Hujumda jamoalar asosan ikki taktik tizimni qo`llaydilar. Tez yorib o`tish va pozitsiya hujumi. Bu tizimlarning har qaysisi bir-birini to`ldiradi va shuning uchun hamma jamoalar qurollangan bo`lishi kerak.
Tez yorib o`tish. Bu hujumda ko`proq natija beradigan usuldir. Ammo, uni qo`llaganda o`yinchilarning o`zaro yonma-yon holatda bo`lib qolishi qiyin. Shuning uchun pozitsiyada hujum qilishning solishtirma og`irligi biroz baland hisoblanadi. Shunga qaramasdan, tez yorib o`tish qanchalik ko`p qo`llansa, hujumchilar to`p otishni shunchalik ko`p bajaradilar. Zamonaviy gandbol faqat shuning hisobiga rivojlanmoqda.
Tez yorib o`tishning maqsadi raqiblarning to`pni yo`qotib, hujumdan himoyaga o`tishi paytida sodir bo`ladigan vaqtincha uyushmagan harakatidan foydalanishdir. Shuning uchun tez yorib o`tishga albatta raqiblardan to`pni kutilmaganda olib qo`yilganda kirishiladi. Bu ko`pincha to`pni olib qo`yishda, to`siqlardan, darvozabondan yoki darvoza ustunlariga urilib qaytgan to`pni egallaganda va hujumchilar tomonidan o`yin qoidasi buzilgan hollarda amalga oshiriladi.
Tez yorib o`tishdagi o`zgarishlar uning shiddati bilan bog`liq hujum 4-7 s davom etadi, o`zaro harakatlar oddiy bo`lsa ham, oz sonli o`yinchilar bilan ustunlik vujudga keltiriladi.
Vaqtdan yutish va bo`shliq, son jihatdan ustunlikni vujudga keltiradi va darvozani ishg`ol etish uchun qulay sharoit yaratadi. Ammo buning uchun barcha himoyachilar harakati imkon boricha tezkor, dadil va yaxshi kelishilgan bo`lishi kerak.
Tez yorib o`tishda ayniqsa, darhol qulay vaziyatni tanlash va birinchi to`pni to`g`ri uzatish muhimdir. Tez yorib o`tish yolg`iz va jamoaning hamma o`yinchilari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Tez yorib o`tishga qanchalik ko`p o`yinchilar qatnashsa, ularga qarshi kurashish shunchalik murakkablashadi.
Darvoza tomon tez yorib o`tishda hujumchilar butun maydon kengligida bir yoki ikki qator bo`lib joylashadi. Birinchi bo`lib start olgan (1-3-o`yinchi) o`yinchilarni orqadagi o`yinchilar qo`llashi kerak. Hujumchilar to`pni yo`qotishi va ularga javoban hujum uyushtirilishi mumkinligi sababli bir o`yinchi orqada qoladi. Agar old qator o`yinchilari son jihatidan ustunlikka erisha olmasa, unda hujumning muvaffaqiyatli yakunini himoyachilar orasidagi bo`sh joyga kirishga harakat qilayotgan orqa qator o`yinchilari amalga oshiradi. Bunday birin-ketin rivojlanadigan va orqa qator o`yinchilari yakunlaydigan tez yorib o`tish hujumi “rivojlangan hujum” deb nom olgan.
Uzoq masofaga to`p uzatib, tez yorib o`tish oddiy va muddatidan ilgari yakunlanadigan hujumning mas`uliyatli usulidir. Odatda uzatishni darvozabon yoki to`pga ega bo`lgan o`yinchi bajaradi. Tez yorib o`tishni boshlagan o`yinchi maydonning yon chizig`i bo`ylab yoki maydon markazi tomon chaqqon oldinga intiladi. Muvaffaqiyat uchun oldinga intilgan o`yinchi boshqalardan o`zib ketishi mumkin. Odatda, buni oldinga chiqib o`ynayotgan himoyachi yoki to`p otilgan joyga qarama-qarshi burchakdagi himoyachi amalga oshiradi.
