: uning uchi pastki tishlarga taqaladi va tilning o'rta qismi qattiq tanglayga tomon yo'naladi. Ba'zi til oldi unlilarining talaffuzida til sal orqaga yo'naladi va shu tufayli bunday unlilarni orqa yo'nalishdagi til oldi unlisi deb ataladi. Bunday unliga ingliz tilidagi /Ι/ unlisi misol bo'la oladi (Uning rentgenogrammasi 3-rasmda berilgan. O'zbek tilidagi til oldi (i) unlisi ham o'sha rasmda berilgan). O'zbek tilidagi /i/, /e/, a/ rus tilidagi /i/, /e/, ingliz tilidagi /i/, /e/, /æ/ va fransuz tilidagi /i/, /e/, /ε/, /a/ unlilari til oldi unlilaridir. Til oldi unlilarini haqiqiy til oldi va orqa yo'nalishdagi til oldi qatorlariga bo'linishi ma'lum tilda, xususan ingliz tilida unli tovushlarning soni ko'pligi va ularning farqlarini aniqlash uchun hamda ikki va undan ortiq (masalan, o'zbek, rus, ingliz tillari) tillardagi unlilarni qiyoslash uchun zarurdir.
Aralash qator unlilarning talaffuzida tilning beli va uchi biroz yuqoriga ko'tariladi va tilning o'zi yassi holatda bo'ladi. Tilning uchi pastki tishlardan uzoqlashadi. Bunday aralash qator unlilari ingliz tilida mavjud: /ә׃/, /ə/. Rus tilidagi (ы) va (a) unlilarining talaffuzi aralash qator unlilariga yaqinroqdir. Biroq ularning talaffuzida til yassi holatda bo'lmaydi. Undan tashqari til o'rta qator unlilarining talaffuzida tilning o'rta qismi qattiq va yumshoq tanglay o'rtasida biroz qayrilgan bo'ladi. Til orqa qator unlilarining artikulatsiyasida til orqaga harakat qiladi; uning orqa qismi yumshoq tanglayga tomon yo'naladi; til uchi pastki tishlardan uzoqlashadi. Til orqa qismining harakati labning holatiga ham ta'sir qilishi mumkin. Shu sababli, til orqa unlilari lablangan bo'ladi. Til orqa unlilarini sayoz va chuqur til orqa unlilariga bo'lish mumkin. Ularni ko'pincha oldi yo'nalishdagi til orqa va chuqur til orqa unlilari deb ham ataladi. Bunday farq bir tilda soni ko'p bo'lgan unlilarni farqlash va bir necha tillardagi unlilar sistemalarini qiyoslash uchun qulaylik tug'diradi. O'zbek va rus tillarida oldi yo'nalishdagi til orqa va chuqur til orqa unlilarini farqlash uncha zarur emas. Biroq ular ingliz va fransuz tillaridagi unlilarni o'zbek va rus tillaridagi unlilar bilan qiyoslash uchun zarur. O'zbek tilidagi (o), (u), (o') va rus tilidagi (o), (u) til orqa unlilaridir. Ingliz tilidagi /υ/, /Λ / til oldi yo'nalishdagi orqa qator unlilari, /u:/, /כ:/, /כּ/, /a:/ esa, chuqur til orqa unlilaridir. Fransuz tilidagi /u:/, /o:/, /õ:/, /o/, /a/ oldi yo'nalishdagi til orqa va /u:/, /uכ:/, /ã:/ chuqur til orqa qator unlilaridir.
Tilning yassi holati yoki til o'rta qismining bukilishi aralash yoki o'rta qator unlilarini yuqoridagidek ikki guruhga bo'lishga imkon bermaydi.
2) Tilning vertikal harakati, ya'ni uning ko'tarilish darjasiga ko'ra unlilar yuqori, o'rta va quyi ko'tarilish (yoki yopiq, yarim yopiq, yarim ochiq, ochiq) unlilari farqlanadi. Tilda unlilar soni ko'p bo'lsa va ularni tilning ko'tarilishi bo'yicha farqlash maqsadida hamda bir necha tillardagi unlilarni tilning ko'tarilishiga ko'ra farqlash zarur bo'lsa, har bir ko'tarilish belgisini tor va keng shakllarga bo'linadi. Masalan, ingliz tilidagi cho'ziq /i:/, /u:/ unlilari yuqori ko'tarilishning tor shakliga va qisqa /Ι, u/ unlilari keng shakliga kiradi. Bunday keng va tor shaklga bo'lish o'zbek va rus tilidagi unlilarning tilning ko'tarilish belgisiga ko'ra alohida qaraganda zarur bo'lmaydi. Biroq ularni ingliz tili unlilari bilan qiyoslaganda foydalidir.
