sutralar
deb ataladi. Sutralar diniy
85
ta’limotning juda qisqa bayoni bo‘lib, avloddan-avlodga og‘zaki tarzda
o‘tib kelgan. Uning mazmunini tajribali ustozning yordamisiz tushunish
juda qiyin bo‘lgan. Sutralarning asosiy qismi diniy marosimlarga
bag‘ishlangan. Shuningdek, ularda hukmron kastalarning yashash qoidalari
va kundalik diniy majburiyatlar bayon qilingan.
Muqaddas bitiklarni o‘rganishga ko‘maklashuvchi sutralar bilan birga,
o‘quv matnlar hisoblanuvchi
shastralar
ham vujudga kelgan. Shastralar
she’riy uslubda yozilgan bo‘lib, diniy ta’limotning turli sohalaridan bilim
beradi. Ular orasida eng mashhuri axloq qoidalariga bag‘ishlangan «Manu
qonunlari» (Manava-dxarma-shastra) hisoblanadi.
Hinduiylikning muqaddas yozuvlari sifatida «Mahobxorat» va
«Ramayana» dostonlari ham qabul qilingan. «Mahobxorat» dostonining
matnlarini to‘plash miloddan avvalgi I ming yillikning boshlariga to‘g‘ri
keladi va bu jarayon bir yarim ming yil davom etgan. Dostonning dastlab
hinduiylik ta’limoti bilan hech qanday aloqasi yo‘q edi, lekin ruhoniy
braxmanlar uning matniga diniy mazmundagi ko‘plab lavhalarni
kiritganliklari tufayli u diniy qonunlarni o‘rgatuvchi asar – dxarma-
shastriga aylantirilgan.
Hinduiylikning muqaddas bitiklarini o‘rganish orqali uning ko‘p
xudolikka asoslangan ta’limot ekanligi to‘g‘risida xulosaga kelish
mumkin. Hinduizmda xudolarga sig‘inishning o‘ziga xos jihatlari mavjud.
Bu borada, eng avvalo, xudolarga qurbonlik ibodat qilishning boshqa
turlari bilan almashtirilganligini qayd etish lozim. Lekin qon chiqarib
qurbonlik qilish marosimi butunlay yo‘q bo‘lib ketmagan. Shuningdek,
dindorlarga o‘z e’tiqodi va manfaatlariga ko‘ra, qaysi xudoga sig‘inishni
mustaqil tanlash erkinligi berilgan. Ibodatxonalarda va diniy marosimlarni
bajarish uchun ajratilgan boshqa joylarda odam, yarim odam va yarim
hayvon qiyofasida tasvirlangan xudolarning haykallarini qo‘yish hamda
ularga sig‘inish keng yoyilgan.
Hinduiylikda bosh xudolar sifatida Braxma, Vishnu va Shiva qabul
qilingan. Ular turli sohalarga ixtisoslashgan va bir-birini to‘ldiradi. Bosh
xudolarning birinchisi – yaratuvchi xudo Braxma. U oliy ibtidoiy borliq va
abadiylikning birligidan o‘tkinchi va rang-barang dunyo, ya’ni olam va
undagi mavjudotlarni yaratgan. Hinduiylik ta’limotida dindorlar Braxma
yaratgan dunyodan chiqib ketib, nirvanaga erishishga intiladi, ya’ni u
hinduiylarning maqsadiga qarama-qarshi bo‘lgan vazifani bajargan. Shu
bois hinduiylik nuqtai nazaridan qaraganda, Braxmaning tabiat va odamlar
uchun qilgan xizmati o‘zga bosh xudolarnikidan katta deb hisoblanmagan.
Braxmaning odamlarning kundalik hayotida zarur bo‘lgan boshqa va-
86
zifalari yo‘qligi sababli dindorlar ham unga najot so‘rab murojaat
qilmaydi, Braxmaning sharafiga bag‘ishlangan diniy marosim va ibodatlar
ham o‘tkazilmaydi.
Hinduiylikning bosh xudolari qatorida ikkinchi xudo Shiva
hisoblanadi. Shiva – vayron qiluvchi xudo, san’at va bilim, aysh-ishrat va
ishqiy sarguzashtlar homiysi; hayotiy kuchlar, erkaklik ibtidosi va tabiat
stixiyasining timsoli. U tabiat kuchlari kabi ziddiyatli xudo. Shiva
odamlarga yomonlik qilib, uning oqibatlarini o‘zi bartaraf etadi, chorvaga
homiylik qiladi yoki ularga ziyon yetkazadi.