Taqibdan qutilgan o`yinchiga to`pni tez va aniq uzatish kerak. Yaxshisi, to`pning yo`nalish traektoriyasi pastroq bo`lgani ma`qul. Shuningdek, to`p uzatish masofasi juda uzoq bo`lmasligi kerak, chunki bunday to`pni raqiblar darvozaboni egallab olishi mumkin. Agar tez yorib o`tgan o`yinchiga darvozabonning darhol to`p uzatishiga xalaqit berishsa, u holda bu o`yinchi to`pni kechiktirmasdan o`z sheriklariga, ular esa oldindagi o`yinchilarga uzatishi zarur.
To`pni qisqa masofada uzatib tez yorib o`tish. Ushbu harakatni birinchi bo`lib boshlagan o`yinchining har tomondan pana qilinganiga ishonch hosil qilinganda amalga oshiriladi. Ular orqasidan boshqa o`yinchilar ham tez yorib o`tishga intiladi. Raqiblarni hujumni to`xtatishi mkoniyatidan mahrum etish uchun, to`pni egallagan o`yinchi qoidani buzib bo`lsa ham, avvalo, o`yinning borish vaziyatini aniqlaydi, himoyachi bilan munosabatga kirishmasdan tez mo`ljal olishga harakat qiladi va to`pni bo`sh sheriklariga uzatadi.
Hujumchilar butun maydon kengligida oldinga qarab harakat qiladilar. Birinchi qatorda 3-4 o`yinchi bo`lib, ular qisqa yo`l bilan oldinga intiladilar. Odatda, himoyachidan bo`sh bo`lgan hujumchini topish uchun 3-4 marta to`p uzatishni bajarish kifoyadir.
Tez yorib o`tish hujumi bir-biriga bog`liq bo`lgan uch bosqichdan tuzilgan:
to`pni egallab hujumga o`tish, son jihatdan ustunlikka erishish va hujumni yakunlash.
Hujumchi tez yorib o`tish harakatining birinchi bosqichida irg`ib oldinga tashlanadi va o`zini ta`qib qiluvchi o`yinchidan qutulishga harakat qiladi. To`p uzatmoqchi bo`lgan o`yinchi, qaysi o`yinchiga to`p uzatishni, vaziyatni to`g`ri baholab, to`p traektoriyasini va yo`nalishini aniqlashni, agar kerak bo`lsa, himoyachilarni chalg`itish uchun qilinadigan harakatni to`g`ri tanlashni bilishi kerak. Tez yorib o`tgan hujumchilarning asosiy maqsadi himoyachilar orqasiga o`tgan sheriklariga bo`ylama yoki diagonal to`p uzatishdir.
Tez yorib o`tishning ikkinchi bosqich hujumchilari hujum kuchini imkon boricha kengaytiradi va maydon kengligida bir va ikki qator bo`lib joylashadi.
To`p hujumning oldingi qatoriga uzatiladi.
Uchinchi bosqichning vazifasi – hujumni muvaffaqiyatli yakunlashdir. Yaxshisi, himoyachilardan hujumchilar soni ko`p bo`lishi kerak. Ammo son jihatdan tenglik bo`lgan holatda hujumning yakunlanishi o`yinda tez-tez uchrab turadi. Shuning uchun hujumchilar kam kuch bilan tez harakat qilishga doim tayyor bo`lishi kerak. Bunday holatlarda birinchi qatordagi hujumchilar o`rin almashtirish, chalg`itishlar yordamida hujumni yakunlashga intiladilar yoki ikkinchi qatordagi o`yinchilarning o`yinga qo`shilishiga qulay sharoit yaratishga urinadilar, bu alohida ahamiyatga egadir. Noqulay holatdan shoshilib otilgan to`p raqiblarning hujumga o`tish uchun kuch jihatdan ustunlikka erishuviga olib kelishi mumkin.
Shunday qilib, tez yorib o`tish yuksak uyushqoqlik bilan tashkil topgan harakatdir. Uni qo`llaganda yaxshi natijaga erishish uchun texnik-taktik tayyorgarlikning yuksak darajasi yetarli emas; ruhiy holat, dadillik, jur`at va ba`zan tavakkal harakat qilishlar hujumni yaxshi natija bilan yakunlashga yordam beradi.
