41. Siyrak tolali biriktiruvchi to’qima,morfofunktsional tavsifi. Plazmatik xujayralar tuzilishi va ularning immunitetdagi roli. Plazmotsitlar murtaklarda, taloq, limfa tuguni, jigar, ichakning shilliq qavatida va boshqa a’zolarda uchrovchi hujayra turidir. Plazmatik hujayralar oval yoki yumaloq shaklda bo`lib, yadrosi ekstsentrik joylashadi. Plazmotsit sitoplazmasida juda yaxshi rivojlangan donador endoplazmatik to`r, Golji kompleksi va erkin ribosomalarni ko`rish mumkin. Golji kompleksi atrofida lizosomalar ham uchraydi. Plazmotsitlarning asosiy vazifasi immunoglobulinlar yoki antitelolar ishlab chiqarishdir. Hozirgi vaqtda immunoglobulinlarning asosan 5 sinfi (A, G, M, D, E) plazmatik hujayrada hosil bo`lishi tasdiqlangan. Bu moddalar donador endoplazmatik to`rda vujudga kelib, boshqa a’zo hujayralaridagi singari sekretor konveyerga tushib, hujayradan tashqariga chiqariladi. Sekretor moddaning tashqariga chiqishi plazmotsitoz (sitoplazma bo`lakchalarining ajralishi) yo`li bilan yuzaga chiqishi mumkin. Hozirgi davrda plazmatik hujayralarning B- limfotsitlardan hosil bo`lishi aniqlangan. B-limfotsitlar esa antitelolar ishlab chiqaruvchi plazmatik hujayralarga aylanishi mumkin.
Plazmatik hujayralarning bir necha turlari farqlanadi: plazmoblastlar, proplazmotsitlar va yetuk plazmatik hujayralar. Plazmoblast hujayrasida RNK to`planadi va bu hujayra intensiv oqsil sintez qiladi. Antitelolarning hosil bo`lishi plazmoblastlarning yetilgan plazmatik hujayraga aylanishi bilan bog`liq. Bunda bir necha ketma-ket hujayra bo`linib, bir plazmoblastdan o`nlab yetilgan plazmatik hujayralar hosil bo`ladi. Plazmoblastlar tez bo`linuvchi hujayralardir. Ular proplazmotsitlar bosqichiga o`tib, ko`p miqdorda immunoglobulin hosil qiladi. Shu bilan ularda ko`payish qobiliyati saqlanib qoladi. So`ngra proplazmotsitlar yetilgan, ko`payish qobiliyatini yo`qotgan hujayralarga aylanadi. Bir plazmatik hujayra faqat bir immunologik spetsifik antitelo hosil qiladi.
42. Siyrak tolali biriktiruvchi to’qima,morfofunktsional tavsifi.To’qima bazofillari, ularning tuzilishi, faoliyati va to’qima gomeostazidagi roli. To`qima bazofillari (labrotsit, mastotsit yoki geparinotsit) sitoplazmasida yirik donachalar tutgani uchun semiz hujayralar nomini olgan. Ular asosan qon tomir kapillyarlari atrofida joylashadi. Bu hujayralar yirik noto`g`ri dumaloq shaklga ega bo`lib, fiziologik reaksiyalarda va turli patologik holatlarda miqdori o`zgarib turadi. Hujayra sitoplazmasida organellalardan tashqari yirik gomogen donachalar joylashgan. Bir hujayrada taxminan 10-20 ta donachalar bo`lib, ular tuzilishiga ko`ra donador, plastinkasimon va aralash donachalarga bo`linadi. Donachalar o`zida biologik aktiv moddalar: geparin, gistamin va serotoninlar tutadi. Sitoplazmada har xil fermentlar: lipaza, ishqoriy fosfataza, peroksidaza, sitoxromoksidaza, ATF-aza va boshqalar mavjud. To`qima bazofillarining donachalarida saqlanadigan geparin va gistamin to`qimalar muhiti doimiyligini (gomeostazni) ta’minlashda muhim rol o`ynaydi. Geparin donachalar mahsulotining qariyb 30% ini tashkil etadi. U qon ivishiga to`sqinlik qiladi, hujayralararo moddaning o`tkazuvchanligini pasaytiradi va yallig`lanish jarayonini susaytiradi. Gistamin kapillyarlar devorining o`tkazuvchanligini oshiradi va qon tomirlarni kengaytiradi. Shu xususiyatlari tufayli to`qima bazofillaridan ajralib chiqadigan gistamin turli xil allergiya reaksiyalarida ishtirok etadi. Gistamindan tashqari, allergiya reaktsiyalarida to`qima bazofillari ajratib chiqaradigan moddalar, jumladan, allergiyaning sekin ta’sir ko`rsatuvchi moddasi, trombotsitlarni aktivlovchi modda, neytrofil va eozinofillarning xemotaksisini kuchaytiruvchi modda va boshqalar ishtirok etadi.