Tibbiyot institutlari talabalari uchun o’quv adabiyoti u. Z. Qodirov A. A. Abdumadjidov



Yüklə 0,76 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə38/52
tarix29.10.2022
ölçüsü0,76 Mb.
#66729
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   52
Bolalar fiziologiyasi

2-guruh. Somatomammotropinlar. O’sish gormoni (O’G), prolaktin (PRL) va
odamning platsentar laktogenidan (OPL) iborat. Bu gormonlar molekulasida
disulfid ko’prikchalar bo’lib, aminokislotalar ketma-ketligidagi o’xshashlik juda
aniq seziladi.
3-guruh. Glikoprotein. Bu guruhni biri-biriga o’xshagan, ikkita peptid zanjirdan
tuzilgan – follikullarni stimullovchi gormon (FSG), lyuteinlovchi gormon (LG),


odamning xorionik gonadotropini (OXG) va tireotrop gormonlar (TTG) tashkil
qiladi.
O’SISH GORMONI (SOMATOTROPIN)
O’sish gormoni - 191 aminokislota qoldig’idan tashkil topgan yakka zanjirli
peptid. U turga xos xususiyatga ega. Shu sababdan hayvonlar gipofizidan ajratib
olingan gormon odamga yuborilganda, samara bermaydi. Gormon qonga vaqti-
vaqti bilan har 20-30 daqiqada ajralib turadi va katta yoshdagi odam tinch
holatda bo’lganida uning qondagi miqdori 3 ng/ml dan oshmaydi. Gormonning
qonga o’tishi chuqur uyqu vaqtida, jismoniy ish bilan shug’ullanganda,
organizm shikastlanganida, gipoglikemiyada, arginin, vazopressin, morfin va
boshqa moddalar ta’sirida ko’payadi.
Endi tug’ilgan chaqaloqlar qonida o’sish gormonining miqdori o’rtacha 14,4
ng/ml. Bu miqdor ona qonidagidan 2-2,7 marta ko’p. Birinchi haftaning oxiriga
borib chaqaloq qonidagi o’sish gormonining miqdori 7,3 ng/ml gacha kamayadi.
Chaqaloqlik davrida qonda o’sish gormonining ko’p bo’lishiga sabab
tug’ilgandan keyin ona qonidan glyukoza o’tishining to’xtashi va bolada
gipoglikemik holat rivojlanishida bo’lsa kerak.
Chaqaloqlik davrida o’sish gormoni sekretsiyasi jadal bo’lishining biologik
ahamiyati uning metabolik samarasiga bog’liq: gormon oqsillar almashinuviga
anabolik ta’sir qiladi va ayni vaqtda yog’larni energiya almashinuviga safarbar
etadi. Chaqaloqning yangi sharoitga moslashishida bu juda muhim.
O’sish jarayonida o’sish gormonining qondagi miqdori o’zgarib turadi. O’g’il
bolalar 10-11 yoshga to’lganda gormon miqdori ortadi, 12-13 yoshda ikki marta
kamayadi. 14-15 yoshga borganda bu ko’rsatkichning yana bir ko’tarilishi
kuzatiladi.
To’qimalarning o’sish gormoniga sezgirligi ham bolalik davrlarida birday
emas: bola hayotining olti yili davomida sezgirlik nisbatan past.
O’sish gormonining birinchi galda ko’zga tashlanadigan samarasi – tog’aylar
o’sishini rag’batlantirish. U sulfat anionini xondroitinsulfat tarkibiga
kiritilishini, ayni vaqtda aminokislotalarni oqsillar tarkibiga o’tishini va nihoyat,
mitozlarni ko’paytirib, hujayralar bo’linishini tezlashtiradi.
O’sish gormonining suyaklarni bo’yiga o’stirish samarasi maxsus peptid –
somatomedin ta’sirida yuzaga chiqadi. Qonda bu peptidning uch xili mavjud.
Ulardan 63 ta aminokislotadan tuzilgan somatomedin C yaxshi tekshirilgan.
Somatomedin C jigarda sintezlanadi. Jigarni qisman olib tashlash qondagi peptid
miqdorini 75 % ga kamaytiradi. Qonda somatomedin plazma oqsillari bilan
birikkan shaklda bo’lgani tufayli uning yarim parchalanish davri 2-4 soatga teng
(boshqa peptid gormonlarning yarim parchalanish davri 20-30 daqiqa).


