Chun sinsa ko’ngul zahmi zabon og’rig’idin, Kam ermas oning og’rig’i jon og’rig’idin, Har ne senga etar lison og’rig’idin, Bilgilki, qatiqdurur sinon og’rig’idin. Inson kimga yaqinlashsa, o’zi ham unga o’xshab boradi. SHuning uchun
dono xalqimiz “Yaxshiga yondash, yomondan qoch” deydi. Hazrat Navoiy ham
insonlarni yaxshilar bilan suhbatlashishga, ulardan o’rnak olishga, shirin so’zlar
bilan kishilar ko’ngliga yo’l topishga undaydi:
Xo’b el bila suhbat tutubon xo’b o’lg’il, Yaxshini talab qilg’ilu matlub o’lg’il, Shirin so’z ila xalqg’a marg’ub o’lg’il, Yumshoq de hadisingni-yu mahbub o’lg’il. Oz so’z. Barcha narsada bo’lgani singari so’zda ham me’yor bor. “Oz so’z –
soz so’z” deydi dono xalqimiz. So’z qancha qisqa bo’lsa, tashvish shuncha kam
bo’ladi. Zero, inson har bir aytgan kalomi uchun javob beradi. Hazrat Alining
“Ko’p gapning malomati ko’p bo’ladi” degan hikmatlarida ana shu haqiqat aks
etgan. Hazrat Navoiy ham ayni fikrni davom ettirib, oz so’zlaguvchi “ayshu kom”,
ko’p so’zlaguvchi esa “kalomdin malom” topishini ta’kidlaydi:
Kim oz dedi nukta, ayshu kom o’ldi anga, So’z qoidasida intizom o’ldi anga, Haddin o’ta har kimga kalom o’ldi anga, Ul nav’ kalomdin malom o’ldi anga. Hazrat Navoiy «Mahbub ul-qulub»da
“Chin so’z – mo’tabar, Yaxshi so’z – muxtasar” deb bejiz aytmagan. Rostlik va qisqalik bir-biriga mutanosib
tushunchalardir. Chunki to’g’ri so’z hamisha qisqa va lo’nda bo’ladi. Uzun nutqqa
ko’pincha lof aralashadi. Yolg’on aralashgan nutq esa nuqsonli nutqdir. Shu bois
kim o’z joniga omonlik tilasa, oz so’zlamog’i, tilini ortiqcha so’zlardan, o’zini
behuda suhbatlardan tiymog’i lozim.