Pozitsion hujum. Jamoa tez yorib o`tish hujumini yakunlay olmasa, unda hujumchilar majburan himoyachilarning uyushqoqlik bilan tuzilgan himoyasiga qarshi kurashmog`i kerak. Buning uchun ular maydonning o`zlariga qarashli yarmiga qaytib, raqiblar to`liq himoyaga o`tganda, ularga qarshi hujum uyushtiradilar va bu “pozitsion hujum” deb ataladi. Zamonaviy sharoitda himoyachilarning hamjihatlik bilan tashkil etilgan mudofaasini tez yengib chiqishni hoyatda muhim, chunki hujumchilarning to`p bilan hujum qilishiga 1 min dan ortiq vaqt berilmaydi.
Pozitsion hujumni qo`llash quyidagi holatlarda o`rinlidir:
to`pni o`yinga kiritish uchun ko`p vaqt sarflansa;
o`yin tezligi jihatidan raqiblarning ustunligi yaqqol sezilib tursa;
o`yin sur`atini o`zgartirish zaruriyati tug`ilganda, qayta tiklanish uchuntanaffus qilishda;
o`yinchilarni almashtirish kerak bo`lsa.
Pozitsion hujum uch bosqichdan iborat: boshlang`ich, tayyorlovchi va yakunlovchi. Birinchisida o`yinchilarni joy-joyiga qo`yish amalga oshiriladi. Vaqtincha son jihatdan ustunlikka ega bo`lish yoki hujum zonalaridan birida qulay vaziyat yaratish uchun to`p va o`yinchilarning o`rin almashishi ikkinchi fazada boshlanadi. Oxirgi fazada esa darvoza olinishiga erishiladi yoki kuchlar qayta tiklanib, hujumni davom ettirish va hujumdan himoyaga o`tish uchun qulay vaziyat yuzaga keltiriladi.
Pozitsion hujumni uyushtirish uchun jamoa ikki taktik guruhga bo`linadi. Birinchi guruhchani oldingi qatorda darvoza maydonchasi chizig`i yaqinida ikkitasi burchakdan va bir chiziq bo`ylab o`ynaydigan o`yinchilar tashkil etadi. Ikkinchi qatorni markaziy va ikki yarim o`rtalikda o`ynaydigan o`yinchilar egallaydi. Birinchi qatordagi o`yinchilar zimmasiga murakkab vazifa yuklangan ular raqiblar mudofaasi orasida harakat qiladilar. Shuning uchun birinchi qator o`yinchilari to`pni egallab, chalg`itishlarni qo`llab, himoyachini aldab o`tib va to`p otishga qulay vaziyat yaratish uchun joy tanlashni bilishi zarurdir. Bu o`yinchilarning o`z qatoridagi sheriklari bilan hamkorlikda o`yin xolatlarini vaqtivaqti bilan almashib turishni bilishi maqsadga muvofiqdir.
Ikkinchi qator o`yinchilari o`yinni tashkil etish bilan bir qatorda hujumni yakunlash funksiyasini ham bajaradi. Shuning uchun ular yuqori tayyorgarlik darajasiga, ham texnikada ham taktikada yuksak malakaga erishmog`i kerak.
Birinchi va ikkinchi qatorda o`ng tomondan chap qo`l bilan, chap tomondan esa o`ng qo`l bilan to`p otadigan o`yinchilarning o`ynashi raqib darvozasiga unumli hujum uyushtirishga imkoniyat beradi.
Pozitsion hujumning har xil variantlarida chiziq bo`ylab o`ynaydigan o`yinchilar soni o`zgarishi mumkin. Pozitsion hujumda o`yinchilarning 3-3 yoki 4-2 bo`lib chiziq bo`ylab joylashishi ko`p tarqalgandir. Pozitsion hujumda yana boshqacha joylashishlari ham mavjud.
Joylashish variantini tanlash ularning imkoniyatiga va raqiblar himoya tizimining tuzilishiga bog`liq. Pozitsion hujumda hujumchilar orasidagi o`zaro asosiy taktik harakatlar joylashish variantiga bog`liq bo`lmaydi. Ikki o`yinchi orasidagi “qaytarvachiq”, “aldamchi hujum”, “joy almashtirish”, “to`siq” singari oddiy harakatlar boshqalariga nisbatan ko`proq ishlatiladi.
“Qaytarvachiq” – bu eng oddiy, taktik kombinatsiya. U o`yinchining to`pga peshvoz chiqib uni bo`sh joyga uzatishi va yana o`ziga qaytarib olishidan iborat bo`ladi. Bunday holatda himoyachiga tasodifan kirishni boshlagan o`yinchining tezlik jihatdan ustunligi yaxshi natija beradi.
“Aldamchi hujum”-bu o`zaro harakat bo`lib hujumchining to`p bilan ikki himoyachi orasidan o`tib, uni otmoqchi bo`lganda himoyachilarni shu hujumchi yo`lini to`sish uchun oldinga chiqishga majbur etishda va ishontirishda qo`llaniladi. Bunday hollardan so`ng boshqa hujumchilar uchun ochilgan «yo`lakcha» da erkin harakat qilishim koniyati yaratiladi.
“Joy almashtirish” - o`zaro harakatda bo`lgan o`yinchilardan birini himoyachilardan yashirincha ozod etish uchun qo`llaniladi. To`p egallagan o`yinchi sherigi tomon harakat qiladi va to`pni orqadagi bo`sh joyga o`tgan sherigiga uzatadi.
Hujumchilarning o`zaro harakatida to`siq qo`yish alohida ahamiyatga ega. Uning yordamida himoyachilar qarshiligini bartaraf etish, zonaga kirayotgan hujumchining ta`qib qilinishiga halaqit berish mumkin. To`siq qo`yishning turlari quyidagilar: joyda turib va harakatda, tashqaridan va ichkaridan bulardan boshqalarga qaraganda birinchi qatordagi hujumchilar samarali foydalanadilar.
Pozitsion hujumda, jamoa harakatlarini tashkil etishda chiziq bo`ylab o`ynaydigan o`yinchi orqali hujum qilish yetakchi o`rinni egallaydi. Chiziq bo`ylab o`ynaydigan o`yinchilar soni har-xil bo`lishi mumkin. (1-2) va ularning o`yindagi asosiy o`rni - markazda, darvoza qarshisidadir. Ammo u yon tarafga chiziq bo`ylab harakat qilishi, oldinga erkin to`p tashlash chizig`iga chiqishi va to`pni o`yinga kiritishda ishtirok etishi mumkin.
Chiziq bo`ylab o`ynaydigan o`yinchining asosiy vazifasi to`pni egallab, uni darvozaga otishdir. Buning uchun u xamisha xiyla ishlatib (manevr) holi joyga “ochilishga”, to`p otish uchun kuchli qo`lini bo`shatishiga harakat qiladi.
Keyingi harakatlari uning himoyachidan qutulishini va orqa bilan turgan holda uni chalg`itib, har qaysi tomonga aldab ketishini ta`minlaydi; chiziq bo`ylab o`ynaydigan o`yinchi o`zi to`siq qo`yishni va to`p uzatishda sheriklariga yordam qilishni bilishi shart.
Umuman, oldinga qo`yilgan vazifani amalga oshirish uchun hujumchilar keng joylashishi va butun maydon bo`ylab hujum qilishi, to`siq qo`yishi, burchak va uzoq masofadan to`p otishni bajara olishi kerak. Chiziq bo`ylab o`ynaydigan o`yinchi holi joyga kirib “ochilsa” va darvoza maydoniga sakrab kirsa, u holda unga darxol to`p uzatiladi.
Bir necha o`yinchilar chiziq bo`ylab hujum qilishganda ularning vazifasi chegaralangan bo`ladi: biri hamisha darvozaga xavf tug`diradi, boshqalari esa ko`pincha sheriklariga yordam qiladi.
Joy almashishga kelishib hujum qilish samarali usuldir. Buning uchun hujumchilar o`yinning har bir vaziyatida muvaffaqiyatli o`ynay olishi, to`pni uzatish va darvozaga otishni bilishi, o`yin jarayonini yaxshi tushunishi va uning rivojlanish yo`lini oldindan ko`ra bilishi zarur. Joy almashishga kelishib hujum qilishni, himoyaning har qanday tizimiga qarshi qo`llash mumkin. Bunday hujum usullarida ko`p tarqalgan variantlar: “vosmerka”, “ikki burchak” hisoblanadi.