Shivaning ziddiyatli mohiyati uning qiyofasini tasvirlashda ham
namoyon bo‘ladi. Uning peshonasida uchinchi, ya’ni vayron qiluvchi ko‘zi
bor, lekin aynan shu ko‘zi bilan u odamlar ko‘ra olmaydigan narsalarni
ko‘radi. Shiva tanasi atrofida ilonlar va bo‘ynida odamlarning bosh
suyaklari osilib turgan holatda tasvirlanadi. Yovuz ruhlar u bilan doimo
birga yuradilar.
Shiva ko‘pincha muroqaba (kishining ongi, his-tuyg‘ulari, sezgilari,
jismoniy faolligi kabilarni so‘ndirishi va nazorat qilishiga yordam
beradigan amaliyot, usul va mashqlar tizimi) bilan shug‘ullanayotgan yog
qiyofasida tasvirlanadi. U meditatsiyadan raqsga tushuvchi xudo holatiga
o‘tishi mumkin. Raqs uchun ko‘ngilxushlik vositasi emas. Shiva raqs
orqali dunyolarni va hayotiy kuchlarni yaratadi, butun olamning harakat
tartibini belgilaydi va uni vayron qiladi.
Vayron qiluvchi xudo o‘zining buyuk qudratini har doim ham
namoyon qila olmaydi. Diniy rivoyatlarda aytilishicha, u buyuk kuchni
meditatsiyalar davomida to‘playdi. Zero, Shivaning tarkidunyochilik
yo‘lini tanlagan qalandarlarga homiylik qilishi sababli ularda shunday
buyuk ilohiy kuch bor deb hisoblanadi. Uning ilohiy kuchi jinsiy
munosabatlarda ham ko‘payishi mumkin va bu kuch uning xotinlariga ham
o‘tadi. Shivaning juda ko‘p xotinlari uning qudratini namoyon qiluvchi
ilohiy mavjudotlar sifatida qabul qilingan. Masalan, uning xotinlaridan biri
– ma’buda Durga o‘nta qo‘lli dahshatli ayol qiyofasida tasvirlanadi.
Ma’buda devlarga qarshi shafqatsiz kurashi bilan nom qozongan. U
dindorlar orasida ulug‘ ona va ayollik timsoli sifatida ulug‘lanadi.
Shivaning xotinlari qo‘rqinchli mavjudotlar qiyofasida tasvirlanib,
odamlarni qo‘rquv va umid bilan saqlashda unga yordam bersa ham, uning
xotinlari bilan o‘zaro munosabatlari muhabbat va sadoqatga asoslangan.
Misol uchun, Shivaning birinchi xotini Sati erining sha’nini himoya qilib,
o‘zini olovga tashlagan. Ehtimol, shuning uchun bo‘lsa kerak, hind
ayollari orasida eri vafot etganidan keyin unga abadiy sodiq bo‘lib qolish
87
uchun o‘zlarini olovga tashlash marosimi (Sati marosimi) mavjud bo‘lgan.
Marosim XX asrning o‘rtalarigacha saqlanib kelgan va hozir ham uzil-
kesil yo‘q bo‘lib ketmagan. Shiva odamlarning kundalik hayoti bilan
bog‘liq juda ko‘p sohalarga homiylik qilganligi bois unga hinduiylarning
yarmiga yaqini e’tiqod qiladi.
Xaloskor xudo Vishnu bosh xudolarning uchinchisi hisoblanadi. U
Shiva kabi ziddiyatli ilohiy mavjudot emas. Vishnu odamlarga ilohiy
haqiqatni yetkazadi va adolatning g‘alaba qozonishiga yordam beradi.
Vishnu odamlarni zulmdan xalos qilishi bilan birga xavf-xatardan ham
saqlaydi. O‘z vazifalarini bajarish uchun turli qiyofa (avatar)larda dunyoga
keladi. Diniy manbalarda uning necha bor dunyoga kelishi to‘g‘risida har
xil ma’lumotlar berilgan.
