Ta’lim vositalari – ta’lim samaradorligini ta’minlovchi ob’ektiv (darslik, o‘quv qo‘llanmalari, o‘quv qurollari, xarita, diagramma, plakat, rasm, chizma, dioproektor, videomagnitafon, uskuna, televizor, radio, kompyuter va boshqalar) va sub’ektiv (o‘qituvchining nutqi, namunasi, muayyan shaxs hayoti va faoliyatiga oid misollar va hokazolar) omillar.
Ta’lim jarayoni – o‘qituvchi va bolalar o‘rtasida tashkil etiluvchi hamda ilmiy bilimlarni o‘zlashtirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayon.
Ta’lim tizimi – yosh avlodga ta’lim-tarbiya berish yo‘lida davlat tamoyillari asosida faoliyat yuritayotgan barcha turdagi o‘quv-tarbiya muassasalari majmui.
Topshiriq- bolalarda mehnat, ijtimoiy xulq va hayotiy tajriba ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida qo‘llaniladigan usul.
Tushuntirish - o‘quv materiali mazmunini isbot, tahlil, umumlashma, taqqoslash asosida bayon qilish.
Tushuncha – atrof-muhitdagi hodisalar, predmetlarning muhim xususiyatlarini, ular orasidagi aloqa va munosabatlarni bilish.
O‘zlashtirish – tushunish, o‘rganish orqali axborotning ma’no-mazmuni, undan foydalanish yoki harakatlarni bajarish tartibi to‘g‘risida bilim va ko‘nikmalar hosil bo‘lishi.
Uzluksiz ta’lim – malakali, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning asosi bo‘lib, ta’limning barcha turlarini, davlat ta’lim standartlarini, kadrlar tayyorlash tizimining tuzilmasi va uning faoliyat ko‘rsatish muhitini o‘z ichiga oladi;
O‘rganish – axborotdan foydalanish va turli harakatlarni ko‘rsatilgan tartibda mustaqil bajarish ko‘nikmalarini egallash.
O‘rgatish – axborotdan foydalanish va turli harakatlarni bajarish ko‘nikmalarining o‘quvchilar tomonidan o‘zlashtirilishini turli vosita va usullarni qo‘llab tushuntirish, ko‘rsatish va mashqlar orqali amalga oshirish jarayoni.
Faoliyat – 1) ongli maqsadga ko‘ra boshqariladigan kishining ichki (ruhiy), tashqi (jismoniy) faolligi; 2) atrof-muhitni kishilar tomonidan maqsadga muvofiq qayta bunyod etish.