13
Xivadan katta qo‘shin bilan Elbarsxonni yaqinlashayotganidan xabar topgan
Rizoqulixon orqaga, Balxga chekinishga majbur bo‘ladi. Shu bilan Buxoro xonligi
markaziy qismiga uyushtirilgan dastlabki hujum ko‘zlangan natijani bermadi.
Shunday vaziyatda Abdulfayzxon Xo‘jayi Jo‘yboriyni Peshovarda (Hozirgi
Pokiston) turgan Nodirshoh huzuriga qimmatbaho sovg‘alar
va quyidagi
mazmundagi maktub bilan yuboradi: “
Men o‘tmish sultonlarining xonadonidanman,
falakka ham kuchi yetuvchi o‘shal shahriyorga (Nodirshohga) qarshi kurashishga
quvvatimiz yetmaydi, bir burchakda duo qilib o‘tiribman. Har qachon kelsangiz,
mehmonim bo‘lgaysiz”. Bundan anglashiladiki, Abulfayzxon davlat hukmdori bo‘lsa-
da, u yolg‘izlanib qolgan va eng ishongan davlat amaldorlari – otaliq, qo‘shbegi
hamda viloyat hokimlari u bilan hisoblashmay qo‘ygan. Nodirshoh mazkur maktub
mazmunidan ham Buxoro xonligi ichki ahvoli va xonning siyosiy holatidan hamda
maqsadidan to‘la voqif bo‘lgan. U Abulfayzxonga shunday javob xatini yuborgan:
“
Sizning deganlaringiz rostdir, ammo Elbarsning tanbehi bajarilishi lozim bo‘lgan
vojib ish bo‘lib, u badfe’lga biz jazo beramiz, inshaolloh, Hirot saltanat uyiga
kirganimizdan so‘ng Balxga, unda esa siz oliy makon va yuksak maqomning
ziyofatiga va muloqot rasmu rusumini ado qilishga boramiz, siz bizga mezbon
bo‘lursiz. Ko‘nglingizga hech qanday andishaga yo‘l bermangki, bizning diqqatimiz
sizning mulku molingizga qaratilmagandir”.
Bu bilan Nodirshoh O‘rta Osiyo xonliklarini egallash niyatidan qaytmaydi.
Xonlikka qarshi ikkinchi hujum 1740-yilda bo‘ladi. Nodirshohning navbatdagi
yurishlari Buxoro uchun og‘ir kechadi. Nodirshoh bu
yurishlarida Buxoro xonligi
otalig‘i Muhammad Hakim va uning o‘g‘li Muhammad Rahimlar bilan muzokara
qildi hamda ular bu jarayonda faol qatnashdilar. Nodirshohning Buxoroga
yaqinlashib kelayotganidan qo‘rqqan Abulfayzxon darhol Muhammad Hakimni
Qarshidan chaqirtirib, unga Nodirshoh huzuriga elchi bo‘lib borishini, shohni
qahridan tushirib davlatning xarob qilinishiga yo‘l qo‘ymaslikni topshiradi.
Muhammad Hakim katta huquqlar beruvchi shoh yorlig‘ini olib Buxoroga jo‘naydi,
endi u Abulfayzxonning
elchisi sifatida emas, balki shohning vakili sifatida kelgan
edi. Buxoroga qaytib kelganidan so‘ng u o‘z qarorgohiga borishni xavfli deb
hisoblab, Mir Arab madrasasiga tushadi va madrasaning tevarak-atrofiga qurolli
qorovullar qo‘yadi. Abulfayzxon otaliqni huzuriga chaqirib keyin umumiy kuch
bilan, xalqni qo‘zg‘atib, eroniylar va ularning tarafdorlariga qarshi chiqmoq uchun
harakat qilib ko‘radi. Lekin Muhammad Hakimbiy xonning huzuriga bormaydi.
Abulfayzxon qattiq sarosima ichida saroyga qaytib ketadi,
endi unga Nodirshohga
taslim bo‘lishdan boshqa hech iloj qolmagan edi.
Abulfayzxon mansabdor saroy ahllari bilan birga Buxoroning Tolli Poch
darvozasidan chiqib Nodirshoh huzuriga yo‘l oladi. O‘z navkarlari bilan Nomozgoh
darvozasidan chiqqan Hakimbiy otaliq ham o‘sha tomonga yo‘l oladi. U yo‘lning
14
yarmida xonga yetib olib unga qo‘shiladi, shu bilan birga xonning xiyonatkor otaliq
bilan uchrashuvi jami qoida-tartiblarga muvofiq bir tarzda o‘tadi, ya’ni otaliq xon
oldida mulozimat bilan qo‘l qovushtirib turadi, xon ham o‘z navbatida otaliqqa
e’tibor va shafqat bilan qaraydi. Shundan keyin, xon bilan otaliq birgalashib shoh
huzuriga boradilar. Xon bilan Buxoro xonligining
quyidagi amir va beklari
Nodirshoh qabulida bo‘lgan: Hisor hokimi Muhammad Aminbek, Shohrisabz hokimi
Olimbiy kenagas, Qobodiyon hokimi Ya’qubbiy Do‘rmaniy, Xatirchi hokimi
G‘aybullabiy bahrin, Dabusiya qal’asi hokimi Abdusattorbiy, Nurota hokimi Tag‘oy
Murodbiy barqutlar har biri shohga peshkashlar bilan borgan edi.
