11
Shunday qilib, musulmon huquqi insonning barcha zaruriy huquq va
erkinliklariga asoslanadi. Musulmonlar o‘rtasidagi munosabatlarda
musulmon huquqini qo‘llash ham xuddi shunga asoslanadi. Mazkur
huquq asoslanadigan ayrim diniy prinsiplar esa tomonlardan biri boshqa
dinning vakili bo‘lgan holatlarda qo‘llanmaydi. Islomda teokratik
jamiyatning ta’limoti hukmron bo‘lib, unga ko‘ra davlatga din yo‘l-
yo‘riqlarini bajaruvchi xizmatkor maqomi berilgan. Islom dini va
ma’rifatiga asoslangan musulmon huquqi mazkur din va ma’rifiylikdan
ozroq bo‘lsa-da, tasavvurga ega kishilarga tushunarli bo‘lishi mumkin.
Musulmon huquqi musulmon xalqlarning
ijtimoiy hayotini shakllan-
tirishning eng harakatchan omilidir. U hayotdagi turli siyosiy qiyin-
chiliklarga qaramay, islomning yagona va qat’iy tarkibini saqlab qolgan
va ijtimoiy hayotning barcha sohalariga ta’sir eta oladi.
Musulmon huquqi tarkibi, toifalari va tushunchalariga ko‘ra jahon
huquqiy tizimlariga qaraganda o‘ziga xos mohiyatga ega. Musulmon
huquqi G‘arbdagi ko‘pgina mamlakatlarning davlat qurilishi va huquqiga
katta ta’sir ko‘rsatgan. Uning bugungi mutanosiblashtiruvchi mavqei
o‘zining tarixiy shakllanishi va rivojlanishi bilan uzviydir. Musulmon
huquqi ilk amal qilish davridan boshlab musulmonlarning yakka va jamoa
bo‘lib yashashlarini tartibga solish vazifasini bajargan.
Jamiyat
hayotining muhim sohalari mutanosiblashtiriladigan sharoitlarda yangi
qabul qilingan qonunlar tufayli an’anaviy musulmon huquqi birmuncha
cheklandi. Biroq, ta’kidlash kerakki, yangi qabul qilinadigan qonunlar
aksariyat hollarda ilgarigi tartib-qoidalarni qabul qiladi, shu bois
hayotning muayyan sohalari (oila, meros, huquq va h.k.) ba’zi
mamlakatlarda an’anaviy musulmon huquqi ta’sirida rivojlanib, tartibga
solinib kelmoqda. Hatto, ayrim mamlakatlar (Eron, Liviya, Pokiston)ning
huquqiy tizimlarida musulmon huquqining mavqei ancha yuksalib,
siyosiy va mafkuraviy hayotdagi o‘rni kuchayib bormoqda.
Turkiston 1917-yilgi Oktabr to‘ntarishigacha bir necha yuz yillar
mobaynida islom va musulmon huquqi keng
tarqalgan va rivojlangan
mintaqa edi. 1928-yilda Xalq komissarlari kengashining buyrug‘iga
asosan shariat sudlari bekor qilindi. Unga qadar fuqarolik ishlari ushbu
sudlarda ko‘rib chiqilar edi. Respublikamiz aholisining hayot tarziga
singgan islom dinining tartiblarini o‘rganish hozirda ham dolzarbdir.
Demak, bunday sharoitda musulmon huquqini huquqiy fanlar sirasida
o‘rganish markaziy o‘rinni egallamoqda. Ushbu o‘quv fanining bahs
mavzui haqida so‘z yuritganda, musulmon huquqining boshqa huquq
fanlaridan tafovutlanadigan ayrim prinsiplariga to‘xtalib o‘tish zarur. Eng
12
avvalo, ta’kidlash kerakki, qaysi davlatda yashashlari, qaysi millatga
mansubligidan qat’i nazar, barcha musulmonlar umumiy qonunchilik
majmuiga, ya’ni musulmon huquqi qoidalariga tayanib, o‘z hayot
tarzlarini tuzadilar. Ba’zan ayrim qoidalarda tafovut bo‘lgan taqdirda
ham, lekin musulmon huquqining bosh qoidalari ular uchun umumiy
hisoblanadi. Musulmon huquqshunosligi nuqtai nazaridan ular xudoga
ma’qul bo‘lgan huquqiy arkonlardir. Aniqrog‘i, musulmonlar o‘z
hayotiy
aqidalarida fransuzlar yoki inglizlarga o‘xshab turli kodekslarga emas,
balki yagona ma’naviy-huquqiy qonunga rioya etib yashaydilar.