Somatomedinning qondagi miqdori yoshga bog’liq holda o’zgaradi.
Chaqaloqning kindik qonida uning miqdori 0,3 birlik/ml, ikki yashar bolalar
qonida – 0,4-0,5 birlik/ml, katta yoshdagi odamlarda – 1-2 birlik/ml ga teng. Bu
raqamlarga qarab, bola eng jadal o’sish davrida to’qimalarning somatomedinga
sezgirligi yuqori yoki uning aylanishi tez degan xulosaga kelish mumkin.
Adenjgipofiz faoliyati yetishmovchiligi bo’lgan, uzoq vaqt o’sish gormoni
bilan davolangan bolalarda o’sish jadalligi va qondagi somatomedin miqdori
o’rtasida to’g’ri musbat nisbat borligi aniqlangan.
Somatomedinlar tog’ay to’qimasiga nisbatan quyidagi samaralarga ega:
1) SO
4
ni proteoglikonlarga kiritilishini rag’batlantiradi;
2) timidinni DNK ga kiritilishini rag’batlantiradi;
3) RNK sintezini rag’batlantiradi;
4) oqsil sintezini rag’batlantiradi.
Bu samaralarning ba’zilari sitoplazmatik membranalarning aminokislotalar
uchun o’tkazuvchanligi ortishiga bog’liq.
Somatomedin C mitogen faolligini faqat tog’ay hujayralarida emas, balki
boshqa hujayralarga nisbatan ham namoyon qiladi va bu jihatdan o’stiruvchi
peptid 
omillarga 
o’xshaydi 
(masalan, 
nervlarni 
o’stiruvchi 
omilga,
trombotsitlarni o’stiruvchi omilga va h.k).
O’sish gormoni – o’sishga ta’sir qiluvchi asosiy gormon. Ammo o’sish
jarayonining 
plastik 
va 
energetik 
ehtiyojlarini 
ta’minlash 
uchun
somatotropinning bir o’zi yeterli emas. Somatotropinning insulin, tireoid va
jinsiy gormonlar bilan hamjihatligi zarur. Skeletning shakllanishida kalsitonin
va paratgormon ishtirok etadi. O’sish gormoniga nisbatan antogonist bo’lgan
garmonlar, masalan, glyukokortikoidlar borligini ham nazarda tutish kerak.
Demak, somatotropin somatomedin bilan birga suyaklarning epifizar
sohasida tog’ay to’qima hosil bo’lishini tezlashtiradi. Buning hisobiga naysimon
suyaklar bo’yiga o’sadi. Tog’ay ko’payishini undagi hujayralar bo’linishining
tezlashishi, oqsil, murakkab uglevodlar, xususan kollagen va xondroitinsulfat
mukopolisaxaridi sintezlanishining jadallashishi ta’minlaydi.
O’sish gormoni muskul va parenximatoz a’zolar rivojlanishini ham
rag’batlantiradi.
GIPOFIZAR MITTILIK
Murg’ak bolalarda somatotropin samarasining yetishmovchiligi o’sish
jarayonining keskin sekinlashishiga va gipofizar nanizm holati (mittilik)
rivojlanishiga olib keladi (3-rasm). Bu kasallikda odamning bo’yi past bo’lsada,
gavda qismlarining nisbati saqlanib qoladi, qo’l-oyoqlar, tana kichkina,
barmoqlar ingichka bo’ladi. Bunday bemorlar ruhiy rivojlanishda orqada
qolmaydilar. Jinsiy a’zolar rivojlanmaydi. Erkak-gipofizar mittilarda jinsiy
zaiflik kuzatiladi, ayollar esa, odatda homilador bo’lmaydilar. Bunday holat


homilada yoki bolaning juda yoshligida boshlanib, o’sish jarayoni juda erta
to’xtashiga olib keladi.
Bo’y erkaklarda 130 sm dan, ayollarda 120 sm dan past bo’lsa, mittilik
to’g’risida gap yuritish mumkin. Dunyodagi eng pakana odamning bo’yi 48 sm
bo’lgan. Shu vaqtda ham yashayotgan eng pakana odam Nelson de La Rosaning
bo’yi 71 sm.
Gipofizar pakanalik yuzaga chiqishining bevosita sababi bir necha bo’lishi
mumkin. Birinchisi – somatotrop gormonining birlamchi yetishmovchiligi. Bu
yetishmovchilik 
adenogipofiz 
shikastlanishidan 
yoki 
gipotalamusda
somatoliberin kam miqdorda ishlab chiqarilishidan kelib chiqishi mumkin.
Ikkinchisi – o’sish gormoni qonda me’yorida bo’lgan bir vaqtda, somatomedin
sintezining kamayib ketishi. Bunday holat ovqatda oqsil va energiya miqdori
juda oz bo’lganda kuzatiladi. Mittilik rivojlanishining uchinchi sababi –
to’qimalarning somatotropin va somatomedin ta’siriga sezgirligining yo’qolishi.
Bunday holat Afrikaning markaziy hududlarida yashovchi pigmeylarda
aniqlangan. Pigmeylar qonida somatotropin va somatomedin yetarli miqdorda
bo’lsada, ularning bo’yi juda past.
Ilgari somatotropin yetishmovchiligi gipofiz oldingi bo’lagining tug’ma
nuqsonlari bilan bog’liq kam uchraydigan kasallik hisoblanar edi. Yangi, yuqori
sezgirlikka ega bo’lgan radioimmunologik usullar yordamida o’tkazilgan
tekshirishlar
natijasi o’sishi orqada qolgan bolalarning 50
% ida
somatotropinning qondagi miqdori me’yoridan kamligini ko’rsatadi. Kun
tartibiga bunday bolalarni davolash masalasi qo’yiladi. Masalani hal qilish
yo’lidagi qiyinchilik – somatotropinning turga xos xususiyati. Davolash uchun
faqat odam gormoni qo’llanilishi mumkin. Gen muhandisligi yordamida odam
somatotropinini sintezlash bu qiyinchilikni yengish imkoniyatini tug’diradi.
GIPOFIZAR BO’YDORLIK
Somatotropin inkretsiyasining kuchayishi erta bolalik chog’ida aniqlansa,
o’sish jarayoni juda tezlashib ketadi va o’sish davri sezilarli darajada cho’ziladi.
Ko’pincha o’sishning me’yoridan tezlashishi 12-15 yoshlarda qayd etiladi va
25-30 yoshgacha davom etadi. Bolalik chog’idayoq tana uzunligi 200 sm ga
yaqinlashib qoladi.
Yumshoq to’qimalar va ichki a’zolar ham tez o’sadi. Qo’l-oyoqlar
uzunlashadi, ularning kaftlari kattalashadi. Birinchi galda bilak va boldir
suyaklarining uzunlashgani ko’zga tashlanadi. Bosh nisbatan kichikroq, yuz
cho’ziq bo’ladi, dahan kattalashib, oldinga chiqib turadi.
Ba’zida ichki a’zolarning o’sishi tananing o’sishidan orqada qoladi. Nisbatan
kichik bo’lgan yurak va o’pka organizmning kislorodga bo’lgan ehtiyojini to’la
qondira olmaydi. Natijada yengil ish bajarish ham halloslashga olib keladi.
Bo’yi 200 sm dan oshgan erkaklarni va 190 sm dan oshgan ayollarni bo’ydor
(gigant) deydilar. Hozir olamda yashovchi ayollarning eng bo’ydori


