Hayot kechirishi. Akasiya soxta qalqondori Markaziy Osiyoda yiliga ikkita nasl beradi. Lichinkalari tokda, ko‘pgina daraxt, butalarning tana va shoxlarida va o‘tsimon o‘simliklarda qishlaydi. Aprelda lichinkalar qishlagan joylarida oziqlana boshlaydi. Ular oq akasiyada ayniqsa ko‘p bo‘ladi, bu hasharotning nomi ham shundan olingan. Soxta qalqondorning zarari tokda va qisman olmada yaqqolroq seziladi. Tokda birinchi nasl soxta qalqondor eski va bulturgi novdalarni so‘radi.
Lichinkalar may oxirida voyaga yetgan qalqondorlarga aylanadi; iyun boshlarida urg‘ochisi 1000 tacha tuxum qo‘yib, keyin nobud bo‘ladi. Tez orada tuxumlardan ikkinchi nasl lichinkalari paydo bo‘lib, ular tokka o‘rmalab chiqadi. Birinchi yoshdagi lichinkalari shamol yordamida ham tarqalishi mumkin; hasharot tokka yon-veridagi akasiya daraxtlaridan ba’zan shu yo‘l bilan o‘tadi,
Soxta qalqondorning lichinkalari yopishqoq tezak chiqaradi, bu hasharot ko‘p bo‘lsa, butun tok tezak bilan qoplanadi, shu bilan birga tezak uzumga tushsa uning shirasini kamaytiradi. Lichinkalar ko‘pincha uzumning o‘zini ham so‘radi. Ular kuzda oziqlanishni tugallab, soxta qalqondorning maydaroq formasiga aylanadi (mavsumiy dimorfizm). Markaziy Osiyoda akasiya soxta qalqondorining erkaklari topilgan emas. Bu hasharot partenogenez yo‘li bilan ko‘payadi.
Kurash choralari.Erta ko‘klamda (kurtaklar bo‘rtguncha) yoki kech kuzda toklarga va yon-veridagi daraxt, butalarga 5° li ohak-oltingugurt qaynatmasi purkaladi. Kurtaklari uyg‘onmagan daraxt va butalarga 6-8 % li karbolineum emulsiyasini yoki 10 % li mineral moy emulsiyalarini purkash yanada yaxshi. Toklarga erta ko‘klamda (kurtaklar bo‘rtguncha) temir kuporosining eritmasini (1 l suvga 60 g hisobidan) purkab qo‘yish kerak Temir kuporosi eritmasi uzumning dog‘li antraknoz kasalligiga qarshi kurash uchun ham foydali ekanligi bilan ayniqsa muhimdir. Uning soxta qalqondorlarga insektisid sifatida ta’sir etishi juda ham ehtimol. Tokzorlar yaqiniga oq akasiya ekish tavsiya etilmaydi, chunki soxta qalqondor shu daraxtda ko‘payadi va saqlanib turadi.