Ta’kidlaganimizdek, musulmon huquqi huquqning boshqa tizim-
laridan mohiyatiga ko‘ra tamoman farq qiladi. Musulmon huquqining
tamoyillarini Yevropa qonunchiligining tushunchalari va tamoyillari
asosida muhokama qilib bo‘lmaydi. Musulmon huquqi bilan tanishish
uchun islomning diniy aqidalari to‘g‘risida qisqa bo‘lsa ham, lekin aniq
ma’lumotga ega bo‘lish lozim. Musulmon fuqarolik qonunlari diniy
prinsiplarga bo‘ysunadi. Musulmon huquqida G‘arbiy Yevropa kodeks-
larida mavjud bo‘lmagan (masalan, vaqf va zakot to‘g‘risidagi) qoidalar
uchraydi. Shunday qilib, musulmon huquqi asoslarini o‘rganishga
kirishgan har qanday shaxs eng avvalo hozirgi zamon Yevropa fanining
«huquq» to‘g‘risidagi tushuncha va tamoyillari musulmon qonunchiligi
tizimiga muvofiq kelmasligini yodda tutishi zarur.
Musulmon huquqi shaxslar va ashyolarga aloqador
munosabatlar,
jinoyat va jazo, hokimiyat va unga bo‘ysunish shakllari, davlatni
boshqarish kabi ko‘plab qoidalar to‘g‘risida bahs yuritsa-da, lekin undagi
tushunchalar ilohiy asosga bog‘lanadi, unda inson aqli, tarixiy mavjudlik
ikkinchi darajali hodisa sifatida talqin etiladi. Diniy prinsiplarga
asoslangan musulmon fiqhi real dunyoda ma’naviy poklanish va u
dunyoda rohat-farog‘atda bo‘lish yo‘llari bayon etilgan ilohiy qonunlar
tizimidir. U musulmonlarning diniy, oilaviy, ijtimoiy va davlatga oid
munosabatlarini muvofiqlashtiradi. Aytish kerakki, musulmon huquqi –
turli sohalardagi inson huquqlariga taalluqli yo‘l-yo‘riq va qoidalarning
to‘plami emas, balki din, oila, fuqarolik, jinoyat va jazoga oid huquq
tarmoqlarining umumiy «qomusi»dir. Musulmon huquqi – qat’iy man-
tiqqa
asoslangani, musulmon faqihlari to‘plagan behisob materiallarda
diniy, oilaviy, fuqarolik va jinoyat huquqlarining muhim qoidalari ixcham
tarzda ifoda topgani bilan boshqalardan keskin ajralib turuvchi g‘oyat
o‘ziga xos hodisadir.
Musulmon huquqi tizimiga xoslik shundaki, unda sof diniy qonunlar
musulmonlarning asosiy majburiyatlari: namoz, ro‘za, zakot, haj bilan
13
bog‘liq usullar yordamida yoritiladi. Bundan so‘ng esa nikoh va oilaviy
munosabatlar, qasam, savdo, vafotdan so‘ng mulk taqsimoti, hadya qilish,
yollash, qarzlar, kafolatga olish, vaqf,
mast qiluvchi ichimliklar, ovchilik,
hayvonlar, sudlov, guvohlar, tinch kelishuv bitimi, jazolar, o‘g‘rilik,
muqaddas urush (jihod), vasiyat to‘g‘risidagi qoidalarning bayoni o‘rin
olgan.
Mazkur munosabatlarda sotib olish, pul qo‘yish, qarz berish, ijara
to‘lovi, vakolat berish,
kafolatlash, kelishuv bitimlari ustuvor maqomga
ega. Xususan, meros huquqiga alohida e’tibor berilgan. Meros huquqi,
Muhammad (s.a.v.) payg‘ambardan bizgacha yetib kelgan tartibga ko‘ra,
ushbu huquqning yarmini tashkil etadi, u alohida tadqiqot obyekti
hisoblanib, «ilm-ul-faroiz» deb yuritiladi.
Musulmon huquqi sunniylik mazhabi qonunchiligida maxsus fan –
fiqh, ya’ni qonunshunoslik deb nomlanadi. Lekin ushbu fanning mohiyati
faqat qonunshunoslikdan iborat bo‘lmay, ayni paytda u insonning islom
diniga mansubligi borasidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi ta’limot hamdir.
Dostları ilə paylaş: