www.ziyouz.com kutubxonasi
167
«Zafarnoma»sini qo‘liga olib varaqladi.
Bu kitobning muqaddimasida Shomiyning Amir Temurdan qanday topshiriq olgani hikoya
qilingan edi. Sohibqiron jangnomalar va tarix kitoblarida ko‘p uchraydigan hashamdor
takalluflarni suymas ekanlar, ortiqcha lof urishlar, mubolag‘alar ichida haqiqat yo‘qolib
ketishini, dabdabali uslub chindan sodir bo‘lgan voqealarning ma’no va mohiyatini
odamlardan to‘sib qo‘yishini aytgan ekanlar. «Shuning uchun siz bor haqiqatni aniq
ravon qilib yozing, toki uning ma’nosini avom xalq ham anglagay, xos kishilar ham
maqbul ko‘rgay», — deb sohibqiron Shomiyga maxsus tayinlagan ekanlar.
Afsuski, Shomiy bu topshiriqni to‘liq uddalay olmagan ekan. Amir Temur uning
«Zafarnoma»sini o‘qiganda qanoatlanmaganini Bobur onasi in’om qilgan sandiqdagi
boshqa qo‘lyozma manbalardan bildi. Ehtimol, shundan so‘ng Amir Temurning ko‘rgan-
kechirganlari va yaratgan tuzuklari uning o‘z tilidan aniq, iliq va ravon uslubda bayon
etilgandir?
Hozir Boburning diliga eng yaqin uslub mana shu edi. U xotira yozishda ham sohibqiron
bobokalonidan saboqlar olar, boshidan kechirgan barcha hodisalarni, yutuq va xatolarini
eng ishongan sirdoshiga aytib dardlashgan kabi samimiyat bilan qalam tebratardi. Faqat
uning endigi sirdoshi — o‘ziyu mana shu daftari edi. «Ko‘nglimdan o‘zga mahrami asror
topmadim!» deb g‘azal bitgan Bobur endi barcha ko‘rgan-kechirganlarini mana shu
mahramiga roz aytganga o‘xshab xotira yozardi.
Bu rozlar orasida faqat jabru jafolar emas, yodga tushganda ko‘ngilni ko‘taradigan
voqealar ham yo‘q emas edi. Boshiga tushgan ko‘rguliklar Boburni nihoyatda
chiniqtirgan, goho yalang oyoq qor kechib yurar, ammo shamollash nimaligini bilmas
edi. Shu haqdagi bir lavhani daftariga yozib qo‘ydi:
«Xashtiyak kenti yaqinida mahkam zarb sovuq edikim, ikki-uch kishi sovuqning
shiddatidan o‘lub edi. Manga g‘uslga ehtiyoj bo‘ldi. Bir ariq suvidakim chekkalari qalin
muz to‘ng‘ib edi, o‘rtasi suvning tezligidan yax bog‘lamaydur edi, bu suvga kirib g‘usl
qildim, o‘n olti qatla suvga cho‘mdim».
O‘shandagi sovuqning ta’siri yodiga tushib, eti yana bir junjikdi, lekin o‘n olti marta muz
orasiga cho‘mgan bo‘lsa ham, sog‘-salomat qolgani — vujudida qanchalik pahlavonona
kuch-quvvat yig‘ilganidan dalolat berishini o‘ylab suyunib qo‘ydi.
Ammo shundan keyingi voqealarni qalamga olganda Ahmad Tanbalga in’om qilgan
bag‘dodiy qilichi aylanib kelib Boburning joniga qasd qilgani ko‘z oldida tahlikali tarzda
gavdalandi.
O‘sha yili Bobur Ahmad Tanbal bilan qaytadan jangga kirishib, O‘sh va O‘zganni qo‘lga
kiritgan, Andijon yaqinida uning askarlariga shikast yetkazib, qo‘rg‘on ichiga chekinishga
majbur qilgan edi.
Biroq kechasi Bobur qorovullikka tayin etgan nav-karlar beparvolik qilib uxlab qolganmi
yoki tunda Tanbal bilan yashiriqcha til biriktirganmi, har qalay, tong qorong‘isida kimdir
«Yog‘iy bosdi!» deb qichqirdi-da, ura qochdi. Xakan arig‘i yaqinida ochiq joyda uxlab
yotgan odamlar cho‘chib uyg‘onishdi-yu, vahima ichida tum-taraqay bo‘lib ketishdi.
Bobur tez otga minib, yoni-veriga qarasa, o‘ntacha odami qolibdi. Nariroqda yovning
jangdovullari qochganlarning ketidan o‘q otyapti:
— To‘xta! Qaytinglar! — deb qichqirdi Bobur o‘z odamlariga. Ammo hech kim qaytmadi.
Yov jangdovullari ozdek ko‘rindi. Bobur yoydan ularga qarab o‘q otdi. Jangdovullar
qochdi. Bobur ularni quvish bilan bo‘lib, daraxtlar orasidan chiqib kelgan yuzga yaqin
otliqlarni ancha kech ko‘rdi.
Tong yorishib qolgan edi. Hammadan oldinda qo‘lida qalqon tutgan, qilich
yalang‘ochlagan Ahmad Tanbal kelmoqda edi.
Bobur uni tanigach, otining jilovini tortib, yon-veriga qaradi. U bilan faqat Tohir va yana