12
Makroiqtisodiy siyosat davlat rahbarlarining irodasi va qat’iyatligiga va yetilgan
iqtisodiy muammolarni naqadar idrok etishlariga ham bog‘liq bo‘ladi. U milliy
manfaatlardan kelib chiqqan holda ma’lum maqsadlarni ko‘zlaydi.
Bulardan
asosiylari quyidagilar:
1. Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Bu yalpi ichki mahsulotning bir
maromda va yetarli sur’atlar bilan o‘sishiga sharoit hozirlashni bildiradi,
chunki
YaIM qanchalik tez o‘sa, mamlakat iqtisodiy qudrati shunchalik oshadi.
2. Milliy iqtisodiyotning mustaqilligini ta’minlash, uning chet elga qaram
bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik. Iqtisodiyot qanchalik mustaqil bo‘lsa, shunchalik milliy
manfaatlarga ko‘proq xizmat qiladi.
3. Iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash. Bu iqtisodiy
aylanmaning uzluksizligini,
ya’ni takror ishlab chiqarishning to‘xtovsiz davom etishini, iqtisodiy falajlikka yo‘l
qo‘yilmasligini bildiradi.
4. Milliy pul qadr-qimmatining barqarorligini ta’minlash, mamlakatdagi pul
muomalasining me’yorida
borishiga erishish, pulni iqtisodiy aloqalarning muntazam
ishlab turuvchi vositasiga aylantirish.
5. Aholi turmush farovonligini oshirib, iqtisodiyotning ijtimoiyligini to‘laroq
yuzaga chiqarishga ko‘maklashish.
6. Milliy iqtisodiyotni xalqaro integratsion jarayonlar
va globallashuvda faol
ishtirok etib, xalqaro iqtisodiyotda o‘z o‘rnini topishi, baynalminal iqtisodiy
munosabatlarning teng huquqli ishtirokchisiga aylanishiga erishish.
7. Milliy iqtisodiyotning istiqbolini ta’minlash, ya’ni uni uzoq kelajakda o‘sib
borishiga sharoit hozirlash.
Bular iqtisodiy siyosatning strategik, ya’ni uzoq davrga mo‘ljallangan
maqsadi
hisoblanadi. Biroq, uning qisqa vaqtdagi taktik, ya’ni juz’iy maqsadlari ham bor.
Bular jumlasiga iqtisodiy tanglikdan chiqib ketish,
narxlarning barqarorligini
ta’minlash, investitsion faollikni rag‘batlantirish, eksport salohiyatini oshirish,
innovatsiyalarni ta’minlash, yangi tashqi bozorlarga kirib borish kabilar kiradi. Juz’iy
maqsadlar strategik maqsadlardan kelib chiqadi va ularga xizmat qiladi.