Nazorat uchun savollar: 1. Azotning kimyoviy tavsifi qanday?
2. Tuproqda azot yetishmasa о‘simlikka qanday ta’sir etadi?
3. O‘simlik tarkibidagi nitratlarni qanday aniqlanadi?
11-AMALIY MASHG‘ULOT O‘simliklardagi fosforli birikmalarni ajratish va aniqlash
Darsning maqsadi: O’simlik shirasi tarkibidagi fosforni aniqlashni tajribada o’rganish.
Umumiy ma’lumot: O‘simliklar uchun fosforning ahamiyati nihoyatda katta, lekin tuproqda uning o‘zlashtiriladigan shakllari juda kam. Tuproqda fosfor asosan tirik organizmlarda, o‘simliklarning nobud bo‘lgan organlarida, chirindilar tarkibida, tuproqning mineral tarkibida va tuproq eritmasida bo‘ladi. Fosforning o‘simliklar o‘zlashtirilishi qulay bo‘lgan birikmalari oz. Ular minerallanish natijasida vujudga keladi.
O‘simliklarda fosforning asosiy zapas shakli fitindir. Fitin shaklida fosfor ayniqsa urug‘larda ko‘p to‘planadi. Masalan, chigitlarda 2,5% fosfor bo‘lishi mumkin. Fitin zapas modda bo‘lganligi uchun urug‘larning unish jarayonida sarflanadi (Valixonov, 1969). Fosfor monosaxaridlarning parchalanish jarayonida faol ishtirok etib (oksidativ fosforlanish), kimyoviy energiyaning ajralib chiqishi va juda ko‘p oraliq moddalarning hosil bo‘lishida qatnashadi. Umuman o‘simliklardagi metabolitik jarayonlarning juda ko‘p reaksiyalari fosforga bog‘liq. Uning o‘rnini boshqa bironta element almashtirolmaydi.
O‘simliklarga fosfor yetishmaganda to‘qimalardagi parchalanish jarayonlari kuchayadi, sintez jarayonlari esa sekinlashadi yoki to‘xtaydi. O‘simliklarda o‘sish va rivojlanish jarayoni sekinlashadi. O‘simliklar qirmizi tusga kirib, asta sekin qorayib quriy boshlaydi. Bu, ayniqsa pastki qarri barglarda ko‘proq sodir bo‘ladi.