Bu variantlarga bir necha o`yinchilar harakatining uchrashuv tamoyili asos solgan (3-6). Bunda hujumchilar guruhlarga bo`linadi va o`zlarining yo`nalishi bo`yicha harakat qilishi mumkin. Bir-biriga qarama-qarshi harakat qilib uchrashishi to`p harakatining muntazamligiga to`siqlar qo`yishga, bir himoyachi zonasiga ikki hujumchining tasodifiy kirishiga qulay sharoit yaratadi.
Ko`pincha hujumning “vosmerka” variantida bu tamoyil to`la yoritilgan. Uning nomi hujumchilar harakatining shaklidan kelib chiqqan bo`lib katta va kichik “vosmyorka” degan ikki turga ajratiladi.
O`yinchilar kombinatsiyasi bir-biriga qarama-qarshi «krest» harakat qilib bog`laydi. Har qachon to`p uzatilganda o`yinchi diagonal bo`ylab maydon burchagiga ketadi va o`zi to`p uzatgan joyiga qaytadi. Bu bir necha marta takrorlangandan so`ng himoyachilar o`rganib qoladi, Shundan foydalangan hujumchilar to`satdan boshqa sheriklarini ham jalb qilgan holda hujum shaklini o`zgartiradi va raqiblar mudofaasini vaqtincha sarosimaga soladi.
Olti metrli chiziq bo`ylab, burchak va chiziq bo`ylab o`ynaydigan o`yinchilarning muntazam harakat qilishi, himoyachilar harakati uchun undan ham ko`p qiyinchiliklar tug`diradi. Ikki kichik «vosmerka» da yoki ikki uchburchak bilan harakat qilish oddiy o`zaro harakatni; 2-3 o`yinchi orasiga to`siq qo`yish va asosiy to`p uzatishlarni qo`llash yaxshi natijaga erishishga imkon beradi. Harakat qilishda muhimi bir pozitsiyada ikki hujumchining to`xtab qolmasligi; to`p bilan bo`lgan o`yinchi esa himoyachilarning oldinga chiqishiga majbur etuvchi hujum harakatlarini ishlatishi kerak.
Zonali himoyaga qarshi hujumda muhimi himoyachilarga noqulay bo`lgan joylashtirishdan foydalanishdir. Shunday qilib, 6-0 va 5-1 zonasiga qarshi kurashda yaxshisi ikki chiziq bo`ylab o`ynaydigan o`yinchi bilan hujum qilish. 4-2 va 3-3 zonali himoyaga qarshi kurashda esa, bir o`yinchi chiziq bo`ylab o`ynasa yaxshi natija beradi.
Pozitsion hujum muvaffaqiyatining oxirgi natijasi o`yinchilarning o`zaro kelishib qilinadigan harakatiga, oldindan o`rganganini qo`llashiga va o`yinda vujudga keladigan holatlarni ijobiy hal qilishiga bog`liq. Himoya taktikasi Himoyada o`ynashning umumjamoa usuli shaxsiy, hududiy va aralash bo`lishi mumkin. Biroq qisman bo`lsa ham boshqa usul elementlaridan foydalanmasdan birgina usulda o`ynayverish xato bo`ladi, chunki bu hol himoya taktikasini qashshoqlashtirib qo`yadi. Himoyada o`ynash usullarini himoyachilarning shaxsiy xislatlari va imkoniyatlarini xisobga olib tanlash kerak.
Mudofaa qilayotgan jamoa harakatlarining hammasi hujum qilayotganlar harakatiga javob tariqasida bo`lib, raqiblar taktikasining xususiyatlariga qarab uyushtiriladi. Mudofaaning yaxshi uyushtirilganligi jamoaga hujum harakatlarini ham muvaffaqiyatli bajarish imkonini beradi.
