25. Hissiy, empirik, nazariy, mantiqiy va intuitive bilish darajalari. Hissiy bilish - insonning his qilishi, sezgi azolari orqali predmet va hodisalarni, ularning tashqi tomonlarini bevosita idrok qilish tushuniladi.
Hissiy bilish inson bilishining dastlabki bosqichi bo‘lib, uning natijasida inson miyasida predmet va hodisalarning belgilari, signallari, hissiy obrazlari hosil bo‘ladi.
Hissiy bilish bosqichi: his qilish, sezgi, idrok va tasavvur kabi shakllarda sodir bo‘ladi.
His qilish - inson bilishining shunday shakliki, unda kishi o‘z-o‘ziga, atrofdagi narsa-hodisalarga, kishi yoki kishilarga bo‘lgan munosabatida o‘zining muayyan holatga kirishi, muayyan holda bo‘lishidir.
Sezgi - hissiy bilishning dastlabki shakllaridan bo‘lib, u insonning borliqni, undagi narsa va hodisani bilishning o‘ziga xos ko‘rinishidir.
Idrok - borliqdagi predmet va hodisalarni yaxlit hissiy obrazidir. U o‘zida his qilish va sezgilar shakllaridagi obrazlarni jamlab ifodalovchi xususiyatga ega. Biroq insonning hissiy bilishi idroklar shakllarida yuzaga kelgan hissiy malumotlar inson miyasida qayta ishlanib, hissiy bilishning yangi, yuksak shaklini hosil qiladi. Bu tasavvurdir.
Tasavvur - ilgari idrok etilgan, ammo ayni vaqtda bevosita idrok etilmayotgan predmet va hodisalarning inson miyasidagi qayta ishlanib, tiklangan hissiy obrazidir.
Aqliy yoki mantiqiy bilishda inson tafakkuri borliqdagi predmet va hodisalarning izchil bog‘lanishlari va aloqadorliklarini, ularning harakat, o‘zgarish va rivojlanish qonunlarini ma’lum fikr shakllari —tushuncha, hukm va xulosa chiqarish kabilarda ifodalaydi.
Empirik va nazariy ilmiy bilish darajalari bilish vositalari bo‘yicha farq qiladi. Empirik darajada subekt o‘zi o‘rganayotgan obekt bilan bevosita o‘zaro tasirda bo‘ladi, uni kuzatadi yoki parametrlarini o‘lchaydi. Bunda bilish vositasi sifatida obekt to‘g‘risida malumot olib beradigan tegishli asboblar bilan qurollangan holda ko‘rish yoki eshitish qobiliyatidan foydalanish mumkin. Nazariy darajada subekt bilish obekti to‘g‘risida bilvosita fikrlashi mumkin, yani bunda u tajribada olingan natijalar asosida ish ko‘radi.
Intuitiv bilish o‘z tabiatiga ko‘ra, hech qanday hissiy idroksiz va mantiqiy muhokamasiz biror bir yangi fikrning birdaniga, kutilmaganda tug‘ilishidir.