Nodirshoh bilan Buxoro yaqinida, Zarafshon daryosi bo‘yidagi Chor Bakr
degan joyda uchrashadilar (Abdukarim Buxoriy (vaf. 1830)ning yozishicha, oliy
darajadagi bu uchrashuv Qorako‘lda bo‘lgan). Nodirshoh Abulfayzxonga iltifot bilan
muomala qilib, uning huquqini tan oladi. Mirzo Olim Mahdum Hojining yozishicha,
“
Nodirshoh Abulfayzxonning boshiga toji murassa va xal’ati foxira ila malbus aylab,
uni “Abulfayzshoh” deb ataydi”. Xon shoh qarorgohida o‘n sakkiz kun bo‘lgandan
keyin Buxoroga qaytadi. Shuningdek, Nodirshoh va Abulfayzxon o‘rtasida
qarindoshlik aloqalari ham o‘rnatilgan. Shoh Abulfayzxonning bir qizini o‘z nikohiga
olgan bo‘lsa, yana bir qizini esa jiyani Odilshoh ibn Ibrohimga nikohlashga erishgan.
Nodirshoh Movarounnahr (Buxoro xonligi) hukmronligini Abulfayzxonning
o‘ziga topshiradi. Biroq Nodirshoh Buxoro ma’murlari
va aholisi bilan faqatgina
Muhammad Hakimbiy orqali aloqa qilardi. Chunki shoh unga tamomila ishonch bilan
qarar edi. Otaliqqa shoh qo‘shini uchun naqd pul, 200 ming eshakka ortilgan bug‘doy
va boshqa yem-xashak yetkazib berish topshirilgan edi. Shoh qo‘shinini to‘ldirish
uchun Buxoro qo‘shinidan o‘n ming otliq askar ajratib olingan edi. Hakimbiy
otaliqning ukasi Muhammad Doniyolbiy Karmana hokimi qilib tayinlanadi.
Muhammad Hakim Nodirshohning ishonchiga sazovar bo‘lgan amaldor sifatida
Buxoroning o‘zida davlatning yuqori mansabida ishda qoladi. Abulfayzxon endi unga
qaram bo‘lib qolgan edi.
Shuningdek, Nodirshoh xonlikdan 12 ming kishini “oq uyli” qilib, Eron
hududiga ko‘chirgan. Abdulazim Somiyning yozishicha, bu guruh maxsus taftish va
tekshirishlar natijasida davlat amaldorlarining eng qudratli vakillariga aloqador
odamlardan tuzilgan. Ularga rahbar etib qalmiqlar sardori Rahimqul miroxo‘r, unga
yordamchi etib esa Hakimbiy otaliqning o‘g‘li Muhammad Rahimbiy tayinlanadi. Bu
katta karvon Mashhadga borganda Rahimqul miroxo‘r vafot etgan, shundan so‘ng 12
minglik aslzodalardan iborat Mashahadning yangi aholisiga Muhammad Rahimbiy
sardor bo‘lgan.
Eron shohi buncha ko‘p kishini “oq uyli” qilganining asosiy sababi shunda
ediki, Buxoro xonligida bu vaqtda markaziy hokimiyat susaygan va ko‘plab viloyat
hokimlari,
saroy amaldorlari nufuzi ortib, Abulfayzxonning ularga ta’siri kamayib
15
ketgan edi. Shu tufayli ham, Nodirshoh Abulfayzxongagina tegishli aslzodalarni
emas, balki davlat boshqaruviga ta’siri bo‘lgan barcha amaldorlarning oila
a’zolaridan bir qismini Eron hududiga ko‘chirgan hamda ular orqali Buxoro
amaldorlarini nazorat qilishni mo‘ljallagan edi.
Nodirshoh Muhammad Rahimning hokimiyatni boshqarishga bo‘lgan
qobiliyatini ko‘rib, unga o‘z o‘g‘li kabi yondashadi hamda hokimiyatni egallashda
amaliy yordam ko‘rsatadi. Xususan, Nodirshoh Muhammad Rahimga o‘z
harbiy
kuchini mustahkamlashi uchun askarlar sonini 6000 dan 18000 gacha ko‘paytirishiga
hamda Muhammad Hakimbiyning vafotidan so‘ng uni otaliq lavozimini egallashiga
imkoniyat tug‘dirib beradi.
Mavjud tarixiy manbalarda Nodirshohning Muhammad Rahimga nisbatan
bo‘lgan munosabati turlicha izohlanadi. Xususan, Muhammad Rahim Nodirshohning
shogirdi deb e’tirof etilsa, ba’zan uni hokimiyatni qonunga xilof ravishda tortib olgan
shaxs sifatida baholashadi. Har qanday vaziyatda ham Abulfayzxon hokimiyatining
inqirozga yuz tutishiga Muhammad Rahim sababchi deb topiladi.
Xullas, Buxoro davlati hokimiyatining ashtarxoniylar hukmronligidan
mang‘itlar vakillariga o‘tishiga ham ichki ham tashqi siyosiy omil muhim rol
o‘ynagan. Xususan, so‘nggi ashtarxoniy Abulfayzxonning davlat boshqaruvi
masalalarida ichki ziddiyatlar va o‘zboshimchaliklarni o‘z vaqtida bartaraf eta
olmasligi hamda tashqi-siyosiy vaziyatni to‘g‘ri anglab yetmasligining oqibatlari ham
ta’sir etgan.
Dostları ilə paylaş: