398
O‘LJAS SULAYMONOV IJODIGA CHIZGILAR
Ulug‘bek HAMDAM,
filologiya fanlari doktori, professor
.
(O‘zbekiston)
Mashhur qozoq shoiri, ayni damda, yozuvchi, diplomat, badiiy va ilmiy
faoliyati Qozog‘iston mehnat qahramoni, Qozog‘iston xalq shoiri kabi yuksak
unvonlar bilan taqdirlangan O‘ljas Umarovich Sulaymonov 1936-yil 18-mayda
Qozog‘istonning avvalgi boshkenti bo‘lmish Alma-Ata shahrida harbiy xizmatchi
oilasida tug‘ilgan. Shuningdek, u jamoat faoli hisoblanib, “Nevada-Semipalatinsk”
deb nomlangan antiyadroviy harakatga asos solgan. O‘ljas Sulaymonov zabardast
lirik shoir bo‘lish bilan birga, tilshunos, arxivshunos, tarixshunos va
adabiyotshunos tadqiqotchi sifatida o‘lmas bir ishning muallifi sifatida ham tarixda
o‘zidan yorqin iz qoldirgan-qoldirayotgan olimdir: bu uning yozilganidan beri
dunyo olimlari orasida bahsu munozarasi sira to‘xtamagan “AZ I YA” asaridir.
O‘ljas Sulaymonov 1954-yilda maktabni tamomlab, Qozoq universitetining
“Geologiya-qidiriv” fakultetiga o‘qishga kiradi. Uni 1959-yilda yakunlab,
muhandis-geolog mutaxassisligiga ega bo‘ladi. Ya’ni shoirning birlamchi kasbi
ijodu adabiyotdan, ayniqsa, tilshunoslikdan butunlay yiroq soha bo‘lib, taqdir
uning yo‘lini 1955-yildagina adabiyot tomon buradi. 1959-1961-yillarda
Moskvadagi Gorkiy nomidagi Jahon adabiyot institutida tahsil oladi. Biroq ayrim
sabablarga ko‘ra, shoir o‘qishni yakunlamasdan Qozog‘istonga qaytishga majbur
bo‘ladi hamda o‘z yurtida turli sohalarda mehnat qiladi.
O‘. Sulaymonov 1962-1971-yillar orasida «Qozoqfilm» studiyasida bosh
muharrir, so‘ngra «Prostor» jurnalida bo‘lim mudiri, 1972-yildan esa Qozog‘iston
Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi kotibi lavozimlarida ishlagan. 1995-yildan
mustaqil Qozog‘istonning Italiyadagi elchisi sifatida faoliyat yuritadi. Shuningdek,
shoir ko‘plab rasmiy va jamoatchilik vazifalarida ishlaydi.
Yosh O‘ljasning ilk to‘plami — “Arg‘umoqlar” 1961-yilda nashr etiladi.
Sekin-asta esa shoirning “Quyoshli tunlar” (1962), “Ajoyib tob”, “Olovning
ko‘chishi”, “Yumaloq yulduz”, “Qutlug‘ tongotar”(1964), “Maymun yili”(1967),
“
Sopol
kitob” (1969) she’riy kitoblari, “
Oqdaryo
ustida” (1970), “Butun baxt”
(1975), “AZ I YA” (1975) kabi o‘nlab she’riy, nasriy, ilmiy kitoblari o‘quvchilar
qo‘liga etib boradi.
Uning shoir sifatida dastlabki eng katta muvaffaqiyati insoniyat tarixida
kosmosga ilk parvoz qilgan Y.Gagaringa bag‘ishlangan she’ri bilan bog‘liq edi. Bu
vaqtda Moskvadan kelib “Qozoq haqiqati” gazetasida ishlayotgan shoirga gazeta
muharriri mavzu bo‘yicha she’r yozishni topshiradi. Yozilgan she’r juda tezlik
399
bilan mashhurlikka erishib, samolyotdan avval Alma-Ata shahriga, keyin
Qozog‘istonning boshqa shaharlariga sochib tarqatiladi. Ko‘p o‘tmay esa, mazkur
she’r asosida “Insonga ta’zim qil, Zamin!” (Doston nomini “Qoyilmisan insonga,
zamin!” deya o‘giruvchilar ham bor) degan doston paydo bo‘ladi. Ko‘rinib
turibdiki, shoir o‘z davrining farzandi sifatida unda sodir bo‘layotgan voqea-
hodisalarga doimo hozirjavob bo‘lib yashagan. Bunday hozirjavoblik 60-yillar
shoirlarining aksariyati ijodiga xos bo‘lib, ayni vaqtda va biroz keyinroq o‘zbek
she’riyatida E.Vohidov, A.Oripov, O.Matjon kabi zabardast shoirlar xuddi
shunday vazifani ado etganlar. Ya’ni bu avlod shoirlari o‘z davri muammolarining
samimiy va yorqin tarjimonlaridir.
Mutaxassislar 60-yillar avlodiga mansub shoirlarning yaxshi she’r yozish
bilan cheklanmay, yozganini qoyilmaqom qilib o‘qishi talab qilinganini ham
eslashadi. Ya’ni davr shunday bir davr ediki, xonanishinlik chetga surilib, she’riyat
ko‘pning dardini kuylashga bel bog‘lagandi. O‘ljas Sulaymonov ham ana shunday
shoirlar sirasidan bo‘lib, ko‘pning, elning, millatning, kerak bo‘lsa, insoniyatning
dardini tarix vositasida kuylash yo‘lini tanladi. Shunday qilib, u tarixni kuyladi.
Tarix esa, turkiy millatning shonli davrlarini uning ko‘z o‘ngida sep kabi yoydi.
Natijada O‘. Sulaymonov tarixchi shoir bo‘lib tanildi: turkiylar tarixini, qipchoqlar
hayoti va ko‘nglini she’riyatga ko‘chirdi va bu ishni umrining, ijodining bosh
a’moli darajasiga ko‘tardi.
O‘.Sulaymonov ikki – qozoq va rus madaniyati negizida shakllangan shoir.
Har ikki madaniyatning eng kuchli tarafini o‘ziga singdirgan. U qozoq – qipchoq,
umuman, turkiylar tarixini rus tili orqali tarannum etdi.
Ayni vaqtda, 60-yillar avlodi ona zaminning, uning buguniyu-ertasi
qayg‘usini o‘z qayg‘usi bilib qalam tebratdi. Go‘yo qalam vositasida dunyoni,
kurrai zaminning dardini so‘rib oladigandek edi ular:
Zamin, aylanayin, o‘rgulay, zamin,
Jonu dilim bilan senga boylandim.
Dardingni olayin, qurbon bo‘layin,
So‘ngsiz yo‘llaringda tinmay aylangum,
deydi shoir bir she’rida. Ha, bu avlod vakillari hayot deb atalgan keng-mo‘l
maydonga tushib, hamma narsadan ma’no qidirgan va topgan, shundan kelib
chiqib ularga munosabatda bo‘lgan shoirlar edi. Bas, shunday ekan, ular zamin
atrofida girgitton bo‘ldilar: uning gullagan bo‘stonidan sevinib, qon silqigan
yarasiga malham bosishga urinib ijod qildilar.
O‘. Sulaymon lirikasini ichiga sho‘ng‘ib borar ekansiz, uning shaklu
shamoyilidan tortib, mazmun-ma’nosigacha dasht odamlarining ozod ruhini his
qilasiz. Mavzu, obraz, detallar ham qaynoq hayot bag‘ridan olingan: ovchi, bo‘ri,
cho‘l, qasos, o‘t, maysa, yigit, qiz, ot, qipchoq, dala, qozoq...
400
O‘h, qozoq, sho‘rlik,
Qozoq manglayiga qismat yozilgan –
Qayoqqa yuz bursa, faqat cho‘l, cho‘ldir...
Lekin shoir o‘zi mansub bo‘lgan sahroyi xalqi hayotidagi yaxshiliklarni ham
topadi, topib alqaydi, suyadi, ayni paytda, bu bilan kifoyalanmay, topganlarini eng
baland pardalarda – bo‘g‘zini yirtarchasiga kuylaydi. “Ajab, u yerlar giyoh
bitmaydigan cho‘lu biyobon bo‘lsa, nega buncha hayajon?” degan tabiiy savol
tug‘iladi. Javob shoirda bor. Javob – Vatan!..
Nebraskaga borar edim-u,
Sog‘inibman Vatanni, ukam,
Unda ham shu manzara va shu …
Vatanimga qaytaman, ukam.
Unda Aday dashti bor, azal
Yantoq o‘sar, chimchir sovuq ham,
Ot bor, chang bor! Juda ham go‘zal!
Vatanimga qaytaman, ukam...
Sarsor solsak, xuddi mana shunday anologiya o‘zbek she’riyatida ham
“manaman” deb ko‘zga tashlanib turibdi. A. Oripovning talay she’rlarini, xususan,
mashhur “Qarshi qo‘shig‘i” nomli otasiga bag‘ishlangan kattagina bitigini o‘qir
ekanmiz, yuqorida qayd etilganga yaqinlikni, hamohanglikni, uyg‘unlikni
ko‘ramiz, his qilamiz:
Mana bu kun, ey yurtim, g‘oz turibman qoshingda,
Ot aylanib joyini topar, deganlar doim.
Sen haqingda she’r bitish sharafi bor boshimda,
Ey, sen sahroyi xalqim, ey sen, tug‘ilgan joyim.
Ot aylanib topgan joyi – cho‘l, dashtu biyobon bo‘lsa ham, bu joy sahroyi
xalqi yashayotgan joydir hamda bu joyning oti – Vatan!
Bu yerlarning bori shu: qip-qizil sahro bari,
Faqat sarob jimirlab chorlar sirli bazmga.
Uncha ham suluv emas sahroning jonzodlari,
Nasrga yarashmasa, yarashmaydi nazmga.
Ammo borlig‘i qip-qizil sahrodan iborat yerning tabiat in’oni bo‘lmish fasli
bor – bahor:
Lekin uning bahori, o sen, cho‘llar bahori,
Sog‘intirgan onamning diydori senday shirin...
Aynan mana shunday joylarning go‘zalliklari yana-da chiroyli, yana-da xush
bo‘ladi, odatda. Buni har ikki shoir juda aniq va tiniq ko‘radi. Chunki ular
borliqdagi kontrastlar zimnidagi go‘zalliklarning oshuftasi. Axir, kechagina atrof-
javonib cho‘l edi, giyoh bitmaydigan dashtu biyobon edi, bugun birdan jilmayib,
401
chechak ochib, ko‘klamoy kirib keldi. Bunday yurtning ko‘klami onaning
diydoridek shirin bo‘lmasdan yana nima bo‘lsin! Har ikki – qozoq shoiri ham,
o‘zbek shoiri ham o‘z elining chekiga tushgan giyoh bitmaydigan cho‘lu
biyobonlardan so‘z ochmoqda: biroq qaqragan tabiati uchun uni yomonotliq
qilmayapti, balki go‘zalliklarini topib alqayapti, sevyapti, ko‘klarga ko‘tarib madh
etyapti. Chunki unisi – Vatan, bunisi esa shu Vatanning bir parchasi – farzanddir,
farzand!..
60–yillar avlodiga ergashib, ularning she’riyatdagi hayotbaxsh an’analarini
davom ettirib, o‘zlari ham adabiyot tarixida “70–yillar avlodi” degan nomni yaratib
kirib kelganlardan biri – O‘zbekiston Xalq shoiri Xurshid Davron “O‘ljas
Sulaymonov haqida muxtasar so‘z” nomli maqolasida “70-80 – yillarda yosh
o‘zbek ijodkorlarining intilishlari timsollaridan biri taniqli qozoq shoiri O‘ljas
Sulaymonov edi” deb yozadiki, bu haqqi rost edi. Chindan ham 60-yillar avlodi
vakillaridan
A.Voznesenskiy,
E.Evtushenko,
V.Visotskiy,
Q.Quliyev,
R.Hamzatov, O‘.Sulaymonov kabi shoirlar parchalanib ketgan sho‘ro hukmronligi
davrida mamlakatga bir yutim toza havo olib kirgan ulkan ijodkorlar edilar. 1986-
yilda AQSHda chop etilgan jurnallardan biri “AZ I YA” ni A. Soljenitsinning
“GULAG Arxipelagi”dan keyin mamlakatda yangilanish nafasini olib kelgan
ikkinchi asar deb bejiz e’lon qilmagan edi.
“AZ I YA” asari ikki qismdan iborat bo‘lib, ilk bobi ruslarning “Igor
jangnomasi”
23
dostonining leksik boyligining tarkibi ustida amalga oshirilgan
lingvistik tadqiqotdir. Bu erda tadqiqotchi asar so‘zlarining katta bir qismi (30
foizgacha) turkiy so‘zlardan tashkil topganini aniqlagan, ilgari surayotgan
g‘oyasiga isbotu dalillar keltirgan. Albatta, katta bir xalqning eposida ishtirok
etgan leksika talay qismining o‘zga tilga tegishli bo‘lib chiqishi epos egasi
bo‘lmish millat olimlarini o‘ylantirib qo‘yadi. Shuning uchun ham asar
bitilgandan, ya’ni 1975 yildan to shu kungacha “AZ I YA” ustidagi bahsu
munozaralar tingan emas. O‘z vatqida SSSR Fanlar akedemiyasining til va
adabiyot bo‘limida muhokama qilinib, kimdir Sulaymonovning til tarixini
bilmaslikda ayblasa, kimdir tilshunoslik tarixi bo‘yicha diletant, ya’ni havaskor
darajasida ish tutganini iddio qiladi (masalan, akademiklar D.S.Lixachev,
L.A.Dmitriev, O.V.Tvorogov), boshqa birovlar esa turkiy xalqlar o‘tmishini
haddan tashqari ideallashtirishda ayblaydi va h.k. O‘.Sulaymonovning o‘zi bo‘lsa,
asar yozilgan vaqtda jamiyatda bilingvizm hukm surganini, bas, asar vujudga
kelishda har ikki tildan baravar foydalanganligi o‘z davri uchun g‘oyat tabiiy
bo‘lganligini, ikki tilli (zullisonayn) avtor ikkitilli o‘quvchiga xitob qilib yozganini
ta’kidlaydi. Bundan uning rus xalqini erga urib, turkiylarni ko‘tarish da’vosi
23
Тўлиқ номи – “Игорь қўшини ҳақида жангнома”дир.
402
yo‘qligini anglashiladi. Shunga qaramay, O‘.Sulaymonov tanqidiy qarashlardan
hisobga olib “AZ I YA”ni qayta ishlaydi, ayrim tuzatishlar kiritadi, lekin asosan
o‘z qarashlarida qat’iy qoladi. U aytadiki: “Sovet tarix fanida qipchoq (polovets)
va tatar-mo‘g‘ul istilosi davrida rus tiliga “arqon” va “qimiz”ga o‘xshash bir necha
turkiy so‘zlar kirib kelgan, xolos, deyiladi. Men hamisha ruscha deb qaralgan
ko‘rinmas TURKIZMlar haqida yozdimki, xuddi shu narsa akademiklarni
junbishga keltirib yubordi. Qanchalik g‘alati bo‘lib tuyulmasin, men “Igor
jangnomasi”ning qaldirg‘och bilingvistik o‘quvchisi bo‘ldim”. “Ko‘rinmas
turkizm” deganda O‘.Sulaymonov asli turkiycha bo‘lib, keyinchalik
transformatsiyaga uchrab, ko‘rinishidan tamomiyla ruschaga aylangan so‘zlarni
nazarda tutganini e’tiborga olsak, olimning nima demoqchi bo‘lgani yaqqol
anglashiladi.
Mana, masalan, “buytur” so‘zini olaylik. Olim yozadi: “Vsevolod taxallusi
– “buytur”ni mustansix sezmagan turkizmlar sirasiga kiritaman. Yilnomalarda bu
knyazning harbiy iste’dodi va mardliklari alohida qiziqish bilan yoritiladi. “Igor
dostoni”ning ko‘p joyida uning jangovar qahramonliklari vasf etiladi. Muallif
Vsevolodni “buytur” deb atashi behuda emasga o‘xshaydi. “Botir” so‘zining kelib
chiqishini tushunishni istovchi turkshunoslar uchun bu topilma (batur, bootur,
bogatur, bogatыr). “Igor jangnoma”si (“Igor dostoni”) XIII asrdan so‘ng keng
yoyilgan bu atamaning eski shaklini saqlagan yagona obidadir. X asr manbalarida
hali yo‘q edi... To‘g‘rirog‘i, XI-XII asr qipchoq muhitida paydo bo‘ldi (buy-ture,
bo‘y to‘ra; aslida boyto‘ra, yoki bekto‘ra, beyto‘ra, biyto‘ra – tarj.) ham bo‘lishi
mumkin, lekin “bo‘y-to‘ra” to‘g‘riroq, so‘zma-so‘z tarjimasi: o‘ychan janob,
yuksak, baland, novcha janob). Volga turklari til xususiyatlarini o‘zida saqlagan.
... Igor jdet’ mila brata Vsevoloda.
I reche emu buytur’ Vsevolod’...”
24
Asarning ikkinchi qismi “Shumernoma” deb ataladi. Bu erda tadqiqotchi
shumerlarga tegishli mixxatlardagi 60 ta turkizm (turkiy so‘zlar)ni keltiradi.
“I.M.Dyakonov misol sifatida yuzdan sal oshiq shumercha so‘zdan foydalandi.
Men 60 tasini to‘pladim. Garchi 50 yoki 80 so‘z topishim mumkin esa-da, nechun
60 raqamida to‘xtadim? Chunki Shumer(cha)da bu raqam oliy hisob o‘lchovidir.
60 – eng so‘nggi – eng yuksak son hisoblanardi – 60x60, 60x60x60 va h.k. 60 lik
hisob an’anasi shundan beri kelmoqda: daqiqa – 60 soniya, soat – 60 daqiqa, doira-
aylana – 360
o
va h.k... Shu ramzni tutamiz, balki yordami tegib qolar. To‘liq lug‘at
tuzishganda yoki tadqiq etishganda ilk 60 so‘z (orti)dan mayli, 60 va 360 barobar
ko‘prog‘ini boshqalar topishsin. Lekin mening qanoatim shu – totini bilish uchun
butun Tinch ummonini xo‘plab yuborish, hammasini ichib qo‘yish shart emas,
24
Йўлдош Эшбек таржимасидан.
403
sho‘rini shamol yuzingga purkagan bir necha sho‘r tomchi ham kifoyadir” deb
yozadi O‘.Sulaymonov “AZ I YA” asarida.
Lekin keyinroq O‘.Sulaymonovning ozarboyjonlik safdoshi va izdoshi
Oydin Mamedov turkizmlar sonini 800 taga yetkazib aniqladi. Hozirda bunday
turkizmlarning soni 1000 taga yaqinlashdi. O‘.Sulaymonovning o‘zi ham haligacha
mazkur ish ustidagi izlanishlarini to‘xtatgan emas. Bu haqda u turli davralarda
ko‘p bora so‘zlagan
25
.
Aytish lozimki, “AZ I YA” nashr qilingandan keyin ko‘p o‘tmay taqiqga
uchradi va uning barcha ekzemplyarlari kitob do‘konlaridan yig‘ishtirib olindi. Bu
hol muallifning o‘ziga ham qattiq ta’sir qilib, u sakkiz yil davomida deyarli she’r
yozmadi.
“Nima uchun kitob bunday noodatiy nomlanishga ega?” degan savol
tug‘iladi. Buning sababini muallif shunday izohlaydi: “Qadimgi rus va qadimgi
slavyan lahjalarini o‘rganar ekanman, “AZ I YA” so‘zida bir vaqtning o‘zida bir
olmoshning ikki shaklini ilg‘ab qoldim: ko‘hna “Men” va zamonaviy “Men”.
Demak, O‘.Sulaymonov aytmoqchiki, bu erda ikki “men” bor, biri ko‘hna,
ikkinchisi esa yangi, hozirgi “men”. Asarni o‘zbek tiliga juda katta mehnat va
matonat bilan tarjima qilgan iste’dodli shoir va mutarjim Yo‘ldosh Eshbek yozadi:
“AZ I YA – qadimgi rus alifbosining birinchi va oxirgi harflari, ya’ni
boshlang‘ichdan oxiriga qadar ma’nosida; eski tilda – sen va men; shuningdek,
Osiyo kabi ma’nolari ham bor”.
Bir qarashda chiroyli so‘z o‘yinidek tuyuladigan nom ostida ulkan tadqiqot
ma’nosiga ishora qiluvchi mazmun yashirin: “boshdan oxirni qamrab olish”.
Qolaversa, ruslar “Osiyo”ni “AZ I YA” deyishadi. Bas, shunday ekan, bu erda
turkiylar makon tutgan joy nomi ham anglashilib turadi, deyish mumkin.
Yana shoirning lirikasiga qaytamiz. Qozoq shoirining rus tilida bitilgan
she’rlari o‘zbek tilida ham go‘zal shakllarda jaranglagan, ularga tartib berilib,
to‘plamlar chop etilgan. O‘. Sulaymonov she’rlarini o‘zbek tiliga R.Parfi, U.Azim,
Sh.Rahmon,
S.Rahmon,
M.Rahmon,
A.Suyun,
F.Kamolova,
M.Mirzo,
M.Kenjaboev, S.Said kabi shoirlar mahorat bilan o‘girganlar. Aytish kerakki,
O‘ljas Sulaymonov eskirgan emas, uning asarlari tarjimalari hali-hanuz davom
etmoqda. Chunonchi, ikki taniqli shoir va tarjimon Yo‘ldosh Eshbek hamda
Oydinniso amalga oshirgan tarjimalar so‘zimizning yaqqol isbotidir.
Y.Eshbekning, kamchiliklaridan qat’iy nazar, ulkan tadqiqot ustiga qurilgan “AZ
I YA”ni tarjima qilib, elimizga tutgani bu – o‘zbek tarjimashunosligida alohida
voqea. Bunga hali ko‘p va xo‘p qaytiladi. Shoira Oydinniso taqdim etgan yangi
tarjimalar shuni ko‘rsatadiki, vaqtlar o‘tgani sayin u yoki bu durdona asarlarning
25
Қаранг: “Аз и Я” га бағишланган интернет материаллари.
404
yangi tarjimalariga ehtiyoj hamisha saqlanib qolaverar ekan. Umuman, bir
vaqtning o‘zida ikki tarjimon amalga oshirgan tarjimalar turlicha chiqishi g‘oyat
tabiiy ekanligini qabul qilishimiz kerak. Chunki har bir tarjimon asliy matnni
o‘ziga qarab turgan tomonini ko‘radi, tushunadi, his qiladi va o‘giradi. Shuning
uchun ham qo‘lingizdagi kitobda, oz bo‘lsa-da, bir she’rning ikki xil – bir-biridan
anchayin farqlanib turuvchi o‘girmasiga ham duch kelishingiz mumkinki, buni
takror deb o‘ylamasliklarini o‘quvchilardan so‘rab qolamiz.
Shuningdek, qozoq shoirining she’rlari dunyoning ko‘plab boshqa,
jumladan, ingliz, ispan, fransuz, olmon, venger, chex, polyak, slovan, turk, mo‘g‘il,
tojik, qirg‘iz kabi ellikdan ortiq tillarga tarjima qilingan. Ayniqsa, shoirni
Fransiyada juda yaxshi bilishadi, she’rlarini sevib o‘qishadi. O‘. Sulaymonovning
turli davrlar mahsuli bo‘lgan “Maymun yili”, “Sopol kitob” kabi to‘plamlari
Fransiyada nashr qilingan va nozikta’b she’rxonlar tomonidan juda iliq kutib
olingan.
O‘ljas Sulaymonovning she’rlari va uning hayotiy faoliyatida o‘ziga xos
mushtaraklik bor. Chunonchi, shoir “Nevada – Semipalatinsk” antiyadroviy
harakatiga asos solish bilan birga, bu haqda lirika orqali dunyoga hayqiradi. 1973-
yilda o‘z davri uchun nihoyatda o‘tkir va qaltis mavzuda bitilgan “Yovvoyi dala”
she’ri shunday misra bilan yakunlanadi: “Yashasin sinovlarga qo‘yilgan nuqta!”
Shoir qanday sinovlarga qo‘yilgan nuqta haqida so‘zlamoqda? Nahotki,
Boykonurdagi yadroviy bombalar sinoviga?.. Sobiq sho‘rolar davlati ayni kuchu
quvvatga to‘lgan bir davrda-ya?.. Ha-ha, aynan o‘sha davrda hamda she’rda so‘z
yadroviy sinovlarni to‘xtatish ustida ketmoqda. She’r shu maqsadda yozilgan.
Hozirgi davrda bunday mazmunli bitiklar bitish anchayin oson, ijodkordan alohida
jasorat talab qilmaydi. Lekin bunday harakatga asos solish hamda bunday
mavzularda baralla yozish o‘tgan asrning 70 – yillari uchun shoirdan juda katta
mardlik, qahramonlik talab qilardi. Xo‘sh, shoir nega bu ishga qo‘l urdi? Chunki
faqat 1949 va 1963 yillarda o‘tkazilgan atom va vodorod bombalari sinovining
kuchi Yaponiyaning Xirosima shahriga tashlangan AQSH atom bombasidan 2500
marta quvvatliroq edi. Bunday holda qozoq tuproqlariga juda katta ekologik zarar
yetkazilayotgan edi. Ekozarardan tashqari, qirg‘in keltiruvchi bombalar sinovidan
insoniyatga xayr yo‘q, bil’aks, faqat va faqat xavf bor, xatar bor edi. Bularning
barini g‘oyat teran anglagan shoir o‘z davrida, natijasidan qat’iy nazar, ham so‘z
bilan, ham amal bilan bombalar sinoviga “To‘xta!” dedi, deya oldi.
Shoirning ilk to‘plami “Arg‘umoq” deb ataladi, deb yozdik. To‘plamdan joy
olgan “Arg‘umoq” she’ri bor. Xuddi shu she’rda mard, jasur va tanti qozoq elining
tarixiy siymosi yaratilgan desak ayni haqiqatni so‘zlagan bo‘lamiz.
Yilqisi bilan mashhur,
Qadim qipchoq yerida
405
Oqib boradi uyur
Kuygan o‘tlar selida.
Tomirimda qaynar qon,
Tulporidan saylab ber.
Yeldiray misli bo‘ron
Ostin-ustun bo‘lsin yer.
Yellar alanga solsin
Arg‘umoqning qoniga.
Qiyoq, alaflar qolsin
Tuyoqlar to‘zonida.
Hujum, yashash, – bu nadir,
Arg‘umoq bilib qo‘ysin.
Jasorat bizga taqdir,
So‘qmoqlar guldurasin!
She’rda nafaqat qozoq eli mansub bo‘lgan uchta katta turkiy urug‘dan biri
bo‘lmish qipchoqlar siymosiga chizgilar chizilgan, ayni vaqtda, uning shonli
tarixiga ham ishoralar qilingan. Chunki tomirida qon qaynab toshgan, saylab
olingan tulporlarni bo‘ronday eldirib so‘qmoqlarni guldiratib chopgan, tuyoq
ostida qiyoqu alaflarni qoldirgan ko‘yi (qiyoqu alaflar bu erda nafaqat o‘t-o‘lan,
shu bilan birga, dushmanu yovning ham ramzi o‘laroq kelmoqda) hayoti mudom
jangu jadallar bilan kechgan ulkan turkiy qavm ko‘z o‘ngimizda yorqin
gavdalanadi. Tantilik, mardlik qozoqning, turkiyning qonida bor. Bu qon O‘ljas
Sulaymonovning ham tomirlarida oqadi. Uning “Qumoq qo‘shig‘i” she’rida shu
ruh juda go‘zal shaklda aks etgan:
Shamolday elarman sodiq otimda,
Bir umr,
Bir umr o‘zga yoqlardan,
Faqat chuqur izlar qolur ortimda,
Vafodor otimning tuyoqlaridan.
Tokim yomg‘irdan so‘ng
Bu chuqur izlar
Ming-ming piyoladay tursinlar qator,
Yovlarim kelganda ortimdan izlab,
Menday tashnalikdan
Chekmasin azob.
Qarang, sodiq, vafodor otida shamolday yelib borayotgan suvoriy nimalarni
xayol qilmoqda? Otim tuyoqlaridan qolgan chuqur izlarga yomg‘ir suvlari to‘lib,
minglab suv to‘la piyolalarni hosil qilsinu ortimdan kelayotgan yov mendek
tashnalar bo‘lmasdan chanqog‘ini qondirsin, demoqda. Bu erda she’rdagi go‘zal
406
tashbeh (otning tuyoq izlariga yomg‘ir to‘lishiyu piyolalardagi suvlarga aylanishi!)
dan zavq olasanmi yoki lirik qahramonning o‘z ortidan quvib kelayotgan yovga
yaxshilik ravo ko‘rishidek insoniy balandligidan – bilmay qolasan, kishi.
Ikkisining kuchi birdaniga kelib ongu qalbingga urilganda esa, badiiy zavq
bo‘yining o‘tkirligidan boshlaring aylanib ketadi. Bunday she’riyat o‘quvchini
mardlik va go‘zallik ruhida tarbiyalashiga aslo shubha yo‘q.
Qozog‘iston xalq shoiri O‘ljas Sulaymonovning ozod ruhli, haroratli
she’rlari, turkiy xalqlar tarixi, tili bo‘yicha olib borgan o‘lmas tadqiqotlari,
jumladan, “AZ I YA” asari nafaqat qozoq eli, nafaqat turkiy xalqlar, ayni
zamonda, umumbashar madaniyati, adabiyoti va ilmiga qo‘shilgan ulkan hissadir.
Dostları ilə paylaş: |