3) Unlilarning talaffuzida lablar ishtirok etsa – lablangan, ishtirok etmasa – lablanmagan unlilar deyiladi. Unlilarning talaffuzida lablar ishtirok etib, ular ilgariga cho'chchayib chiqsa, kuchli lablangan unlilar deb yuritiladi. O'zbek tilidagi (u), (o') va rus tilidagi (o), (u) tovushlari kuchli lablangan unlilardir. Unlilarning talaffuzida lablar ishtirok etib, ular ilgari cho'chchayib chiqmasligi mumkin. Bunday unlilar kuchsiz lablangan hisoblanadi. Ingliz tilidagi /כ/, /כ:/, /υ/, /u:/ tovushlari ana shunday kuchsiz lablangan unlilardir. Ko'pincha til orqa unlilari lablangan bo'ladi. Biroq, ba'zi tillarda, xususan fransuz tilida til oldi unlilari ichida ham lablangan tovushlar mavjud.
Lablanmagan unlilarning talaffuzida lablar faol ishtirok etmay, ular chekkaga tortilgan (masalan, ingliz tilida /i:/, /a:/, /æ/ unlilari) yoki bevosita (neytral) holatda bo'ladi (o'zbekcha (i), (e), ruscha (i), (e) va inglizcha /i/, /e/, /Λ/ kabi).
4) Yuqorida ko'rsatilgan unlilarning artikulyatsion xususiyatlari ularning sifat belgilari deb yuritiladi. Unli tovushlarning cho'ziq va qisqaligi esa miqdor belgisi deb ataladi va bu belgi talaffuz vaqti bilan o'lchanadi. Akustik jihatdan cho'ziq, yarim cho'ziq, qisqa va juda qisqa unlilarni farqlash mumkin. Cho'ziq va qisqa unlilar ingliz, nemis, fransuz va boshqa tillarda bor. (Cho'ziqlik belgisi tovushning transkripsiya belgisidan keyin (:) bilan beriladi.) O'zbek va rus tillarida tovushlarning cho'ziq va qisqa talaffuzi so'zlarning ma'nolarini o'zgartirmaydi. Biroq tovushlarni cho'ziq talaffuz qilish gapiruvchining ekspressiv (his-hayajon) vositasi sifatida ishlatiladi. Odatda cho'ziq unlilar kuchli va qisqa unlilar kuchsiz talaffuz qilinadi.
Unli tovushlarning monoftonglar, diftongoidlar (yoki diftonglashgan unlilar) va diftonglarga bo'linadi. Turg'un talaffuzga ega bo'lgan unlilar monoftonglar (lotincha monophthong – «bir tovush» ma'nosida) deyiladi. Artikulyatsiyasi davomida turg'un talaffuzga ega bo'lmagan nutq organlari, ayniqsa til va lab bir holatdan ikkinchi holatga ko'chuvchi, lekin talaffuzi yaxlit tovushlar diftongoidlar deb ataladi. Masalan, ingliz tilidagi /i:/, /u:/ unlilari diftongoidlardir. Ikki unli tovushdan tashkil topgan va har ikki elementi bir bo'g'inda yoki bir morfemada bo'luvchi, talaffuzi davomida nutq organlari bir holatdan ikkinchi holatga ko'chuvchi tovushlar diftonglar deyiladi. Diftonglar ingliz, nemis, fransuz, latish va boshqa tillarda mavjud. Diftongning birinchi elementi – uning yadrosi, ikkinchi elementi – glaydi deb yuritiladi. Odatda diftongning yadrosi – aniq, glaydi esa – kuchsiz talaffuz etiladi. Diftonglarni ularning yadrosini tashkil etgan unlining fonetik xususiyatiga ko’ra tasnif qilinadi. Ingliz tilidagi /ei/, /ai/ til oldi diftonglari, /ou/, /oi/ esa, til orqa diftonglaridir. Diftonglarning har ikki elementi ham unli tovushdan iborat bo'lsa, sof diftong deb yuritiladi. Agar diftongning ikkinchi – y (j) – v (w) kabi yarim unli yoki undosh tovushdan iborat bo'lsa, aldamchi diftong deyiladi.
Yuqorida berilgan unlilarning artikulyatsion tasnifidan tashqari, ularning akustik tasnifi ham mavjud bo'lib, bu unlilarning maxsus apparatlar yordamida spektral yoki ossillografik tahlil qilishga asoslanadi. Quyida unlilarning artikulyatsion belgilari asosidagi tasniflarni keltiramiz:
1-jadval