28. Shakllanish, o’zgarish va rivojlanish tushunchalari. Asrlar mobaynida insoniyat ongida o‘zgarish, rivojlanish, taraqqiyot yoki turg‘unlik kabi jarayonlar tushuncha sifatida shakllanib kelgandir. Dastlab bu g‘oya bir hodisaning vujudga kelishi va boshqasiga aylanishi, shakllanishi haqidagi tasavvur ko‘rinishida uyg‘ongan. Insonlar ongida tarixiy jarayonda hosil bo‘lgan madaniy taraqqiyot, sivilizatsion o‘zgarishlar, jamiyat rivojlanish xususiyatlari, urush va tinchlik omillarining insonlar turmush tarziga ta’siridan olingan tasavvur va tajribalar bu tushunchalar haqidagi bilimlarni boyitdi. Rivojlanish jarayonining zamirida harakat va o‘zgarish yotadi. Harakat – bu ham bir o‘zgarishdir. Agar harakatni umuman o‘zgarish, ya’ni har qanday o‘zgarish ma’nosida tushunsak, rivojlanish alohida shakldagi o‘zgarishdir. Rivojlanish jarayonida ob’ektni tashkil etuvchi barcha elementlar o‘zgarishga uchraydi. Lekin, bu elementlar bir-biriga asoslangan va bir-biriga aloqador holda, kompleks va yahlit holda o‘zgaradi. Rivojlanish sistemaning shunday yaxlit, kompleks, yo‘nalishga ega bo‘lgan, orqaga qaytmaydigan fazo-vaqt strukturasi o‘zgarishiki, uning natijasida sistema bir miqdoriy va sifatiy holatdan boshqa miqdoriy va sifatiy holatga o‘tadi. Rivojlanish jarayonida sistemaning yangi holati uning avvalgi holatini inkor etish natijasida paydo bo‘ladi. Rivojlanayotgan sistemaning hozirgi holati uning o‘tmishdagi holatini inkor etish evaziga vujudga keladi.
29. Barqarorlik va beqarorlik nisbati. Barqarorlik va oʻzgaruvchanlik — dialektik falsafaning juft tushunchalari. Barqarorlik narsa va hodisalarga xos muayyanlikni ifodalasa, oʻzgaruvchanlik ularning maʼlum bir holatdan boshqa bir holatga oʻtish jarayonini bildiradi. Oʻzgaruvchanlik keng maʼnodagi harakat tushunchasini ifodalab, shu maʼnoda mutlaq harakterga ega. Tayin narsalarga oid xossa sifatida esa u nisbiydir, chunki narsalarning oʻzgarishi biron-bir muayyanlikka nisbatangina sodir boʻladi. Oʻzgaruvchanlikni barqarorlikdan ajratib mutlaqlashtirish skeptitsizm va relyativizmga olib kelsa, aksincha, barqarorlikni mutlaqlashtirish aqidaparastlikka olib keladi. Dialektika Barqarorlik va oʻzgaruvchanlikni oʻzaro uzviy birlikda, mavjud dialektik qarama-qarshiliklar tarzida olib qaraydi. Aniq fanlarda Barqarorlik va oʻzgaruvchanlik tushunchalari tegishli tayin tushunchalar bilan ifodalanadi va i-tlarda muhim metodologik ahamiyat kasb etadi.