Un paychalari ishtirokiga ko‘ra. Tasnifning bu aspektida un (ovoz)
paychalarining tovush hosil qilishda ishtirok etish-etmasligi nazarda tutiladi. Bu belgi
asosida undoshlar quyidagi ikki turga bo‘linadi:
1.Jarangsiz undoshlar - k,p,s,t,f,x,(ts),ch,sh,q,h. Jarangsiz undoshlarning talaffuzida
havo oqimi bo‘g‘izdagi un paychalari orasidan to‘siqqa uchramay o‘tadi, natijada un
paychalari tebranmaydi, ovoz hosil bo‘lmaydi, tovush halqumda yoki og‘iz bo‘shlig‘idagi
to‘siqda yuzaga kelgan shovqinning o‘zidangina tarkib topadi.
2.Jarangli
undoshlar-
b,v,g,d,j,j(dj),z,y,l,m,n,
η
,r,g‘.
Jarangli
undoshlarning
talaffuzida bo‘g‘izdagi un paychalari tortilib, taranglashadi, ular oralig‘idagi bo‘shliq
yo‘qoladi, natijada o‘pkadan kelayotgan havo oqimi un paychalariga urilib, uni tebratadi,
tebranish esa ovozni yuzaga keltiradi, ovoz o‘z navbatida og‘iz bo‘shlig‘idagi to‘siqda
paydo bo‘lgan shovqinga qo‘shilib, tovushning jaranglashuviga sabab bo‘ladi.
IY.
Ovozning ishtirok etish darajasiga ko‘ra. Bu belgi asosida undoshlar sonorlar va
shovqinlilarga bo‘linadi:
1.Sonorlarda ovoz shovqinga nisbatan ustun bo‘ladi (shovqin juda kam miqdorda
qatnashadi). Hozirgi o‘zbek adabiy tilida m,n,
η
,l,r,y undoshlari sonor tovushlar (sonantlar)
hisoblanadi. Sonorlar rezonator ton manbai nuqtai nazaridan ikki guruhga bo‘linadi: a)
burun sonantlari- m,n,ng; b) og‘iz sonantlari- r,l,y. Bulardan 1) "m"ni talaffuz qilishda
bo‘g‘izdan kelayotgan un (ovoz) ikki lab orasidagi to‘siqqa urilib, orqaga qaytadi, shu
tarzda yana halqum orqali burun bo‘shlig‘iga yo‘l oladi. Bu jarayonda bo‘g‘iz, halqum,
og‘iz bo‘shlig‘i va burun bo‘shlig‘i rezonator ton manbaiga aylanadi: shularda qo‘shimcha
tonlar paydo bo‘lib, ovozning shovqinga nisbatan ustun bo‘lishi ta‘minlanadi; 2) "n"ni
talaffuz qilishda bo‘g‘izdan kelayotgan un (ovoz) tilning uchki qismi bilan yuqori milk
orasidagi to‘siqqa urilib, orqaga (halqumga) qaytadi, so‘ng burun bo‘shlig‘iga o‘tadi
(bunda burun yo‘lidagi to‘siq ochilgan bo‘ladi). Natijada og‘iz, halqum, bo‘g‘iz, burun
bo‘shliqlari rezonator ton manbai vazifasini bajaradi. Ammo og‘iz bo‘shlig‘ining
rezonatorlik imkoniyati "m" dagi holatdan kamroq bo‘ladi (chunki hajm va shakl
o‘zgaradi); 3) "ng"ni talaffuz qilishda kelayotgan un(ovoz) tilning orqa qismi bilan
yumshoq tanglayning boshlanish qismi orasidagi to‘siqdan orqaga qaytib, yana halqum va
bo‘g‘izga boradi, halqum orqali burun bo‘shlig‘iga o‘tadi (bunda ham burun yo‘lidagi
to‘siq ochilgan bo‘ladi), natijada og‘iz, bo‘g‘iz, halqum va burun bo‘shliqlarida
qo‘shimcha tonlar paydo bo‘lib, ovozning ustunligi ta‘minlanadi. Bunda shuni ham alohida
ta‘kidlash kerakki, "ng"ning artikulatsiyasida og‘izning rezonatorlik imkoniyatlari
"m"va"n" sonorlaridagi holatdan ancha cheklangan bo‘ladi, chunki bo‘g‘izdan kelayotgan
un tilning orqa qismidagi to‘siqdanoq orqaga qaytganligi tufayli, og‘iz bo‘shlig‘ining
rezonatorlik maydoni juda qisqaradi; 4) "l" ni talaffuz qilishda to‘siq (fokus) tilning uchki
qismi bilan ustki tish (milk) orasida yuzaga keladi, ammo tilning ikki yoni ochiq bo‘ladi.
Undan sirg‘alib o‘tgan un lunj devoriga tegib, qo‘shimcha tonlar hosil qiladi, bunday
qo‘shimcha tonlar halqum va hiqildoqda (bo‘g‘izda) ham yuzaga keladi, ammo burun
bo‘shlig‘i rezonator manbai sifatida ishtirok etmaydi, chunki yumshoq tanglay oxiridagi
kichik til burunga o‘tadigan yo‘lni to‘sib qo‘yadi. Shuning uchun "l" og‘iz sonanti
hisoblanadi; 5) "r"ni talaffuz qilishda tilning uchi qattiq tanglayning old qismi tomon
ko‘tariladi, bo‘g‘izdan kelayotgan havo oqimi tilning uchiga urilib, uni bir-ikki silkitadi,
natijada havo tebranishi yuzaga keladi. Lunjning bir qadar kengayishi rezonator tonning
hosil bo‘lishiga imkon yaratadi; "r" ning artikulatsiyasida ham burun bo‘shlig‘i ishtirok
etmaydi, chunki havo oqimining burunga o‘tadigan o‘rni kichik til tomonidan to‘silgan
bo‘ladi; 6) "y"ni talaffuz qilishda tilning o‘rta qismi qattiq tanglay tomon ko‘tariladi,
7
tilning o‘zi oldinga siljiydi, uning ikki cheti yon tishlarga, uchi esa pastki tishlar milkiga
tegadi. Bu sonorning hosil bo‘lishida ham og‘iz bo‘shlig‘i, halqum va bo‘g‘iz rezonator
toni manbai bo‘lib xizmat qiladi, ammo burun bo‘shlig‘i bu jarayonda ishtirok etmaydi
(kichik til havo yo‘lini to‘sib turadi).