Himoyaning asosiy maqsadi raqiblarning darvozaga to`pni aniq otish iimkoniyatini kamaytirishdir. Bunda asosiy vazifalar quyidagilardan iborat bo`ladi: 1) qisqa vaqt ichida raqiblardan to`pni olib qo`yish;
hujumda ishtirok etuvchi guruh o`yinchilari orasidagi o`rganilganaloqalarni buzish;
darvozaga to`p otishlariga qarshilik ko`rsatish.
o`z darvozasi oldida to`p uchun kurashish va to`p egallangandan so`nghujumni tashkil qilish.
Himoyada o`ynash usullari xilma-xil bo`lib, asosan darvozani mudofaa qilish, to`pni qo`lga kiritish uchun faol kurashishni nazarda tutadi. Himoyadagi o`yin ham hujumdagi singari shaxsiy, guruh va jamoa harakatlaridan iborat. Jamoa harakatlari Himoyada jamoa harakatlarini tashkil etishda uch tizimdan: shaxsiy, zonali va aralash himoya tizimlaridan foydalaniladi.
Shaxsiy himoya. Bu gandbol o`yinida asosiy himoya qilish tizimidir. Shaxsiy himoya uch variantdan iborat: butun maydon bo`ylab, maydonning o`ziga qarashli qismida va erkin to`p tashlash zonasida.
Butun maydon bo`ylab, shaxsiy himoya to`pni yo`qotgandan so`ng darhol uni egallash uchun faol kurashishga mo`ljallangan. Himoyachilar oldindan ma`lum yoki o`ziga yaqin turgan o`yinchilarni taqsimlab oladilar va ularni to`p egallash hamda va uzatish imkoniyatlaridan mahrum etish uchun ulardan ajralmay kuzatadi. Hujumchilar darvozaga yaqinlashgan sari himoyachilarning faollik darajasi ortadi.
Agar raqib jamoasi o`yinchilari texnik jihatdan bo`sh yoki hujum qilishi sust bo`lsa, o`yin vaqtini ataylab cho`zishsa yoki himoya qiluvchi o`yinchilar son jihatdan ustunlikka ega bo`lsa, u holda butun maydon bo`ylab shaxsiy himoya qilishni qo`llashi maqsadga muvofiqdir.
Maydonning o`ziga qarashli qismida himoya harakatlarini bajarar ekan, jamoa o`z darvozasi tomon chekinadi va maydonning o`rta chizig`i yaqinida oldindan taqsimlangan o`yinchilarni tanlab oladi. To`p egallagan o`yinchi zich «devor» bilan pana qilinadi, boshqalarining to`silishi esa, o`yinchi bilan darvoza orasidagi masofaga bog`liq, u darvozabonga qancha yaqin bo`lsa, shuncha zich pana qilinadi.
Hujumchilar harakatini maksimal murakkablashtirish uchun himoyachilar butun maydon bo`ylab, yoki erkin to`p tashlash zonasida hamma hujumchilarni zich to`sib tursa, qo`llanilsa yaxshi natija beradi. To`pni burchakdan o`yinga kiritishda yoki o`yinning oxirgi minutlarida jamoa minimal xisobda yutqazayotgan bo`lsa, pressing qo`llash maqsadga muvofiq bo`ladi.
Zonali (hududiy) himoya. Bu tizimda har bir himoyachining harakat qilish zonasi aniqlanadi, ya`ni, uning zonasiga kirgan har bir hujumchinizichpanohgohbo`lishgaharakatqiladi.
O`yinchilarhimoyagaqaytibkelib, o`zlaritanlaganjoylariniegallaydi, so`ng hujumchilarning siljishi va to`pning almashtirilgan joyi tomon harakat qiladi. Hujumchining to`p bilan qilgan har qanday harakatiga shu zonadagi himoyachi javobgardir. Bir muncha xavfli bo`lgan 10-12 m masofadan hujum qiluvchi hujumchiga unga yaqin bo`lgan himoyachi chiqadi, boshqalari esa bo`sh qolgan joyni to`ldirishadi.