indoneziyalik Muliya bo’lsa kerak. Uning bo’yi 233 sm. Hozirgi kunda eng
novcha erkak pokistonlik Muhammad A’lam Channadir. Uning bo’yi 247
sm.Amerikalik Jon Kerrolning bo’yi 263,5 sm bo’lgan.
Ko’pincha bo’ydorlarning skelet muskullari yaxshi rivojlanadi va ular
yoshligida kuchli bo’ladilar. Keyinchalik muskullar kuchsizlanib, tez charchash
kuzatiladi.
Bo’ydorlikda ba’zi chetdagi endokrin bezlarning faoliyati o’zgaradi. Jinsiy
bezlar rivojlanishi orqada qoladi va gipogenitalizm belgilari kuzatiladi. Jinsiy
a’zolarning o’sishi yoshdan orqada qoladi, ikkilamchi jinsiy belgilar yaxshi
namoyon bo’lmaydi. Ayollarning sut bezlari rivojlanmagan bo’lib, ularning
hayz ko’rish ritmi buziladi.
Ba’zi bo’ydorlarda kasallik boshlanish davrida jinsiy a’zolar ham tananing
bo’yiga o’sishi bilan monand holda kattalashadi, jinsiy faoliyat ham saqlanib
qoladi. Ammo keyin bu faoliyat sustlashadi, ayollarda hayz ko’rish yo’qoladi,
erkaklarda jinsiy zaiflik (impotensiya) rivojlanadi. Jinsiy a’zolar atrofiyaga
uchraydi.
Jinsiy bezlardan tashqari, bo’ydorlarda neyrogipofiz, qalqonsimon bez,
Langergans orolchalari faoliyatining buzilishi belgilarini ham ko’rish mumkin.
Xususan, ularda ko’pincha qandli diabet, ba’zan qandsiz diabet rivojlanadi.
Gigantizm ruhiy faoliyatlar buzilishiga ham olib kelishi mumkin. Aqliy
imkoniyatlarning kamayishi ba’zan rivojlangan aqlsizlik darajasigacha yetadi.
Infantillik, tez hafa bo’lish, uyquning buzilishi ko’p uchraydigan alomatlardir.
O’SISH GORMONI SEKRETSIYASINING BOSHQARILISHI
Bu gormon sekretsiyasining boshqarilishida nerv va ovqat omillari ishtirok
etadi. Boshqaruv omillari orasida hujayralarning energiya bilan ta’minlanishi
eng muhim. Qondagi glyukoza va somatomedin miqdori o’rtasida teskari nisbiy
aloqadorlik mavjud. Bu aloqani gipotalamusdagi glyukozani sezuvchi
retseptorlar ta’minlaydi. Chaqaloqlik davrida o’sish gormonining qonda
ko’payishini bu davrda rivojlanadigan gipoglikemiya yuzaga chiqaradi.
Qondagi aminokislotalar miqdorining o’zgarishi ham somatotropin
sekretsiyasiga ta’sir qiladi: aminokislotalar qonga kiritilsa, gormon sekretsiyasi
jadallashadi. Buning yuzaga chiqishi somatomedin bilan bog’liq bo’lishi
mumkin, chunki aminokislotalar qonga yuborilganda, uning qondagi miqdori
kamayadi. Turli stressor holatlar (hissiy zo’riqish, og’riq ta’siri va boshq.) o’sish
gormoni sekretsiyasini tezlashtiradi. Bu o’zgarish markaziy adrenergik
tuzilmalar ishtirokida hal bo’ladi. Miya adrenergik tuzilmalari faolligining
o’zgarishi uyqu va bedorlik sharoitida somatotropin miqdori o’zgarishining
sababi bo’lishi mumkin.
PROLAKTIN


Prolaktin – adenogipofizning effektor gormonlaridan biri. Uni laktotrof
hujayralar progormon shaklida sintezlaydi. Bu hujayralarning soni homiladorlik
vaqtida keskin ko’payadi. Gormon 198 aminokislota qoldig’idan tashkil topgan,
bir zanjirli peptid. Qonga vaqti-vaqti bilan (har 30-90 daqiqada) ajraladi. Yarim
parchalanish davri 15-20 daqiqa. Prolaktinning ayollar qonidagi miqdori 8-10
ng/ml, erkaklarda sal kam – 5-8 ng/ml. Gormonning erkaklar uchun ahamiyati
lyutropin va testosteron bilan birgalikda prostata va urug’ pufakchalari o’sishini
ta’minlashdir.
O’spirinlik davrida prolaktinning qondagi miqdori sezilarli darajada (30
ng/ml gacha) oshadi. Buning natijasida o’g’il bolalarning ko’krak bezlari
vaqtincha kattalashadi (pubertat ginekomastiya). Yetuk yoshdagi erkaklarda
giperprolaktinemiya jinsiy axloqqa ta’sir qiladi: ularda erkaklar jinsiy gormoni
testosteronning miqdori me’yorida bo’lsa ham, jinsiy zaiflik rivojlanadi.
Prolaktin sekretsiyasi boshqarilishida reflektor mexanizmlar (emish, ko’krak
so’rg’ichidagi retseptorlardan afferent impulslarning gipotalamusga yetib
kelishi, prolaktoliberinning qonga o’tishini tezlashishi, gipofizda prolaktin
sekretsiyasining kuchayishi) muhimligini yuqorida ko’rsatdik. Prolaktin
sekretsiyasining 
tezlashishi 
serotoninergik 
mexanizmlar, 
gormon
sekretsiyasining kamayishi esa dofaminergik mexanizmlar orqali yuzaga
chiqadi.
Chaqaloqlar qonida, ularning jinsidan qat’i nazar, prolaktin konsentratsiyasi
juda yuqori (100-500 ng/ml). 2-3 oy o’tgach, gormon miqdori katta yoshli odam
qonidagi miqdorga tenglashadi. Chaqaloq qonida prolaktin miqdorining
bunchalik ko’p bo’lishini sabablari mutlaqo noma’lum.
Prolaktinning asosiy fiziologik samarasi – sut sekretsiyasini rag’batlantirish.
Sut bezlari to’qimasida prolaktin glyukoza o’zlashtirilishini va yog’
sintezlanishini tezlashtiradi. Gormon kerakli mRNK lar paydo bo’lishini
tezlashtirib, kazein va α-laktalbumin oqsillari sintezini faollashtiradi. Laktoza
hosil bo’lishi uchun galaktoziltransferaza fermentidan tashqari, α-laktalbumin
zarur. Bu oqsil sintezini tezlashtirish yo’li bilan prolaktin laktoza sintezini ham
jadallashtiradi.
Sut emizuvchilarning ko’p turida prolaktin xatti-harakatlarga yaqqol ta’sir
ko’rsatadi. Shu sababdan uni “ona muhabbati gormoni” ham deyishadi.
Gormonning ona bilan bola o’rtasidagi aloqa yuzaga chiqishidagi ishtirokini
quyidagicha tasavvur qilish mumkin: 1) bolaning qorni ochadi va u qichqiradi;
2) bunga javoban ona qonida oksitotsin miqdori ortadi, sut ajrala boshlaydi; 3)
ko’krak ovqatlantirishga tayyorlanadi va bola ema boshlaydi; 4) ko’krak
so’rg’ichidagi retseptorlarning qo’zg’alishi afferent impulslarning kuchayishini,
qonga sut sekretsiyasini rag’batlantiruvchi prolaktin va sut ajralishi uzluksiz
bo’lishini ta’minlovchi oksitotsin o’tishini tezlashtiradi; 5) bu impulslarning
gipotalamusda tahlil qilinishi prolaktoliberin va prolaktostatinlarning ma’lum
nisbatda qonga o’tishini ta’minlaydi; 6) bolaning qorni to’yadi va emish
to’xtatiladi; 7) gormonlar sekretsiyasi me’yorigacha tiklanadi.


