4-MAVZU: INSON VA FUQAROLARNING ASOSIY HUQUQLARI, ERKINLIKLARI VA BURCHLARI Reja: 1. Siyosiy huquqlar
2. Iqtisodiy, ijtimoiy madaniy va ekologik huquqlar
3. Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini kafolatlari
4. Fuqarolarning burchlari
1. Siyosiy huquqlar.
Siyosiy huquqlar-fuqaroning davlatning siyosiy hayotida ishtirok yetish huquqlari: davlat va mahalliy davlat hokimiyati organlariga saylash va saylanish huquqi, so‘z, fikr erkinligi, tinch yig‘ilishlar, kasaba uyushmalari va birlashmalar tuzish huquqlari16.
O‘zbekiston Respublikasining yangi konstitutsiyasiga asosan 36-moddada keltirilganidek:O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi. Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi. Shu munosibat bilan,Fukarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risda Xalqaro paktning 25-moddasida ko‘rsatilishicha: "Har bir fuqaro kanday bulmasin, biror bir turdagi kamsitishlarsiz va asossiz cheklashlarsiz, yalpi va teng saylov xukukiga kura, yashirin ovoz berish orqali vaqti-vaqti bilan o‘tkazib turiladigan hamda saylovchilarning o‘z xoxish-istaklarini erkin ifodalash imkonini beruvchi haqiqiy saylovlarda ovoz berish hamda saylanish huquqi va imkoniyatiga ega bo‘lishi lozim".[1;6].
Shuningdek, Konstitutsiyaning 39-moddasida qayd qiliganidek, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar. Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek davlat hokimiyati vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas”. Fuqarolarning davlat va jamiyat ishla¬rini boshqarishda ishtirok etish huquqi huquqiy-demokratik davlatning muhim prinsiplaridan biri hisoblanadi. Chunki, birinchidan, davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi siyosiy huquqlar tizimida alohida o‘rin egallaydi.
Ikkinchidan, bu huquqlar fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishidagi ishtiroki bilan bog‘liq bo‘lib, o‘z tabiatiga ko‘ra inson tug‘ilganidanoq ega bo‘ladigan va uzviy hisoblangan asosiy shaxsiy huquqlardan farqli o‘laroq, davlat fuqaroligiga ega bo‘lishi bilan bog‘liqdir. Bu farqlar Konstitutsiyada shaxsiy huquqlar “har kim”, siyosiy huquqlar “fuqarolar” deb aniq yo‘naltirilganligida o‘z ifodasini topgan.
Konstitutsiyamizda fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirokini amalga oshirish shakllari ifodalangan.
Fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda bevosita ishtirok etish huquqi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari jamiyat va davlat ishla¬rini boshqarishda saylov va referendumlarda bevosita qatnashishlari va o‘z ovozlarini berishlarida namoyon bo‘ladi.
Fuqarolarning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqi esa oliy va mahalliy vakillik organlariga saylaydigan o‘z vakillari orqali davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda qatnashishlarini ifodalaydi. Mamlakatimizda bosqichma-bosqich olib borilayotgan izchil islohotlar ham bevosita fuqarolarimizning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirokini kafolatlashga qaratilgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan kiritilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan hamda Senat tomonidan ma’qullangan «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun ham fuqarolarimizni siyosiy partiyalar orqali jamiyat va davlat ishlarida faol ishtirok etishlarini mustahkamlab berdi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi - fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlar bilan kafolatlanadigan, ularning o‘z manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy xususiyatlaridan, shuningdek, milliy va ma’naviy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va an’analardan kelib chiqqan holda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qilish borasidagi mustaqil faoliyatidir . O‘zini o‘zi boshqarish bu bevosita fuqarolarni jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtirokining kafolati bo‘lib xizmat qiladi. Chunki fuqarolar o‘zlari istiqomat qiladigan xududda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylash orqali fuqarolar yig‘inini shakllantirishda va uning faoliyatini boshqarishda qatnashadilar.
Davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish deyilganda davlat boshlig‘ini o‘z lavozimiga ega bo‘lishi, Parlamentni hamda sud hokimiyatini shakllantirishni fuqarolarning bevosita yoki bilvosita ishtiroki orqali amalga oshirish tushuniladi.
O‘zbekiston fuqarolari saylovlar orqali o‘z xohish-irodalarini amalga oshirib, o‘zlari saylagan vakillari orqali davlat hokimiyatini boshqarishda ishtirok etadilar.
Demokratiyaning asosiy shakllaridan biri bu - davlat va jamiyat hayotining muhim muammolarini umumxalq muhokamasida o‘z yechimini topishi - referendum hisoblanadi. Referendum atamasi lotin tilidagi «Referendum” so‘zidan olingan bo‘lib, “xabar berilishi lozim bo‘lgan” degan ma’noni anglatadi. Uning hozirgi mohiyati fuqarolarni davlat va jamiyat hayotida bevosita ishtirok etishini bildiradi.
Referendumning saylovlardagi ovoz berishdan farqi shundaki, u biron bir shaxs mandatiga yuridik kuch bermay, balki muayyan masalani hal qilishga qaratiladi. Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan qoidalar asosida referendum orqali qabul qilingan qaror xalq irodasi hisoblanadi va uning yuridik ahamiyati odatda parlament tomonidan qabul qilingan qonun va qarorlardan ustun bo‘ladi. Referendumda qabul qilingan qarorlar fuqarolarni qo‘yilgan muayyan masalaga tasdiqlovchi yoki rad qiluvchi javobi shaklida qabul qilinadi.
Umuman olganda,O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqdir.Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas.Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi.Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak.Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.