14- Amaliy mashg‘ulot Mavzu: Urug‘. Bir va ikki pallali o‘simliklar urug‘ining tuzilishi. Kerakli jihozlar: suvda ivitilgan bug‘doy doni va loviya urug‘i, buyum oynasi, qoplag‘ich oyna, lupa, lanset, preparoval nina.
Nazariy ma’lumotlar: Gulli o‘simliklarning hayot sikli davomida, urug‘ining unib chiqishidan voyaga etgan o‘simlikda yangi urug‘ paydo bo‘lguncha barcha asosiy organlar shakllanadi. Urug‘dan urug‘ hosil bo‘lguncha o‘tgan davr ontogenez yoki o‘simlik organizmining individual rivojlanish davri deb ataladi.
Gulli o‘simliklar ontogenezining davomliligi bir-birinikidan katta farq qilishiga qaramay, har bir individning xayoti urug‘ning unib chiqishidan boshlanib, urug‘ hosil bo‘lishi bilan tamomlanadi. Urug‘ unib chiqishi, ya’ni murtagi rivojlanishi uchun, albatta, zahira oziq moddalar bo‘lishi shart.
Bu moddalarning vazifasi urug‘ning rivojlanayotgan murtagini oziqlantirib turishdan iborat, chunki bu vaqtda murtak xali tash-qaridan oziqlana olmaydi. Shuning uchun gulli o‘simliklarning xar bir urug‘ida, murtakdan tashqari, aloxida to‘qimalarda – endosperm yoki perispermda zahira oziq moddalar to‘planadi. Perisperm urug‘kurtakning nusellusidan hosil bo‘ladi, unda oziq moddalar ko‘p. Perisperm ba’zi chinniguldoshlarda uchraydi va uning tarkibida, odatda, kraxmal ko‘p, oqsil kam bo‘ladi. Zahira oziq moddalar murtakning to‘qimalarida va qisman urug‘ pallalarida ham hosil bo‘ladi.
Urug‘lar quyidagi turlarga bo‘linadi:
Endospermsiz urug‘lar. Urug‘dan murtakning unib chiqishi uchun kerakli zaxira oziq moddalar murtakning o‘zida, ya’ni urug‘ pallalarida tpo‘langan bo‘lsa, endospermsiz urug‘lar deyiladi. Bu urug‘lar dukkakdoshlar, murakkabguldoshlar, qovoqdoshlar oilalarining vakillarida uchraydi.
Endospermli urug‘lar. Urug‘da murtakning unib chiqishi uchun kerakli bo‘lgan oziq moddalar maxsus g‘amlovchi to‘qima endospermda to‘plansa endospermli urug‘ deyiladi. Bunday urug‘lar qo‘ng‘irboshsimonlar oilasi va ituzumdoshlar oilalarining vakillarida aniq ko‘zga tashlanadi.
Perispermli urug‘lar. Bulardan perisperm urug‘ kurtakning nutsellusidan hosil bo‘ladi. Zahira oziq moddalar urug‘ kurtakning nutsellus hujayralarida to‘plagan bo‘lsa, perispermli urug‘lar deyiladi. Perispermli urug‘larni chinniguldoshlar va sho‘radoshlar oilalarining ko‘zga tashlanadi.
Urug‘ning zahira oziq moddalari uglevodlar, moylar, oqsillardan iborat, bulardan tashqari, vitaminlar, fermentlar va anorganik moddalar ham bor. Ba’zi o‘simliklarda, masalan, dukkaklilarda (mosh, no‘xat, loviya) urug‘ida, asosan oqsil g‘alladoshlar (bug‘doy, javdar, sholi) donida uglevodlardan kraxmal ko‘p bo‘ladi. Shuni aytish kerakki, moylar zahira oziq moddalarning eng ko‘p kalloriya beradigan qismi xisoblanadi. Masalan, 1 g uglevod yonganda 4200 kaloriya, 1 g oqsil yonganda 4400 kaloriya, 1 g moy yonganda 9500 ga yaqin kichik kaloriya issiq lik ajraladi.