Yong`in xavfsizligi sohasidagi ishlar va xizmatlar yong`in xavfsizligi talablarini amalga oshirish, shuningdek yong`inlar profilaktikasini ta’minlash va yong`inlarni o`chirish maqsadida bajariladi hamda ko`rsatiladi. Yong`in xavfsizligi sohasidagi ishlar va xizmatlar jumlasiga quyidagilar kiradi:
moddalar, materiallar, buyumlar, konstruksiyalar va asbob-uskunalarni yong`in xavfsizligi jihatidan sinovdan o`tkazish;
loyiha, tadqiqot ishlarini bajarish;
olovdan himoya qilish va pech-mo`rikon ishlarini bajarish;
yong`inga qarshi himoya tizimlari va vositalarini montaj qilish, ularga texnik xizmat ko`rsatish hamda ularni ta’mirlash;
yong`inga qarshi aslaha-anjomlarni, yong`inni o`chirishning birlamchi vositalarini ta’mirlash va ularga xizmat ko`rsatish, olovni o`chirish moddalarining sifatini tiklash.
Yong`in xavfsizligi sohasidagi ishlar va xizmatlar jumlasiga qonunchilikka muvofiq boshqa ishlar va xizmatlar ham kiritilishi mumkin.
18-modda. Yong`inga qarshi targ`ibot va yong`in xavfsizligi
chora-tadbirlarini qo`llashni o`rgatish
Yong`inga qarshi targ`ibot aniq maqsadni ko`zlagan holda jamiyatni ommaviy axborot vositalari, maxsus adabiyotlar va reklama mahsulotlarini nashr еtish hamda tarqatish, muayyan mavzuga bag`ishlangan ko`rgazmalar, ko`riklar, konferensiyalar o`tkazish va aholini xabardor qilishning qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllaridan foydalanish orqali yong`in xavfsizligi muammolari va yong`in xavfsizligini ta’minlash yo`llari haqida xabardor qilishdir.
Yong`inga qarshi targ`ibotni yong`indan saqlash xizmati, shuningdek yong`indan saqlash xizmati ko`magida vakolatli organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari, tashkilotlar va fuqarolar o`tkazadi.
Tashkilotlarning xodimlariga yong`in xavfsizligi chora-tadbirlarini qo`llashni o`rgatish ish beruvchilar (ma’muriyat, mulkdorlar) tomonidan yong`in xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq, tegishli vakolatli organlar tasdiqlagan va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan maxsus dasturlar bo`yicha olib boriladi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga va boshqa ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan shaxslarga yong`in xavfsizligi chora-tadbirlarini qo`llashni majburiy tarzda o`rgatish mazkur muassasalar tomonidan tegishli vakolatli organlar tasdiqlagan va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishilgan maxsus dasturlar bo`yicha amalga oshiriladi.
Umumiy o`rta, o`rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida bolalarga yong`in xavfsizligi chora-tadbirlarini qo`llashni o`rgatish, ularni kasbga yo`naltirish, yong`inga qarshi targ`ibot tizimini takomillashtirish hamda yong`inlarning oldini olishga va yong`in chog`ida to`g`ri harakat qila bilishga qaratilgan boshqa vazifalarni amalga oshirish maqsadida qonunchilikka muvofiq yosh yong`in o`chiruvchilar drujinalari tashkil еtilishi mumkin.