Qonda prolaktin konsentratsiyasining maksimal darajada (200-400 ng/ml
gacha) ortishi bola ema boshlaganidan 30 daqiqa o’tgach kuzatiladi. 3-4 oydan
keyin emizish davom etsa ham, gormonning qondagi miqdori ko’paymaydi.
Ammo sut sekretsiyasi saqlanib qolishi uchun u uzluksiz ravishda qonga o’tib
turishi kerak.
O’zbek xalqida bola tug’ilishi bilan uni onasi qo’liga emizish uchun berish
odat bo’lgan. Yuqorida aytilgan gaplarni e’tiborga olsak, bu odat maqsadga
muvofiqligini tushunamiz.
Orziqib kutilgan bola nigohini ko’rish, emish natijasida qonda ko’paygan
prolaktin gipotalamusning hissiyotlarga javobgar sohalariga ta’siri bilan
uyg’unlashib, ona qalbida bolaga nisbatan mehr-muhabbat uyg’otadi. Bu o’z
navbatida, bolaning o’sishi va rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi.
MELANOTSITLARNI RAG’BATLANTIRUVCHI GORMON
Mo’ynali sut emizuvchi hayvonlarda gipofizning yaxshi rivojlangan o’rta
bo’lagi umumiy o’tmishdosh – proopimelanokortindan beshta o’xshash
faollikka ega bo’lgan peptid hosil qiladi. Bularning uchtasi melanotsitlarni
stimullovchi gormon (MSG) nomini olgan ( α-MSG, β-MSG, γ-MSG). Katta
yoshdagi odamda bu bo’lak yo’q desa ham bo’ladi. Faqat gipofiz orqa
bo’lagining oldingi qismida juda siyrak joylashgan maxsus hujayralar MSG ni
sintezlaydi. Biroq, odam homilasining gipofizida oraliq bo’lak yaqqol ajralib
turadi.
MSG teri va mo’ynada tirozindan qora rangli pigment – melanin
sintezlanishini tezlashtiradi. Uning ta’sirida teri va mo’yna qorayadi. Teri
rangining o’zgarishini sababi – pigmentga ega hujayralar, ya’ni melanotsitlar
holatining o’zgarishidir. Bu hujayralarning markazida joylashgan melanin
zarrachalari gormon ta’sirida dispersiyaga uchraydi: zarrachalar maydalashib,
protoplazmada 
tekis 
taqsimlanadi. 
Natijada 
hujayralar 
protoplazmasi
xiralashadi, teri qorayadi.
MSG ta’sirida hayvonlar juni rangining fasliy o’zgarishlari himoya
ahamiyatiga ega.
Homilada yaxshi rivojlangan oraliq bo’lakdan ajraladigan MSG bachadon
o’sishini tezlashtiradi. Teridagi yog’ bezlarini rag’batlantirib, tug’ilishdan oldin
terini qoplaydigan yog’simon modda ajralishini ta’minlaydi, degan fikr bor.
MSG ajralishi reflektor yo’l bilan boshqariladi. Yoz faslida kunning uzayishi,
quyoshli kunlar sonining ko’payishi ko’zning to’r pardasidagi retseptorlar
qo’zg’alishini kuchaytiradi. Bunga javoban gipofizdan MSG sekretsiyasi
tezlashadi.
GIPOFIZNING GLANDOTROP GORMONLARI VA ULAR
BOSHQARADIGAN BEZLAR FAOLIYATI


Adenogipofizning to’rtta gormoni (follikullarni stimullovchi gormon,
lyuteinlovchi gormon, tireotrop gormon va adrenokortikotrop gormon) chetdagi
boshqa ichki sekretsiya bezlari faoliyatini boshqarishda ishtirok etgani uchun
glandotrop gormonlar nomini olgan. Follikullarni stimullovchi gormon (FSG) va
lyuteinlovchi gormon (LG) jinsiy bezlar faoliyatini nazorat qilgani uchun
gonadotrop gormonlar deb ataladi. Tireotrop gormon (TTG) qalqonsimon bez
faoliyati boshqarilishida muhim. Adrenokortikotrop gormon (AKTG) buyrak
usti bezining tutamli va to’rli sohalari rivojlanishi va faoliyat ko’rsatishi uchun
zarur.
ADRENOKORTIKOTROP GORMON VA BUYRAK USTI BEZINING
PO’STLOQ QISMI
AKTG – 39 aminokislota qoldig’idan tuzilgan polipeptid bo’lib, turga oid
xossasi yo’q. Gormonning qondagi konsentratsiyasi ancha keng doirada o’zgarib
turadi (5 ng/l dan 80 ng/l gacha). Homiladorlik oxiriga yetishidan avval
gormonning gipofizdagi miqdori ko’payadi.
Tabiiy tug’ish jarayoni bola qonida AKTG miqdorini oshiradi, o’zi tug’ilgan
chaqaloq qonida gormonning konsentratsiyasi 315 ng/l bo’lsa, kesarcha kesish
yordamida ona qornidan olingan bolalarda 184 ng/l ga teng.
Gistologik usullar yordamida olingan ma’lumotlar chaqaloqlikning birinchi
haftasi davomida gipofizdagi AKTG va buyrak usti bezidagi kortikosteroid
gormonlar sintezlovchi hujayralar yuqori faollikka egaligini ko’rsatadi.
Demak, bola tug’ilishidan sal oldingi va tug’ilganidan sal keyingi davrni o’z
ichiga qamrab olgan perinatal davrda gipotalamus-gipofiz-buyrak usti bezi
tizimi yuqori darajada faollik ko’rsatish qobiliyatiga ega. Shuning uchun ham
yangi tug'’lgan bola ona qornidagidan tubdan farq qiladigan sharoitga moslasha
oladi.
Katta yoshdagi odamlarda bu tizim faoliyati uchun odamning kecha-
kunduzgi faollik darajasiga monand sutkalik ritm xarakterlidir. Gormonlarning
qondagi miqdori ertalab uyg’onishdan avval eng yuqori bo’ladi. Chaqaloqlarda
eng yuqori ko’rsatkich 16-20 soatga to’g’ri keladi. Birinchi oyning oxiriga borib
gormonlar ajralishining ritmi kattalarnikiga yaqinlashadi.
Bolalikning keyingi davrlarida AKTG ning qondagi miqdori ancha turg’un
bo’ladi. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, balog’atga yetish davrining boshida bu
miqdor kamayadi. Katta yoshdagi odam gipofizidagi AKTG ning miqdori 250
mkg atrofida. Bir kecha-kunduzda qonga ajraladigan miqdori 5-25 mkg ni
tashkil qiladi, ammo stress holatida bir necha marta oshib ketishi mumkin.
Boshqa gipofizar gormonlar kabi, AKTG ham vaqti-vaqti bilan (3 soat
davomida 7-9 marta) qonga o’tadi.
AKTG 
va 
kortikosteroidlar 
sekretsiyasi 
boshqarilishida 
qaytar
bog’lanishning ahamiyati juda katta. AKTG ta’sirida qondagi kortikosteroid
gormonlarning ko’payishi gipotalamusdan kortikotropin-rilizing omil ajralishini


kamaytiradi. Buning natijasida adenogipofizdan AKTG sekretsiyasi kamayadi.
Umumiy natijada kortikosteroidlar ajralishining sekinlashishi va ularning
qondagi miqdori me’yoriga qaytishdan iborat bo’ladi.
Buyrak usti bezi po’stloq qismining tutamli qavatidagi hujayralar AKTG-
retseptorlarga ega. Ular retseptorlatga bo’lgan barcha talablarga javob beradi
(stereospetsifikligi, moyilligi va to’yinish qobiliyatlari yuqori). Bor retseptorlar
5 % ining AKTG bilan birikishi steroid gormonlar sintezini maksimal darajada
tezlashtiradi. Bu samara adenilatsiklaza faolligini oshirish yo’li bilan yuzaga
chiqadi. AKTG ning retseptor bilan birikishini Ca
2+
yengillashtiradi.
AKTG ning xatti-harakatlarga, xotira va hissiyotlar shakllanishiga ham ta’siri
bor. AKTG va unga o’xshash peptidlar shartli reflekslar hosil bo’lishini
tezlashtiradi. Ammo gormonning bu samaralari yoshga bog’liq holda
tekshirilmagan.
KORTIKOSTEROID GORMONLAR
Buyrak usti bezining po’stloq qismida 30 ga yaqin boshqa biror a’zoda
uchramaydigan steroid gormonlar aniqlangan. Bularning faqat ba’zilari gormon
faolligiga ega va kortikosteroid yoki kortikoid gormonlar nomini olgan.
Odamning kortikoid gormonlari to’rtta: kortizon (gidrokortizon), kortikosteron,
aldosteron va jinsiy gormonlar. Aldosteron buyrak usti bezi po’stlog’ining
koptokchali qavatida sintezlanadi va bu jarayonga AKTG ta’sir qilmaydi. Jinsiy
gormonlar to’rli qavat mahsuloti, kortizon va kortikosteron esa tutamli hamda
to’rsimon qavatdan qonga o’tadi.
Kortikoidlarning ikkita asosiy samarasi ajratiladi: 1) glyukokortikoid samara
– uglevodlar va ular bilan bog’liq moddalar almashinuviga ta’sir; 2)
mineralokortikoid samara – elektrolitlar almashinuviga ta’sir. Odamning asosiy
glyukokortikoidi – kortizon, mineralokortikoidi – aldosteron.
Glyukokortikoidlar samarasini adrenalektomiya qilingan hayvonlarda yoki
buyrak usti bezi po’stlog’i yetishmovchiligiga uchragan kasallarda o’rganish
qulay. Mineralokortikoidlar yetishmovchiligi bunday hollarda organizmga
aldosteron kiritish yo’li bilan to’ldirilib turiladi.
Glyukokortikoidlar yetishmovchiligi qonda glyukoza, jigarda glikogen
miqdori kamayishiga va to’qimalarning insulinga sezgirligi oshishiga olib
keladi. Kortizon yuborilishi bu o’zgarishlarni yo’qotadi. Qondagi glyukoza
miqdori aminokislotalar qoldig’idan glyukozaning yangitdan sintezlanishi
(glyukoneogenez) tezlashishi hisobiga tiklanadi. Bu samara glyukoneogenezda
ishtirok etuvchi fermentlar faolligi ortishi tufayli yuzaga chiqadi. Jigarda
glikogen 
zahirasi 
ham 
tiklanadi. 
Glyukoneogenezning 
kuchayishi
aminokislotalardan oqsil sintezi kamayishiga va organizm yo’qotadigan azot
miqdori ortishiga olib keladi.
Glyukokortikoidlar 
yetishmovchiligi 
natijasida 
rivojlangan 
arterial
gipotoniya noradrenalin ta’sirida me’yoriga qaytmaydi, chunki tomirlarning


silliq muskullari noradrenalinga bo’lgan sezgirlikni yo’qotadi. Kortizon
yuborilgandan keyin noradrenalinning tomirlarga o’tkazadigan samarasi
tiklanadi. Kortikoidlar tomirlarni harakatlantiruvchi tizimning noradrenalinga
nisbatan sensibilizatsiyalangan holda bo’lishini ta’minlaydi.
Kortizon buyrak usti bezi yetishmovchiligi uchun juda xos bo’lgan muskul
zaifligini ham yo’qotadi.
Kortikoidlar yetishmovchiligi analizatorlar faoliyatini buzadi. Masalan, bir
ta’mni ikkinchisidan farqlash qiyinlashadi. Ko’pchilik uchun yetarli darajada
tuzlangan ovqat bunday kasalga tuzsiz ko’rinadi. Eshitish qobiliyatining
pasayishi natijasida, bemor unga qaratilgan gapni qaytarishni so’rayveradi.
Glyukokortikoidlar bu nuqsonlarni ham yaxshi davolaydi.
Analizatorlar faoliyatining o’zgarishi ularning yarimsharlar po’stlog’idagi
markazlarda axborotlar tahlili buzilishiga bog’liq, degan fikr bor. Umuman,
kortikoidlar yetishmovchiligi insonning ruhiy faoliyatlariga kuchli ta’sir qiladi:
hissiyotlar manfiy tus oladi, odam o’z kuchiga ishonchni yo’qotadi, doim
havotirda bo’ladi.
Buyrak usti bezi faoliyatining sustlashishi timus va limfatik tugunlar
kattalashishiga olib keladi. Glyukokortikoidlarni katta miqdorda organizmga
kiritish timus va limfa tugunlar qayta rivojlanishini tezlashtiradi, antitelolar hosil
bo’lishini tormozlaydi. Bu gormonlar o’tkir yallig’lanishning hamma
bosqichlarida ijobiy samara beradi. Ammo glyukokortikoidlarning immunitetni
tormozlash, yallig’lanishga qarshi samaralarini fiziologik samara deb bo’lmaydi,
chunki ularni yuzaga chiqarish uchun gormonlarni katta miqdorda qo’llash
kerak.
Glyukokortikoidlarning asosiy fiziologik samarasi turli stressor ta’sirotlarga
moslashishni (adaptatsiyani) ta’minlashdir. Juda ko’p ichki va tashqi omillar
ta’sirida, masalan, sovuq va issiq harorat, gipoksiya, narkoz, gipoglikemiya,
shikastlanishlar, kuchli tovush va hissiyotlarni o’zgartiruvchi boshqa omillar
glyukokortikoidlar sekretsiyasini tezlashtiradi. Havotirlanish bilan bir vaqtda
rivojlanadigan bunday holatni “stress” deydilar.
Agar stress omilning kuchi unchalik yuqori bo’lmasa, uning ta’siri davom
etaversa ham, gormonlar sekretsiyasi me’yoriga qaytadi. Xuddi shu omilning
ta’siri takrorlanaversa, unga javoban glyukokortikoidlar ajralishi borgan sari
kamayaveradi. Bu fizioliogik moslashish faqat bir ta’sirlovchiga nisbatan
rivojlanadi.
Stress omillar yuzaga chiqaradigan havotirlanish holati omil xususiyatlari
bilan bog’liq emas.
Stress omillarning o’ta kuchli ta’siri (ularning tabiatidan qat’i nazar) buyrak
usti bezlaridagi glyukokortikoidlar zahirasining batamom sarflanishiga,
bezlarning yemirilishiga olib keladi. Bunday sharoitda gormonlar kiritilishi
ijobiy natija beradi.
Stress vaqtida glyukokortikoid gormonlar sekretsiyasi kuchayishining
biologik ahamiyati metabolik moddalarning organizmda qayta taqsimlanishini


ta’minlashdadir. Bu juda qadimiy reaksiya. Kurash (stress) natijasida jiddiy
jarohatlangan hayvonni misol qilib olsak, uning ovqat qidirish imkoniyatlari
juda chegaralangan. Yaralari bitishi uchun aminokislotalar, energiya zarur.
Bularga organizm o’z oqsillarini parchalab, glyukoneogenezni jadallashtirib,
erishadi. 
Glyukokortikoidlar, 
yuqorida 
aytilganidek, 
bu 
jarayonlarni
tezlashtiradi.
Bolalik davrlarida buyrak usti bezi po’stloq qismining faoliyati o’zgaradi.
Chaqaloq hayotining birinnchi kunlari bu faollik sust, qonga o’tadigan
kortikoidlar miqdori oz. Bez faoliyati AKTG yuborish yo’li bilan
rag’batlantirilganda kortizonning qonda ko’payish darajasi katta yoshdagi
odamlardagidan kam bo’ladi (4-rasm). O’ninchi kundan boshlab gormonlar
sekretsiyasi ortadi, ikkinchi haftaning oxirida katta yoshdagi odamlardagi bilan
tenglashadi. Uchinchi hafta davomida kortikosteroidlar sekretsiyasining kun va
tun bilan bog’liq ritm shakllanadi: erta tongda kortizonning qondagi
konsentratsiyasi yuqori – 110 mkg/l, kechga yaqin past – 40 mkg/l atrofida
bo’ladi.
Siydik tarkibidagi 17-oksikortikosteroid (17-OKS) va 17-ketosteroidlar (17-
KS) miqdori kortikosteroidlar sekretsiyasini ma’lum darajada ifodalovchi
ko’rsatkich hisoblanadi. Birinchi va ikkinchi bolalik davrlarida 17-OKS ning
buyrak orqali ajralishi katta yoshdagi odamlardagidan kam. Qiz va o’g’il
bolalarda 17-OKS va 17-KS lar teng miqdorda ajraladi.
Balog’atga yetishdan oldingi davrda (11-12 yoshda) kortikosteroid gormonlar
sekretsiyasi kuchayadi. O’smirlik davrida buyrak usti bezi po’stloq qismining
faoliyatida jinsga bog’liq farq paydo bo’ladi. O’g’il bolalarda 17-OKS larning
bir kunlik ekskretsiyasi 8-9 mg ni, qiz bolalarda 7 mg ni tashkil qiladi.
Buyrak usti bezi bola hayotining birinchi kunlaridanoq nobop omillar
ta’siriga moslashish reaksiyalarida ishtirok etadi. Bezlarning bu imkoniyati
o’sish jarayonida ortib boradi va 5-8 yoshda jarrohlik yo’li bilan shikastlashga
nisbatan eng yuqori bo’ladi. Ammo gipotalamus-gipofiz-buyrak usti bezi
po’stloq qismi tizimining chidamliligi bolalarda ancha past. Shu sababdan kuchli
stressor omil ta’sirida bu tizim imkoniyatlari tez tugaydi.
Glyukokortikoidlarning pediatrlar uchun yana bir muhim xususiyati – bu
homila rivojlanishiga va bolaning o’sishiga ta’siridir. Embriogenez davrida bu
gormonlar tireoid gormonlar bilan bir qatorda differensirovkaning signallari
vazifasini bajaradi. Homilaning ba’zi a’zolari yetilishi uchun glyukokortikoidlar
zarur. O’pka alveolalarining ichki yuzasini qoplovchi maxsus fosfolipid –
surfaktant sintezlanishi kortikoidlar yetishmovchiligida tormozlanadi. Sut
bezlari o’sib, o’z mahsulotini ishlab chiqara oladigan darajagacha rivojlanishi
uchun bir guruh boshqa gormonlardan tashqari glyukokortikoidlar kerak.
Bu gormonlarning ona-homila tizimida ko’p bo’lishi natijasida (masalan,
onani davolash maqsadida glyukokortikoidlarni qollash), “tanglay kemtigi” va
“quyon labi” kabi rivojlanish nuqsonlari kelib chiqishi mumkin.


Bolalar va yosh hayvonlarning o’sishi glyukokortikoidlarning uncha ko’p
bo’lmagan miqdori ta’sirida tormozlanadi. Bu samara DNK sintezi keskin
sekinlashib ketishi natijasida yuzaga chiqadi.
MINERALOKORTIKOIDLAR
Buyrak usti bezlari olib tashlansa, organizm ko’p vaqt o’tmasdan halok
bo’ladi. Bu bezlar ishlab chiqaradigan gormonlar ichida hayotiy ahamiyatga ega
bo’lgani aldosterondir. Aldosteronni va unga nisbatan samarasa ancha past
bo’lgan 
mineralokortikoid 
gormon

dezoksikortikosteronni 
bezning
koptokchali sohasidagi hujayralar sintezlaydi.
Aldosteron yetishmovchiligida nefron kanalchalarida natriyning qayta
so’rilishi to’xtaydi va organizm bu unsurni yo’qotadi. Ayni vaqtda kaliyning
ajralishi kamayadi. Natriy bilan bir qatorda avval hujayralararo suyuqlikdagi,
keyin hujayra suyuqligidagi suv yo’qotiladi, qon aylanish va buyrak faoliyati
keskin buziladi, organizm halokatga uchraydi.
Gipofiz olib tashlanganida o’zgarishlar bunchalik jiddiy bo’lmaydi, hayvon
tirik qoladi. Demak buyrak usti bezlari AKTG yo’q sharoitda ham hayotni
saqlab qolish uchun zarur miqdorda mineralokortikoidlar ishlab chiqaradi.
Ammo AKTG koptokchali sohadagi hujayralar optimal bo’lishi uchun lozim.
Aldosteron uchta asosiy samaraga ega: 1) kanalchalarda natriyning qayta
so’rilishini oshiradi; 2) kaliyning sekretsiyasini ko’paytiradi; 3) H
+
sekretsiyasini
ko’paytiradi. Sut emizuvchilar nefronida aldosteron ta’siriga ikki yo’nalishda
javob beruvchi hujayralar ajratiladi. Bu hujayralarning ko’p qismi gormonga
javoban natriyning so’rilishini oshirishga ixtisoslashgan bo’lsa, ozrog’ida
CO
2
+ H
2
O = H
+
+ HCO
3
-
reaksiyasini tezlashtiruvchi ferment – karboangidraza
bor. Ikkinchi tipdagi hujayralar aldosteron ta’sirida H
+
sekretsiyasini oshiradi.
Aldosteron samarasi yuzaga chiqishi uchun ATF uzluksiz darajada yetkazilishi
kerak.
Aldosteron ta’sirida distal kanalcha va yig’uvchi naylarni qoplovchi epiteliy
hujayralarining lyuminal membranasida natriy tashuvchilarining soni ko’payadi,
bazal membranasida esa Na
+
- K
+
ATF-aza miqdori ortadi. Demak, gormonning
samarasi bu hujayralarda natriyning tashilishi uchun zarur bo’lgan oqsillar
sintezini ta’minlovchi tizimni rag’batlantirish orqali yuzaga chiqadi.
Aldosteron sintezi va sekretsiyasini qonda natriy konsentratsiyasining
pasayishi, kaliy konsentratsiyasining ortishidan tashqari, angiotenzin II va III lar
sezilarli darajada tezlashtiradi. Oxirgi yillarda aldosteronni, angiotenzinlarni va
ularning qonda paydo bo’lishini ta’minlovchi reninni “renin-angiotenzin-
aldosteron” tizimiga birlashtirishgan. Bu tizim natriy va suv ajralishini,
arteriolalar tonusini o’zgartirish yo’li bilan tomirlardagi qon hajmi doimiyligi va
arterial qon bosimi mo’tadilligini saqlanishida muhim rol o’ynaydi.


Renin yukstaglomerulyar hujayralardagi sekretor zarrachalarda to’planadi.
Bu zarrachalarni o’ziga xos lizosomalar desa bo’ladi. Arterial bosim
pasayganida, qon hajmi kamayganida yoki ikkalasi bir vaqtda o’zgarganida,
lizosomalardagi fermentativ faollikka ega bo’lgan glikoprotein – renin qonga
o’tadi. U jigardan qonga o’tuvchi α
2
-globulinni parchalab, dekapeptid –
angiotenzin I ni hosil qiladi. Asosan o’pkada uchraydigan ferment ta’sirida
angiotenzin I dan ikkita aminokislota ajraladi va angiotenzin II paydo bo’ladi.
Bu oktapeptid tomirlarni toraytiruvchi juda kuchli moddadir. U asosan
arteriolalarning silliq muskullarini qisqartiradi. Ayni vaqtda angiotenzin II
buyrak usti bezlari koptokchali sohasidagi hujayralarga trofik ta’sir o’tkazadi,
hamda aldosteron sintezi va sekretsiyasini rag’batlantiradi. Buning natijsida
natriy va suv organizmda saqlanib qoladi, qon hajmi tiklanadi. Arteriolalarning
torayishi,qondagi suyuqlik hajmining ortishi pasayib ketgan arterial bosimni
me’yoriy darajaga qaytaradi. Qonning bosimi va hajmi tiklangandan keyin,
aldosteron yukstaglomerulyar hujayralarga to’g’ridan-to’g’ri ingibirlovchi
samara ko’rsatib, renin sekretsiyasini tormozlaydi.
Chaqaloqlarda o’tkazilgan tekshiruvlar natijasiga ko’ra, endi tug’ilgan
bolaning qon plazmasida aldosteronning miqdori 637,6 pg/ml ga teng. Bu
vaqtda onaning qonidagi gormon miqdori 411,8 pg/ml ni tashkil qiladi.
Homilador bo’lmagan sog’lom ayollar qonida bu ko’rsatkich 46,3 pg/ml ga teng.
Demak, tug’ish jarayoniga ona va bola organizmi aldosteron sekretsiyasini
keskin ko’paytirish bilan javob beradi. Chaqaloq qonida aldosteron miqdorining
ko’proq ortishi, uning buyrak usti bezlari ona organizmidan mustaqil holda
faoliyat ko’rsatishidan dalolat beradi.
Aldosteronning siydik tarkibida ajralishi chaqaloqlarda 5-10 yashar
bolalardagidan va katta yoshdagi odamlardagidan ko’p.
Qondagi reninning faolligi bola hayotining birinchi ikki oyi davomida
sezilarli darajada o’zgarmaydi va 5-10 yashar bolalar qonidagidan deyarli uch
barobar yuqori bo’ladi.
Keltirilgan ma’lumotlar chaqaloqlik davrida “renin-angiotenzin-aldosteron”
tizimining faolligi yuqori ekanligiga asos hisoblanadi. Buning sababi bir nechta
bo’lishi mumkin. Birinchidan, murg’ak bo’lalarda arterial bosimning nisbatan
pastligi renin sekretsiyasini rag’batlantiruvchi omil bo’lsa kerak. Hali yaxshi
rivojlanmagan buyrak tomirida qon oqimiga qarshilik yuqoriligini hisobga
olsak, buyrakning po’stloq qismidan oqib o’tadigan qon hajmining kamroqligini
tushunish mumkin. Yukstaglomerulyar apparat yetarli miqdorda qon bilan
ta’minlanmasa, renin sekretsiyasi ortadi.
Ikkinchidan, chaqaloq buyragidagi nefronlarning proksimal kanalchalarida
yetarli 
miqdorda 
qayta 
so’rilmagan 
natriy 
yuqori 
konsentratsiyada
yukstaglomerulyar apparat sohasiga yetib keladi va renin sekretsiyasini
tezlashtiradi.
Qonda renin miqdorining ortishi angiotenzinlar paydo bo’lishini, ular esa
aldosteron sekretsiyasini rag’batlantiradi. Aldosteron distal kanalcha va


yig’uvchi naylarda natriyning qayta so’rilishini tezlashtiradi. Chaqaloqlarda
natriy ajralishi nisbatan kamligini ana shular bilan tushuntirish mumkin. Ona
sutida natriy miqdori kaliy, xlor, kalsiy miqdoriga nisbatan kamroqligini
e’tiborga olsak, emizikli bolalarda “renin-angiotenzin-aldosteron” tizimi faolligi
yuqori bo’lishini natriyni saqlab qolishga qaratilgan moslashish reaksiyasi desa
bo’ladi.
Bolalikning keyingi davrlarida aldosteron sekretsiyasining o’zgarishlari
yaxshi tekshirilmagan. 9 yoshlarga borib gormon ajralishining ortishi, 10
yoshdan keyin bu ortish juda yaqqol ko’rinishini isbotlovchi ma’lumotlar bor.
TIREOTROP GORMON VA QALQONSIMON BEZ

Yüklə 0,76 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   34   35   36   37   38   39   40   41   ...   52




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin