Kapital qo`yilmalar – kapital qurilishga yo`naltirilgan real investitsiyalarni hamda yangi qurilish, korxonalarni qayta texnik qurollantirish, asbob-uskunalar xarid qilish, loyiha-qidiruv ishlariga yo`naltirilgan xarajatlar.
Demak, kapital qurilish quyidagi bosqichlar asosida amalga oshiriladi:
Tayyorgarlik bosqichi –qurilish boshlanishidan oldingi tayyorgarlik, ya’ni obyekt joylashgan yerni tanlash, qurilish rejasini tuzish, kerakli asbob-uskunalar ro`yxati va ularni sotib olish hamda ularning moliyaviy hisobotini tuzish.
Qurilish bosqichi – loyihalashtirib bo`lingandan so`ng amalga oshiriladigan bosqich hisoblanib, bu loyiha asosida qurilishni amalga oshirish, ya’ni yer maydonini qurilishga tayyorlash, inshootni qurish, kerakli xizmatlarni, masalan, suv ta’minoti, gaz yoki elektr bilan bog`liq ishlarni amalga oshirishdan iborat.
Qurilish mahsulotini realizatsiya qilish – loyihalashtirib va qurilish amalga oshirilib bo`lgandan keyingi, yakuniy bosqich hisoblanib, to`liq nazorat va tekshirishlardan o`tib, obyekt tayyor holatga kelgan bosqich.
Kapital qurilishda investitsiya jarayonlarining asosiy qatnashchilari: investorlar, buyurtmachilar, quruvchilar hamda loyihalashtiruvchilardan iborat.
Investor – o`z mablag`larini, intellektual mulkka doir huquqlarni investitsiya faoliyati obyektlariga investitsiyalashni amalga oshiruvchi investitsiya faoliyati subyekti hamda huquqiy jihatdan investitsiya faoliyatiga egalik qiladi, kapital qo`yilmalar joylashitirish kerak bo`lgan joylarni o`zi tanlaydi va qurilayotgan obyekt uchun kerakli shartlarni ishlab chiqib, investitsiya jarayoni qatnashchilari bilan moliya-kredit ishlarini ham amalga oshiradi.
Buyurtmachi –obyektning tashkiliy, boshqaruv ishlarini amalga oshirishni zimmasiga oluvchi jismoniy yoki yurudik shaxs.
Buyurtmachi biror obyektni loyihalash yoki qurish, asbob-uskunalar yetkazib berish kabi ishlarda tanlovlar bo`layotgani haqida xabar beradi va maxsus kerak bo`ladigan hujjat tuziladi va bu hujjatda tanlovning asosiy g`oyasi hamda shartlari ko`rsatiladi, bunday hujjatlar esa “tender” deyiladi.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi hududida ham kapital qurilish uchun, to`xtab qolgan obyektlarni qurilishini davom ettirish, asbob-uskunalar xarid qilish uchun Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 3-iyuldagi 302-sonli qaroriga binoan tender orqali amalga oshiriladi. Tenderda ishtirok etish shartlari, vazifalari to`g`risida “O`zbekiston Respublikasi hududida kapital qurilishda tanlov savdolari to`g`risida” gi nizomda aks ettiriladi.