Individ (lotincha “individium” so‘zidan olingan bo‘lib, “bo‘linmas”, “yagona” ma’nolarini anglatadi) xatti-harakatlarini shartli refleks yordamidagina tashkil eta oluvchi biologik mavjudot.
Go‘dak tug‘ilganidan ma’lum yoshga qadar, ya’ni borliqni eng oddiy tarzda anglaguniga qadar individ sanaladi. Bu davrda ham bola atrofdagi turli kishilar bilan o‘zaro munosabatda bo‘ladi, istaklarini xatti-harakatlari, ovozi yordamida ifodalashga intiladi. Biroq, uning bu harakatlari ongli tarzda emas, balki shartli reflekslar yordamida tashkil etiladi. Demak, biologik mavjudot sanaladigan individ shaxs bo‘lishi uchun psixik jihatdan rivojlanishi, o‘zini anglashi, shuningdek, o‘z xususiyatlari va sifatlari bilan boshqalardan farq qilmog‘i kerak.
Har bir shaxs o‘zgalardan farq qiladi. Shaxsni o‘zgalardan farqlovchi jihatlar individuallik sanaladi. Individuallik shaxsning o‘ziga xos xususiyatlarning aks etishi sanaladi.
Tarbiya jarayonini tashkil etishda bola shaxsini puxta o‘rganish, uning yashash sharoitlaridan yetarli darajada xabardor bo‘lish va uning individual xususiyatlarini hisobga olish talab etiladi.
Individual yondashuv o‘quvchining aqliy qobiliyati, bilishga bo‘lgan qiziqishi va iste’dodini namoyon etishda muhim ahamiyatga ega. Bolaning harakatlari uning ijtimoiy munosabatlar jarayonidagi ongli ishtiroki natijasida shakllana boradi. Individning ijtimoiy mavjudot sifatida shaxsga aylanishida irsiyat, ijtimoiy muhit va tarbiya muhim ahamiyat kasb etadi. Ular ta’siridagina individ shaxs sifatida rivojlanib boradi.
Rivojlanishning o‘zi nima? Rivojlanish mohiyatan oddiydan murakkabga, quyidan yuqoriga, eski sifatlardan yangi holatlarga o‘tish, yangilanish, yangining paydo bo‘lishi, eskining yo‘qolib borishi, miqdor o‘zgarishining sifat o‘zgarishiga o‘tishini ifodalaydi. Rivojlanish manbai qarama-qarashliklar o‘rtasidagi kurash sanaladi.
Bola shaxsining rivojlanishi shaxs ijtimoiy mavjudotdir degan falsafiy ta’limotga asoslanadi. Ayni vaqtda inson tirik biologik mavjudot hamdir. Shaxsning rivojlanishi individning fiziologik, ruhiy va intellectual o‘sishini ta’minlovchi faoliyat, xatti- harakatlarning miqdor va sifat jihatdan o‘zgarishini ifodalovchi jarayon.
Shaxs bir butun mavjudot sifatida baholanar ekan, uning rivojlanishiga biologik (tabiiy) va ijtimoiy qonuniyatlar birdek ta’sir etadi, shu bois ularni bir-biridan ajratib bo‘lmaydi. Shaxsning rivojlanishiga uning faoliyati, hayot tarzi, yoshi, bilimi, turmush tajribasi, hatto fojiali vaziyatlar, turli kasalliklar ham ta’sir etadi.
Inson hayoti davomida doimo o‘zgarib boradi. U ham ijtimoiy, ham psixik jihatdan kamolga yetadi, bunda bolaga berilayotgan tarbiya maqsadga muvofiq bo‘lsa, u jamiyat a’zosi sifatida kamol topib, murakkab ijtimoiy munosabatlar tizimida o‘ziga munosib o‘rin egallaydi. Zero, rivojlanish tarbiya ta’siri ostida boradi. Shu sababli shaxsga xos fazilatlarni to‘g‘ri va obyektiv baholash uchun uni turli munosabatlar jarayonida kuzatish lozim. Shaxsni rivojlantirish vazifasini to‘g‘ri hal etish uchun uning xulqiga ta’sir etuvchi omillar va shaxs xususiyatlarini yaxshi bilish zarur.
Ta’lim muassasalarida tashkil etiladigan tarbiya jarayonida uning shaxs rivojlanishiga samarali ta’sir ko‘rsata olishi uchun ta’lim oluvchining o‘sishi va rivojlanishiga xos xususiyatlardan xabardor bo‘lish va inobatga olish maqsadga muvofiq. Binobarin, rivojlanish va tarbiya o‘rtasida ikki tomonlama aloqa mavjud.
Dostları ilə paylaş: |