3. Korxonalarda tovar siyosati va uning marketing tizimidagi o’rni. Tovar – bu sotish maqsadida ishlab chiqarilgan, talabni qondiruvchi
buyumlardir. Tovar tushunchasi moddiy obyektlar bilan cheklanmaydi. Talabni
qondiruvchi barcha xizmat turlari tovar hisoblanadi. Tovar deb, ma’lum bir
ehtiyojni qondirish maqsadida bozorga sotib olish, foydalanish va iste’mol qilish
uchun taklif etilayotgan mahsulot tushuniladi. Mahsulotga narx belgilanishi va
bozorga taklif etilishi bilanoq u tovarga aylanadi. Shuning uchun ham “tovar”
atamasi “mahsulot” atamasi bilan teng ma’noda ishlatiladi. Marketing nuqtai
nazaridan tovar ma’lum bir iste’mol qiymatiga ega bo‘lishi kerak. Tovarning
iste’mol qiymati esa, inson ehtiyojlarini qondirishi mumkin bo‘lgan
xususiyatlarining majmuidan tashkil topadi.
Xizmatlar – insonga foydali natija va qoniqish beradigan harakatlar. Bularga
sartaroshxonada soch oldirish, kiyim tikish, soatlarni tuzatish kabilarni misol qilib
keltirish mumkin. Bundan tashqari tovarlarga so‘nggi qo‘llanilishi nuqtayi
nazaridan qaraganda ular ikki guruhga bo‘linadi: iste’mol tovarlari va ishlab
chiqarish – texnik maqsadlarga mo‘ljallangan tovarlar.
Kishilarning talabalari cheksizdir, lekin ularni qondirish uchun zarur bo‘lgan
resurslar cheklangan. Shuning uchun kishilar o‘zlarining moliyaviy
imkoniyatlariga yarasha eng ko‘p qoniqtiradigan tovarlarni tanlab oladilar.
Tovarning hayotiylik davri – tovarning bozorda paydo bo‘lgan davridan
boshlab, to uning sotilmay qolishigacha bo‘lgan vaqt oralig‘idir. Tovarning
hayotiylik davri konsepsiyasi har qanday tovar qanchalik darajada mukammal
bo‘lmasin, bu tovar bozordan ertami-kechmi undan ham mukammalroq tovar
tomonidan siqib chiqarilishiga asoslanadi.
Tovarning hayotiylik davri konsepsiyasi ilk bor amerikalik marketolog
T.Levitt tomonidan 1965-yilda ta’riflangan edi. Ushbu nazariyaning mohiyati
shundan iboratki, tovar o‘ziga xos tirik organizm kabi hayotiylik davrini o‘taydi.
Ma’lumki, tirik organism tug‘ilish, keyin rivojlanish, so‘ngra yetuklik, qarilik
bosqichlarini o‘tib, o‘z yashash davrini o‘lim bilan tugatadi. Shunga o‘xshash tovar
hayotiylik davri jarayonida bozorga kirish, o‘sish, yetuklik va chiqish kabi
bosqichlarni o‘taydi.
Tovarning hayotiylik davri bosqichlarini 5.3-rasmda ko‘rsatilgan egri
chiziqlar bilan tasvirlash mumkin.