26. Bilishda haqiqat va amaliyot uyg’unligi. Insonning borliqni bilishidan asosiy maqsadlaridan biri - bu haqiqatni bilishdir.
Haqiqat, bu – bizning dunyo to‘g‘risidagi bilimlarimiz va tasavvurlarimizning dunyoning o‘ziga, obektiv reallikka muvofiq kelishidir.
Haqiqat bu jarayondir. Absolyut haqiqat -o‘rganilayotgan obektlarning umumiy va alohida tomonlarini aniq-ravshan hamda voqelikning muayyan jihat va xususiyatlarini tugal bilishi, nisbiy haqiqatning keyingi bilish jarayonida ham saqlanib qoladigan mazmunini tashkil etishi, olam, undagi eng murakkab sistemalar to‘g‘risida hech qachon inkor qilinmaydigan to‘liq bilimdir. Masalan, 1913 yilda XX asrning eng yirik fizigi Nils Bor o‘zining mashhur to‘ldiruvchanlik prinsipini tariflab berdi. Bu prinsipga ko‘ra, haqiqatligi muayyan hodisalar guruhi uchun aniqlangan va tasdiqlangan bilim va nazariyalar yanada kengroq predmet sohasini qamrab olgan yangi, yanada chuqurroq bilim va nazariyalar paydo bo‘lishi bilan mutlaqo noto‘g‘ri deb uloqtirib tashlanmaydi, balki nisbiy haqiqat sifatida bu yangi nazariyalarning chegaraviy shakli yoki xususiy holati sifatida saqlanib qoladi. Klassik mexanika bilan nisbiylik nazariyasi, moddalar ximik tuzilishining klassik va hozirgi zamon nazariyasi va ko‘p boshqa nazariyalar o‘zaro ana shunday munosabatda bo‘ladi.
Nisbiy haqiqat - borliqdagi predmet va hodisalar to‘g‘risidagi taxminan to‘g‘ri, lekin to‘liq bo‘lmagan, bilish jarayonimizda tuzatilib, to‘ldirilib borishi lozim bo‘lgan bilimlarimizdir.
Bilimlarning haqiqatligi mezoni amaliy faoliyatdir. Amaliyot insonning dunyoga o‘ziga xos munosabati usuli bo‘lib, u tashqi olamdagi obektiv mavjud narsa va hodisalarga faol tasir etish, ularni o‘zlashtirish, o‘zgartirish va qayta qurish yo‘li bilan insonning uni o‘rab turgan tabiiy va ijtimoiy muhitga kirib borish jarayonidir.
Amaliyot haqiqat mezoni sifatida insonning to‘g‘ri bilimlarini xato bilimlaridan farq qilishda katta ahamiyatga ega. Bu mezon, birinchidan, inson bilimlari borliqning to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri inikosi ekanligini tasdiqlasa, ikkinchidan, u borliqni noto‘g‘ri aks ettiruvchi qarashlarning xatoligini ham ochib beradi. Falsafa amaliyotga kategoriyalar, yani amaliyotning barcha shakllariga xos bo‘lgan umumiy jihatlari nuqtai nazaridan yondoshadi. Inson amaliyot orqali obektiv mavjud bo‘lgan narsa va hodisalarga faol tasir etib, ularni o‘zlashtirish, o‘zgartirish yo‘li bilan o‘zini o‘rab turgan tabiiy – ijtimoiy muhitga kirib boradi. Inson amaliy faoliyati borliqni o‘zgartirishga qaratilgan jarayon bo‘lib, u obektiv va subektiv tomonlar yig‘indisidan iborat. Albatta, amaliy faoliyatning subektivligi insonning qobiliyati, maqsadga muvofiq hatti harakati, obektiv tomoni essa boshlang‘ich material, faoliyat vositalari va olingan mahsulotni anglatadi.
Umuman olganda amaliyot insonning dunyoga, o‘ziga xos munosabat usulidir.