www.ziyouz.com kutubxonasi
78
Qumuldagi xitoy askarlariga yubormishdur. Buning xabari allaqachon u yoqqa berilib,
keraklik chorasi ko‘rilmish ekandur. Qo‘zg‘olonchilar merganlaridan pistirma qo‘yilgan
tog‘ qisig‘iga aravalar kelganda, ikki tomondan o‘qqa tutib, xitoy askarini qoldirmay
qirib, butun qurolini qo‘lga tushirmish edilar. Bularning hech kutilmagan bunday g‘alaba
qozonishlari qo‘zg‘olonning kuchayishiga sabab bo‘lib, xitoy hukumatini qattiq
tashvishga tushurdi. Shuning uchun burun sovet bilan urushib, Xitoyga qochib o‘tgan
chor Rusiyasi generallari Dutov, Aninkovlardan qolgan oq ruslardan askar tuzib, shular
orqaliq qo‘zg‘olonchilarni bostirmoqchi bo‘ldi.
Xitoylarning bu qilgan ishlari ham o‘zlari uchun foyda bermadi, chunki sovet
elchixonasi tomonidan ilgariyoq bu ishlarning oldi olinib, kerakli choralari ko‘rilmish edi.
Balki bu rus askarlari atrofdagi tinch yotgan musulmonlarga yo‘q bahonalar bilan ko‘p
ziyonlar yetqizdilar. Bularning shu kabi teskari harakatda bo‘lishlari esa, elchixona
tomonidan oldinroq uyushtirilib, uning natijasi kutilmoqda edi. Bu haqda qo‘llanilgan
siyosatlari to‘g‘ri chiqqanligidan, tushunmagan yerlik musulmonlar bu ishning orti nima
bo‘lishi bilan ishlari yo‘q, Xitoyga qarshi har yerdan bosh ko‘targani turdilar. Ayniqsa,
Urimchidan uch to‘rt kunlik ot yurishida sharqi janubdagi Ko‘naturpon, Qoraxo‘ja, Tuyuq
musulmonlari orasida Xitoyga qarshi ishlar ortiqcha qizg‘inlashmoqda edi.
Jang Jun hukumatining idora ishlari esa, xon davri qoldiqlari eski, chirik asosga
qurulganlikdan, Xitoy hukumat arboblari har yoqlama zamonaviy talablarga ojizliklarini
o‘z dushmanlariga sezdirmish edilar. Siyosiy ko‘rlik natijasidurkim, sovet konsulining
maslahati bilan yaponlardin Manjuriya orqalik qochib o‘tgan, 20 30 mingga yaqin xitoy
askarlari bilan Shing Duban (hozirgi Sinzyan uyg‘ur muxtor rayonidagi shahar) degan
generalni keltirib, Jang Jun hukumati o‘z askarlariga bosh qo‘mondon qildi. Bundan
sovet hukumati ikki maqsadni o‘z oldiga qo‘ydi:
1.
Bu askarlar bilan yerlik qo‘zg‘olonchilarni bostirish, ularning o‘z huquqlariga
erishishliklariga yo‘l qo‘ymaslik.
2.
Yerlik qo‘zg‘olonchilarni bostirgandan so‘ngra Jang Jun hukumatini ham yo‘q
qilishdan iborat edi.
Sharqiy Turkiston haqiqatda esa Xitoyning mustamlakasi bo‘lib, bu mazlum xalqlarning taqdiri uchun chor Rusiyasi qandoq siyosat tutgan bo‘lsa, sovet Rusiyasi ham shundoq siyosat tutdi. Ularning o‘z haqqoniy huquqlari uchun qilgan kurashlariga yordam berish u yoqda tursin, aksincha, ularni bostirishda Xitoy hukumatiga yordam berib keldi. Jang Jun hukumatiga Shing Dubanning bosh ko‘mondon bo‘lib kelishi, Maskovning
rejasi bilan bo‘lgani uchun, shu kundan boshlaboq Jang Jun hukumati o‘lim taxtasiga
tortilib, ko‘milishga tayyorlanmish edi. Shing Duban Urumchiga kelib, o‘ziga tegishli
ishlarni qo‘lga olgach, 1932 yili sovet hukumati 20 mingdan ortiq xitoyni (xunxo‘zoni)
o‘tkazib, Shing Duban qaramog‘iga topshirdi. Bu makkor xitoy Urumchidagi sovet
elchixonasidan ilhomlanib, bir yoqdan qo‘zg‘olonchilarga qarshi harakat ko‘rsatgan bo‘lsa
ham, asosiy topshiriq Jang Jun hukumatini tub tomiri bilan ag‘darib tashlab, o‘rniga
Xitoy rahbarligida yoshirin «Qizil Uyg‘uriston» qurmoqchi edi. Shunga ko‘ra ikki
tomonlama ish ko‘rsatib, hukumat markazi atrofida yoshirin inqilobiy siyosat yurgizgan
bo‘lsa; kazak ruslari aralash xitoy qochoqlaridan kuchlik qo‘shin tuzib, surbetlarcha
qo‘zg‘olonchilarga qarshi yubordi. Lekin, bular bo‘layotgan bu ishning tub negizini xalqqa
tushuntirish o‘rniga, xitoy askarlari, ayniqsa oqlardan tuzilgan rus askarlar gunohsiz
xalqni qirib, ularga qattiq jabrzulm ko‘rsatkali turdi.
Tashkiliy ravishda ochiq bir maqsadni oldiga ko‘yib, bir yerga suyangan holda
ko‘tarilmagan qo‘zg‘olonlarda, albatta, shunday ko‘ngilsiz ishlarning bo‘lishi tabiiydur.
Shuning uchun Ko‘naturponli Alamoxun, Momutoxun, Xilimhojilar boshliq bir necha