www.ziyouz.com kutubxonasi
74
taroq ko‘targanlar taramochi, sirg‘a ko‘targanlar sirg‘ali deb atalib qoldi.
Shu kunlarda ham Samarqand shahri atrofida «Sirg‘ali», «Taramochi» nomida ikki
urug‘ o‘zbeklar yashamokdadir. Yana Chingiz zamonida ustiga taxt o‘rna-tilgan, xalq
og‘zidagi tarixiy oqtosh, ko‘ktoshlarni, har birining o‘ziga loyiqlab yasatilgan aravalarga
soldirib, ularni ham Samarqandga keltirmish edi. Anglashimizcha, oqtosh Samarqand
Temur o‘rdusida shu kunga davr saqlanib kelgan bo‘lsa ham, ko‘ktosh, Samarqand
ruslar tomonidan bosib olingach, uni Temur sultonning taxti o‘rnida ko‘rishib, Peterburg
muzeyiga yuborilgan degan xabarni anglamish edik. Har qanday bo‘lar ekan, O’zbekiston
muzeyxonalarini ziynatlashga loyiq tarixiy esdaligimiz boshqa ahamiyati qolmagan bo‘lsa
ham, o‘z egalari qo‘lida bo‘lishi lozimdir.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. G’uljaga kelganimizda tushgan kishimiz esa, bizning bir
yurt, bir mahalla qadrdon og‘aynimiz bo‘lgani uchun, bu yerdan boshqa yoqqa chiqishga
rozilik berishmadi. Bularning roziligiga qarab, yarim yilga yaqin shularnikida turib
qoldim. Qarasam, sovet Rusiyasi tomonidan u yerga ham har yoqlama iqtisodiy tuzoqlar
qo‘yilib, sayyodlik to‘rlari har qadamda tortilmish ekan. Dahriylar davlati qurilgan
kunidan boshlab, men G’uljaga o‘tgan 1931 yilgacha siyosiy tomondan butun sovet xalqi
cheksiz og‘irchiliklar kechirgan holda, iqtisodiy tomondan ham eng qattiq qismchilik
ko‘rmoqda edilar. Shunga qaramay, iqtisodiy borliq narsalarini ko‘z bo‘yov qilib, atrofga,
ayniqsa G’uljaga chiqarmish ekandir.
Endi bu yerda yashovchilar esa, ko‘pchiligi uyg‘ur musulmonlari bo‘lib, bulardan
tashqari tungon, qirg‘iz, qalmoq, qozoq, shiva, sulun, oz bo‘lsalar ham bu yoqdan
borgan o‘zbek, o‘ris, no‘g‘ay qochoqlari bor edi. Bu musulmonlar ichida no‘g‘oylar,
ko‘pchiligi diniy tomondan bor yo‘q orasida bo‘lsalar ham, zamonaviy tushunchalarga
ega kishilar edi. Qolganlari cheklik ma’lumot egalari, uch to‘rt kishidan boshqa boshdan
oyoq barchasi qora botqoqqa botmish edilar. Ayniqsa, shu yoqdan borgan ko‘ngli ko‘r
o‘zbek boy savdogarlari hech narsa ko‘rmaganday bo‘lishib, parvonalar kabi savdo
«olovi» atrofida aylanmoqda edilar.
Shundoqki, islom shariatida aroq ichish musulmonlarga qanday harom qilingan bo‘lsa,
undan foydalanib tijorat qilishlari ham, qat’iyan harom qilinmishdur. G’uljaga
kelganimizda anglamish edik, sovetdan o‘tgan mollar ichida eng ko‘p foyda chiqadigan
narsa ichimlik ekandur. Shuning uchun haromxo‘r boy savdogarlar buni ko‘rganda
boshqa mollarga qaramay, oz haloldan ko‘p haromni ortiq ko‘rishib, shunga
kirishganlikdan ko‘plarining qilgan tijoratlari haromga aylanmish edi. Axiri «Al habiysotu
lil habiysin», ya’ni «palit palitga? degan Qur’on oyati mazmunicha, uzundan beri yig‘ilib
kelgan harom mollari, o‘z loyig‘i haromxo‘rlar og‘ziga tushib tugadi. Qur’on-da:
«Innolloha lo yug‘oyyiru mobi qovmin hatto yug‘oyyiru ma bi anfu sihim», ya’ni «Bir
millat o‘zlariga yuklangan Alloh hukmini o‘zgartmaguncha ularga bergan ne’matni Alloh
ulardan olmaydi», demakdur. Qisqasi, qilma deganni qilib, qil deganni qilmaganlar, Alloh
hukmini buzib o‘zgartiruvchilardur.
Yana o‘z so‘zimizga kelaylik. Ili o‘lkasi Chingizdan ilgari Gurxon davrida ko‘p obodon
bo‘lganligi tarixlardan va ham ilgari buzulgan shaharlar harobalaridan ko‘rinib turadi.
G’ulja shahri atrofida bir necha harobalar bordirkim, eskidan qolgan har turlik oltin
asboblar, tanga tillalar ko‘p chiqqanlikdan yerlik xalq u yerlarni Oltunliq deb ataydilar.
Shu kunlari bo‘lsa har yokdan, ayniqsa, ichkari Xitoydan keluvchilar qazishib, bu
yerlardan ko‘p narsalar topib olmokdalar.
Bu oradan 80 necha yil o‘tib, Gurxon davlati yiqilib, bu yerlar harob bo‘lgan so‘nggida,
Temuriylar davriga kelguncha, uzoq yillar chingiziylarga markaz poytaxt bo‘lganligini
yozmish edik. Biroq, bu taxt egalari Chingiz avlodining birinchi hoqoni Chig‘atoy bahodir
boshliq, eng so‘nggisi To‘g‘luq Temurxonga kelguncha, shu oiladan o‘tgan boshqa