Savol va topshiriqlar: Tilshunoslikning taraqqiyot bosqichlarini sanab bering.
Qadimiy turkiy til davriga oid qanday yozma manbalarni bilasiz?
Qaysi asar turkiy tillarning fonetikasi, leksikasi, grammatikasi, dialektal xususiyatlari haqida to`la ma`lumot beruvchi qimmatli manba hisoblanadi?
11-seminar mashg’ulot Mavzu: Tilshunoslik maktablari. Tilshunoslik maktablari ta’limotlarining asosiy mohiyati Reja: Ma’lumki, qiyosiy-tarixiy jihatdan hind-evropa tillarini o‘rganish jarayoni bir necha taraqqiyot davrini boshidan kechirdi. Ular quyidagilardan iborat:
1-davr.Qiyosiy-tarixiy metodning asoslanishidan yosh grammatikachilargacha.
2-davr. Yosh grammatikachilar.
3-davr. Yosh grammatikachilardan F. de Sossyurning «Umumiy tilshunoslik kursi» asarigacha.
4-davr. F. de Sossyurning «Kursi» dan hozirgi kungacha.
XIX asrning 70-80-yillarida tilshunoslikda eski tilshunoslik yo‘nalishlariga hujum qilib yangi yo‘nalish maydonga keldi. Nemis filologi F. Tsarnke ularga kulgili tarzda yosh grammatikachilar deb nom berdi. Yosh grammatikachilar oqimining boshlovchisi K. Brugman bu nomni maktabning nomi qilib oldi.
Yosh grammatikachilar g‘oyalari Amerika indologi V.D.Uitni, Italiyada G.I.Askoli (1829-1907), Shvetsariyada F.de Sossyur, Avstriyada Gugo Shuxardt (1842-1927), Daniyada Karl Verner (1846-1896), V.Tomsen (1842-1927), Rossiyada A.A.Potebnya, I.A.Boduen de Kurtene, F.F.Fortunatov asarlarida ham o‘z aksini topgan.
Yosh grammatikachilar maktabining asosiy namoyondalari Leytsig universitetida jamlangan. Yosh grammatichkachilar kontseptsiyasi Avgust Leskinning «Slavyan-litov va german tillarida turlanish» (1876) nomli asarida o‘z ifodasini topgan. A.Leskin qarashlari va g‘oyalari uning shogirdlari Karl Brugman (1849-1919), German Ostgof (1847-1909), German Paul (1846-1921), Bertold Delbryuk (1842-1922) kabilar davom ettirib rivojlantirdilar.
Yosh grammatikachilarning asosiy qarashlari K.Brugman va G.Ostgofning «Morfologik tadqiqotlar» nomli kitobining so‘z boshisida, G.Paulning «Til tarixining tamoyillari» kitobida, B. Delbryukning «Tilni o‘rganishga kirish» nomli asarlarida o‘z ifodasini topgandir. Ular o‘z asarlarida uch kontseptsiyani himoya qildilar:
1. Til taraqqiyotida fonetik qonuniyatlar chetda qolmaydi.
2. Til hodisalarining o‘zgarishida fonetik, morfologik o‘xshashlik (analogiya) asosiy rol o‘ynaydi.
3. Jonli dialektal nutq tilshunoslikning asosiy ob’ekti deb hisoblanishi kerak.
Yosh grammatikachilar tilni individual psixo-fiziologik faoliyat deb baholaydilar. Ularning fikricha, tildagi hamma o‘zgarishlar individning nutqiy faoliyatida yuz beradi. Til doim o‘zgarib turuvchi hodisa bo‘lib, uni tarixiy nuqtayi nazardangina o‘rganish maqsadga muvofiqdir. Agar A.Shleyxer tarixiylikni o‘zboshimchaliklar kurashi deb qarasa, yosh grammatikachilar tarixiylik ilmiylikdir, deb uqtiradilar. Ular tarixiy nuqtai nazardan o‘rganishda umumiy hodisalarni emas, balki aniq hodisalarni o‘rganishni tavsiya etadilar. Lekin yosh grammatikachilarda tarixgacha bo‘lgan tilning o‘sish davri va tilning rivojlanmagan davri, degan kontseptsiya yo‘q. Yosh grammatikachilarning asosiy maqsadi, B. Delbryuk fikri bilan aytganda, tilshynoslikni falsafiy davridan tarixiy davriga o‘tkazishdir. K.Brugman o‘z yo‘nalishlarining vazifa va maqsadini belgilab, shunday yozadi: «Kimki tilni ilmiy jihatdan o‘rganar ekan, unda birgina metod bor, u ham bo‘lsa tarixiylikdir».
Yоsh grammatikachilar tarixiylik tamoyilini olg‘a sursalar ham o‘lik tillarni o‘rganishni inkor qilib, o‘z davrlarida mavjud bo‘lgan til hodisalarini tekshirganlar. Ular hind-yevropa asos tilini rekonstruktsiya qilishga butunlay ishonchsizlik bilan qaraganlar. Yosh grammatikachilar til fonetikasi sohasida katta ish qilganlar va ko‘proq fonetika qonunlarini analogiya yo‘li bilan o‘rganganlar. Tarixiylik tamoyili va tarixiy jarayon nazariyasi G.Paulda har tomonlama ishlangandir.
Har qanday inson madaniyatining shakllari kabi til ham tarixan tekshirilishi kerak bo‘lgan fandir, deydi G. Paul.
G. Paul tarixiy fanlarni ikki guruhga ajratadi:
1.Tarixiy tabiiy fanlar.
2.Madaniyat haqidagi tarixiy fanlar.
Tilshunoslik madaniyat haqidagi fanlardan biri bo‘lib, u tilni kishilik madaniyati yapatuvchisi sifatida o‘rganishi kerak. Tarixiylik G.Paulni psixologizmga olib keldi. U tarixiylik tamoyili asosida til mohiyatini psixologik nuqtai nazardan hal qildi. G. Paul kontseptsiyasining mohiyati shundaki, u tarixiylikdan psixologizmga, psixologizmdan individualizmga tomon boradi.
Xullas, yosh grammatikachilar maktabi vakillarining qarashlarida quyidagilar yaqqol ko‘zga tashlanadi:
Yosh grammatikachilar:
1.Tilni individual psixofiziologik faoliyat deb bildilar.
2.Tildagi o‘zgarishlar ayrim shaxsning odatdagi nutq faoliyatida yuzaga kelishini ta’kidlashdi.
3. Bobo tilni tiklashga qarshi chiqib, jonli tillarni o‘rganishga chaqirdilar.
4. Tilning ikki xil faoliyati (individual-psixologik, fiziologik) borligini ko‘rsatishdi.
5. Tilga doimiy o‘zgarib turuvchi hodisa sifatida tarixiy yondoshishni talab qilganlar.
6. Ta’limotida atomizm asosiy rol o‘ynab, bunda til hodisalarini boshqa hodisalardan ajratgan holda tekshirishni tavsiya etdilar.
7. Hind-Yevropa tillari fonetikasi sohasida arzirli ish qildilar.
Umuman, yosh grammatikachilar oqimining kamchiliklari bo‘lishiga qaramay, qiyosiy-tarixiy metodning rivojida asosiy rol o‘ynadi.