O`yinchilarning himoyada joylashishining bir necha variantlari mavjud bo`lib asosan ularning beshtasi zonada joylashishga harakat qiladilar: burchaklarda, markazda va ikkitasi ularning orasida. Bunday holda birdan-uchgacha mudofaa chizig`ini tashkil qilishi mumkin. Eng baland bo`yli himoyachilar o`rtada, qolganlari esa birin-ketin burchak tarafga joylashadi. U yoki bu variantni tanlash raqib o`yinchilarining tarkibi va harakat qilishlariga bog`liq. Uzoq masofadan natijali hujum qiladigan jamoaga qarshiikki chiziq bo`ylab mudofaa tashkil etiladi. Burchakdagi va chiziq bo`ylab o`ynaydigan o`yinchilar orqali hujum qilinsa, u holda himoyachilarning bir-ikki qator mudofaa qilish chizig`ida joylashish usuli qo`llaniladi. Keng tarqalgan zonada himoya qilish tizimlari qatoriga 6-0, 5-1, 4-2, 3-3 lar kiradi.
Har bir variant o`zining turiga ega. Shunday qilib, 5-1 oldinga chiqarilgan o`yinchihar xil usulda harakat qilishi mumkin; to`p bilan bo`lgan o`yinchiga hujum qilish, bombardir o`yinchiga qarshi harakat qilish yoki umumiy hujumdan chetlashtirish maqsadida markazdagi o`yinchining, unga qarshi o`ynashi.
Zonali himoyani qo`llashda, muhimi darvozaga to`p otishga halaqit qilish bilan cheklanmay, balki hujumchilarning zonaga kirishiga yo`l qo`ymaslik va ularning erkin to`p uzatish imkoniyatini murakkablashtirishdir. Zonali himoyada o`yinchi har doim harakatchan, egiluvchan va shiddatkor bo`lishi talab etiladi. Uning qudrati, shaxsiy himoyaga yaqinlashgan sari ortaveradi. Raqiblarning joylashishini dastlabki holatga qaytarish yoki hamma o`yinchilarni zich panoh goxida ushlashni kuchaytirish maqsadida shunday joylashtirishlar qo`llaniladi.
Aralash himoya. Bu tizimda shaxsiy va zonali himoyaning ijobiy tomonlari birlashtirilgan. Ikki asosiy tamoyil manfaati alohida o`yinchiga qarshi harakat va zonadagi mudofaani natijali qilishdir.
Bunday himoya quyidagi variantlarga bo`linadi: 5+1, 4+2, 1+4+1. Bularning anglatishicha, o`yinchilarning bir qismi (birinchi raqam) zonani ushlab turadi boshqalari esa, (ikkinchi raqam) hujumchini shaxsan himoya qiladi.
Variant 5+1 – himoyani tashkil etishda ko`p uchraydigan usuldir. Bunda o`yinchilar 6-0 zonadagiga o`xshab harakat qiladilar, o`yinchilardan biri esa, kuchli hujumchiga qarshi shaxsiy himoyada o`ynaydi.
Variant 4+2 bir vaqtda ikki o`yinchining (bombardir va markazdagi yoki yana boshqa o`yinchilari) harakatini bog`lab qo`yish maqsadida qo`llaniladi. Ya`ni ikki mahoratli hujumchiga qarshi shaxsiy himoyada, boshqalari esa chiziq bo`ylab zonada himoya qilish tamoyillarida o`ynaydilar.
Variant 1+4+1 –raqiblar jamoasi chiziq bo`ylab o`ynaydigan bo`lsa, shunga qarshi qo`llaniladi va u o`yinchini himoyachidan biriga panohgoxlik qilish bilan yuklanadi. Hujumni tashkil qiluvchi o`yinchiga qarshi shaxsiy himoya qo`llanilib boshqa o`yinchilar esa zonada o`ynaydilar.
Himoyada muvaffaqiyatli o`ynash, barcha himoya tizimlarini to`la takomillashtirib egallashga va shaxsiy himoyada yaxshi harakat qilishni bilishga asoslangan. Shuning uchun shaxsiy tizimga ustunlik berish kerak. Keyinchalik zona variantlarining birini qo`llash va undan so`ng aralash himoyaga o`tish hujum qilishida raqiblar oldiga murakkab vazifalar qo`yadi.