Tuban o‘simliklar kelib chiqishi jihatidan sodda tuzilgan organizmlar bo‘lib, ularning tanasi organ (ildiz, poya, barg) larga ajralmagan va haqiqiy to‘qimalari bo‘lmaydi. Ularning tanasi qattana yoki tallom deb ataladi. Ana shu belgilari bilan ham ular yuksak o‘simliklardan farq qiladi.
Bir hujayrali, koloniyali va ko‘p hujayrali tuzilishga ega bo‘lgan tuban o‘simliklarning vakillari, ko‘pincha suvda yashaydi. Hozirgi vaqtda tuban o‘simliklarning 200 mingdan ortiq turi aniqlangan. Shundan 3000 dan ortiq tur va formalari O‘zbekistonda tarqalgan.
Ayrim tuban o‘simlik vakillari (shilimshiq zamburug’lar, zamburug’lar, bakteriyalar) da xlorofill bo‘lmaganligi sababli, ular karbonat angidridni mustaqil o‘zlashtira olmaydi. Natijada tayyor organik moddalar hisobiga oziqlanadi. Bunday organizmlar geterotroflar deyiladi. Bu organizmlarning ba’zi vakillari o‘simlik va
hayvon qoldiqlari, ya’ni chirindilar hisobiga yashaydi. Oziqlanish usulining bu turiga kiradigan o‘simliklarni saprofit organizmlar deb yuritiladi. Ikkinchi xillari esa tirik o‘simlik yoki hayvonlar hisobiga yashaydi va ular parazit organizmlar deyiladi.Tuban o‘simliklarning ikkinchi katta guruhi, ya’ni suvo‘tlar avtotrof yo‘l bilan oziqlanadi. Tuban o‘simliklarining xarakterli belgilaridan biri ular har qanday noqulay sharoitlarda ham yashashga moslashganligidir. Masalan, toshlarda, qor tagida, issiq buloqlarda, havoda, turli substratlarda yashab, normal hayot kechira oladi. Bu o‘simliklar aktiv vegetativ ko‘payish qobiliyatiga ham ega. Shuning uchun ular Yer yuzida osongina tarqaladi va o‘z turlarini saqlab qoladi.
Bakteriyalar
Bakteriyalar tipi 3000 ga yaqin turni qamrab oladi. Bu turlar juda mayda, bir hujarali, ba’zan ipsimon yoki ipsimon shoxlangan koloniyali organizmlardir. Bakteriya hujayra tuzilishining muhim xususiyatlaridan biri unda shakllangan yadro plastidalarning yo‘qligidir. Bakteriyalarda tashqi membrana, tana yoki matriks, DNK, RNK va ribosomalar mavjud. Ko‘pchilik bakteriyalar hujayrasi uch qavat hujayra devori bilan qoplangan. Bu devor azotli moddalardan tashkil topgan shilimshiqlanish xususiyatiga ega.Bakteriyalar tabiatda juda keng tarqalgan. Ular to‘proq, suv, o‘simlik va hayvon tanasida, atmosferada ko‘plab uchraydi. Yerda bakteriyalarning ko‘pligiga tashqi sharoit ham ta’sir ko‘rsatadi. Masalan, qishda shahar havosining har 1 m3 da 4,5 mingga yaqin bakteriya borligi aniqlangan. Yozda esa bu raqam 10—25 mingni tashkil qiladi. Ayrim bakteriya sporalari 240° issiqlikka ham chidaydi. Ko‘pchilik bakteriyalar esa, jumladan, kasallik qo‘zg’atuvchi bakteriyalar Quyosh nuri ta’siriga bardosh bera olmaydi. Bakteriyalar mayda bo‘lganligi sababli ularni oddiy ko‘z bilan ko‘rish qiyin. Qaynatilgan kartoshka, non, go‘shtda tez rivojlanadigan — kattaligi 0,0008 mm tashkil qiladi, 1,2—0,4 mkm oshmaydi. Ba’zi bakteriyalarni biologik mikroskoplarda emas, faqat elektron mikroskoplardagina ko‘rish mumkin. Bakteriyalar hujayralarining shakliga qarab quyidagi asosiy guruhlarga bo‘linadi: 1-sharsimon bakteriyalar — kokklar; 2- tayoqchasimon bakteriyalar-batsillalar; 3-bukilgan bakteriyalar-spirillalar. Kokklar bir-biriga qo‘shilmagan mayda ayrim hujayralardan iborat bo‘lsa mikrokokkli,
bo‘linish natijasida hosil bo‘lgan yangi hujayralar juftlashganicha qolsa diplokokk deyiladi. Agar eniga va bo‘yiga bo‘linish natijasida paydo bo‘lgan hujayraning yosh hujayralari ajralmay to‘rttaligicha qolsa tetrokokk deb ataladi.