«Mahobxorat» dostonida Vishnuning mingta qiyofasi to‘g‘risida
hikoya qilingan. U azaldan Budda, Krishna va Ram kabi qiyofalari bilan
odamlar orasida mashhur bo‘lgan. Umuman, odamlarga ko‘p qiyofali
Vishnuning qaysi ko‘rinishi yaqin bo‘lsa, o‘shanisiga sig‘inishlari mumkin
sanalgan. Vishnu to‘g‘risidagi diniy rivoyatlarning diqqatga sazovor jihati
yana shundaki, unga binoan oxiratda dunyoda muttahamlarning
hukmronligi o‘rnatiladi, ularning qalbida adolat va xudoga nisbatan
ishonch va e’tiqod so‘nadi. Vishnu so‘nggi marta oq ot mingan chavandoz
qiyofasida dunyoga kelib, insoniyatni halokatdan qutqaradi. O‘shanda
adolatli jamiyat quriladi va insoniyatning oltin asri boshlanadi. Vishnuga
o‘z vazifalarini bajarishda go‘zallik va baxt ma’budasi – Lakshmi va uning
boshqa xotinlari yordam beradi. Ular o‘rtasidagi munosabatlar o‘zaro
hurmat, sevgi va sadoqat asosiga qurilganligi qayd etiladi. Vishnu
dindorlar orasidagi mavqei bo‘yicha Shiva bilan raqobat qiladi.
Boshqa diniy tizimlardagi kabi hinduizmda ham dindorlarning axloq
qoidalariga qat’iy amal qilishlari talab qilinadi. Bu qoidalar quyidagi
ta’limotlarda ifodalanadi:
1) dxarma (sanskrit tilida – qonun, majburiyat degan ma’nolarni
anglatadi) – odamlarning burchi va majburiyatlarini belgilaydi. Dxarma
qoidalari turli kastalarning burchlari va majburiyatlarini tartibga soladi,
dindorlardan ushbu qoidalarning bajarilishini talab qiladi;
2) artxa – dindorlar xulq-atvor qoidalarining majmuidan iborat;
3) kama (braxmanizm va hinduizmda sevgi xudosi) – hissiy istak va
mayllar qondirilishining ahamiyatini belgilaydi;
4) moksha (sanskrit tilida – joydan-joyga ko‘chish, darbadarlik degan
ma’nolarni anglatadi) – sansaradan xalos bo‘lish haqidagi ta’limot.
88
Dxarma har bir tirik jonzodning ijtimoiy ahamiyatini belgilaydi,
odamlarning xulq-atvorini tartibga soladi, ularni jamiyat va tabiat bilan
uyg‘un holda yashashga da’vat etadi. Lekin dxarma qoidalarida
odamlarning huquqdagi tengligi e’tirof etilmaydi, aksincha kastalar tuzumi
muqaddaslashtiriladi.
Dxarma kuch ishlatmaslik qoidasiga qat’iy amal qilishni talab etadi.
Kuch ishlatmaslik odamdan nafaqat jismoniy majburlashdan voz
kechishni, balki yomon niyatda bo‘lmaslik, xudbinlikni yo‘q qilish, g‘azab
va nafratni tiyish, o‘z xatti-harakatlarini nazorat qilish kabilarni talab
qiladigan qoidalardan iborat. Inson yomonlikka – yomonlik, zulmga –
zulm bilan javob bermasligi kerak. Odam kechirimli bo‘lishi, ammo hayot
oqimiga qarab yashamasligi lozim. Har kim mustaqil hayot yo‘lini tanlashi
va belgilangan maqsadga erishishda qiyinchiliklarni matonat bilan yengib
o‘tishi kerak.
Hinduiylikda yerdagi hayot lazzatlaridan bahramand bo‘lishning
ahamiyati qayd etiladi. Karma qoidalariga binoan, odam diniy va dunyoviy
qoidalarga amal qilib yashashi bilan birga, hissiy quvonchlar va jinsiy
istaklardan ham voz kechmasligi kerak.
Insonlarning hurmati boyligiga qarab belgilanmaydi. Odamlarning
hurmatini qozonishda boylikning muayyan darajada ahamiyati bor, lekin
yashashdan maqsad boylik to‘plash emas, balki karmaning ta’siridan xalos
bo‘lishdan iborat. Zero, kishining hayot yo‘li topgan davlatiga emas, balki
odamiyligi va taqvodorligiga qarab baholanadi. Kishilarning o‘z ichki
dunyosi va tabiat bilan uyg‘unlikda yashashlari rag‘batlantiriladi.
Hinduiylikning diniy-axloqiy qadriyatlari kishini ijtimoiy faollikka,
ijtimoiy norozilikka va sinfiy kurashga da’vat etmaydi. Ularga jamiyatda
tenglikka intilib yashash, ijtimoiy adolatsizliklarga qarshi kurashish, sinfiy
birdamlik kabilar xos emas. Bunday qarashlar karma qoidalariga va
ruhning aynan qayta tug‘ilishda yuz berayotgan voqealar uchun individual
javobgarligi haqidagi diniy ta’limotga zid keladi. Ijtimoiy hayotni
yaxshilash uchun kurashish kuch ishlatmaslik aqidasiga ham mos
kelmaydi.
Hinduiylik dastlab jamiyatda kasta tuzumini mustahkamlashga
yordam berishi bilan birga odamlarning siyosiy hokimiyatga munosabat-
lari va siyosiy faolliklarini rag‘batlantirmagan, kastalar o‘rtasidagi
birdamlikka da’vat etmagan. Oqibatda, siyosiy hayotda o‘ziga xos bo‘shliq
paydo bo‘lgan. Bunday vaziyatdan turli siyosiy kuchlar (asosan tashqi
siyosiy kuchlar) ustalik bilan foydalanganlar. Hind jamiyati xalqning
mentaliteti ta’sirida tashqi kuchlarning bosqiniga qarshilik ko‘rsatishga
89
ojiz bo‘lib qolgan. Mavjud vaziyatdan dastlab qo‘shni davlatlar,
keyinchalik ingliz bosqinchilari ustalik bilan foydalanganlar.
Hinduiylik ta’limotida jannat va do‘zax to‘g‘risidagi g‘oya mavjud.
Bu g‘oya hinduiylikning sansara ta’limotiga zid keladi. Shunday bo‘lsa-da,
jannat va do‘zax to‘g‘risidagi g‘oya qabul qilingan va uning mazmuni
tarixiy taraqqiyot ta’sirida o‘zgarib borgan. Dastlab narigi dunyoda faqat
jannat mavjud deb tasavvur qilingan. Jannatga tushish uchun ruhning
sinovlardan o‘tishi talab qilinmagan. Ma’lumki, Hindistonda qadimdan
vafot etgan odamning jasadi o‘tda kuydirilgan. Mayitni kuydirish
marosimi olov xudosi – Agniga sig‘inish bilan bog‘liq. Olov xudosi
marhumning savobi va gunohlarini aniqlab, keyingi taqdirini hal qilgan.
Bu jarayon dastlab juda sodda tasavvur qilingan. Unga binoan, olovda
insonning tanasi kuydirilib gunohlaridan tozalangan, kishining gunohi va
qusurlari kulda qolgan. Olov bilan soflangan ruh narigi dunyoda tana va-
zifasini bajaradigan yupqa qobiq hosil qilib jannatga tushgan. Ruh
jannatda ajdodlari bilan birgalikda baxtli va farovon yashagan. Lekin
keyinchalik do‘zaxning narigi dunyoda ham mavjudligi haqidagi g‘oya
vujudga kelgan. Odamlarning hayotligi davrida qilgan gunohlari evaziga
do‘zaxda jazolanishlari belgilangan.
Hinduiylikda do‘zax juda ko‘p ko‘rinishlarga ega deb tasavvur
qilinadi va ular bir-biridan jazo berish usullari bilan farqlanadi. Masalan,
braxmanni o‘ldirgan odamlarning ruhi eng qo‘rqinchli do‘zaxga tushadi.
Bu do‘zaxga tushgan kishining oyog‘i ostida doimo olov yonib turadi.
Boshining ustida cho‘g‘dek qizitilgan temir turadi. Diniy urushlar,
to‘qnashuvlar va janjallarni keltirib chiqargan odamlar vafot etganidan
keyin tushadigan do‘zaxda ular yomon chiqindilar bilan to‘ldirilgan
daryoga tashlanadi.
Hinduiylikdagi jannat va do‘zax to‘g‘risidagi qarashlar ajdodlar ruhiga
sig‘inish marosimining mavjudligiga ham zid keladi. Chunki odam vafot
etganidan keyin uning ruhi qayta tug‘ilish zanjirini uzib tashlab, nirvanaga
erishmas ekan, dunyoga to‘xtovsiz qaytib kelaveradi. Ruhning turli
mavjudotlarga ko‘chishi sababli kim-kimning ajdodi ekanligini aniqlab
bo‘lmaydi.
Yuqorida qayd qilinganidek, ajdodlar ruhi bu dunyoga qaytib kel-
masligi, ya’ni narigi dunyoda qolishi mumkin. U dunyoda qolgan ruh tana
vazifasini bajaruvchi yupqa qobiqqa joylashadi va jannatga tushadi.
Ruhning o‘zi yupqa qobiqni yarata olmaydi. Muammo hal etilishi uchun
yerda qolgan qarindoshlari marhumning xotirasiga bag‘ishlangan maxsus
diniy marosimlarni bajarishlari kerak. Aks xolda ruh tanasiz qoladi va
yerga qaytib kelib, odamlarga ziyon yetkazishi mumkin. Shu bois
90
marhumning yaqin qarindoshlaridan belgilangan marosimlarni to‘liq
bajarish talab qilinadi. Ajdodlar ruhiga bag‘ishlangan marosimlarni
bajarmagan kishi hatto vorislik huquqidan ham mahrum qilinishi mumkin.
Bunday marosimlarning vafot etgan har qanday kishi uchun o‘tkazilishi
shart bo‘lsa-da, ruhi qayta tug‘ilishdan to‘xtagan kishilar uchun ayniqsa
muhim sanaladi.
Hinduiylikda ko‘pdan-ko‘p diniy marosimlarni bajarish ishlariga
braxmanlar rahbarlik qiladilar. Ruhoniy braxmanlar qadimgi davrdagi
braxmanlar kastasining vorislaridir. Hinduiylikda ham ular asosan
imtiyozlarini saqlab qolganlar. Ular davlat tashkilotlari, xususiy firma va
boshqarmalarda yuqori lavozimlarda xizmat qiladilar.
Braxmanlar ijtimoiy hayotning din talablari asosida tashkil etilishini
nazorat qiladilar. Bu talablarning eng asosiylari jamiyatning kastalarga
bo‘linishi va odamlarning o‘z kastasi qoidalariga so‘zsiz amal qilishlaridir.
Braxmanlar kastasi vakillari ijtimoiy hayotning turli sohalarida faol
ishtirok etsalar-da, ularning asosiy vazifasi jamiyat boshqa qatlamlarining
diniy ehtiyojlarini ta’minlashdan iborat. Yuqorida qayd etilganidek, barcha
muhim diniy marosimlar braxmanlar rahbarligida bajariladi. Diniy
marosimlar asosan ibodatxonalarda o‘tkaziladi. Odamlar ibodatxonalarga
xudoning butini e’zozlash, ibodat qilib, ehson berish niyatida keladilar.
Braxman har bir dindorning ehsonini qabul qiladi va uni ilohga yetkazish
bilan bog‘liq marosimlarni bajaradi.
Hinduiylikda kishining maqsadga erishishida braxmanning vo-
sitachiligi bilan birga g‘ayritabiiy kuchlarning xayrixohligiga erishish
zarur deb hisoblangan. Bu esa diniy tizimda sehrgarlik amaliyoti –
tantrizm (sanskrit tilida «tantra» – fikrni jimjimador qilib ifodalash, sir
tutilgan matn, sehrgarlik)ning saqlanib qolishiga shart-sharoit yaratgan.
Sehrgarlik usullari bo‘lmish tantralardan muqaddas afsunlar – mantralar
vujudga kelgan. Hinduiylar mantralarda ilohiy kuch mavjud ekanligiga,
ularni o‘qish bilan g‘ayritabiiy kuch (shakti)ni chaqirish va uning
yordamida maqsadga mo‘jizaviy ravishda erishish mumkinligiga
ishonganlar. Zero, mantra ovoz shakliga kirgan Braxma deb hisoblangan.
Har bir kasta o‘z mantrasiga ega bo‘lib, hayotiy muammolar paydo
bo‘lganda mantralarni o‘qib, g‘ayritabiiy kuchlarni yordamga chaqirgan.
Hinduiylikda mantralar bilan birga tumorlar, sehrli diagrammalardan
ham foydalaniladi. Ular afsungarlik ashyolaridir. Odamlar o‘z hayotiy
muammolarining hal etilishida braxmanlarning maslahatlari, xudolarga
sig‘inish va ehsonlar berish yordam bermaganidan keyin so‘nggi vosita
sifatida sehrgarlarning yordamlaridan ham foydalanadilar. Sehrgar ijtimoiy
mavqei jihatidan braxman bilan raqobat qila olmaydi. Albatta, braxmanni
91
sehrgar bilan tenglashtirish noo‘rin, lekin sehrgar ham jodularini bajarish
vaqtida braxman murojaat qiladigan xudolarning madadiga tayanadi.
Hinduizm diniy tizimining o‘ziga xos marosimlari va bayramlari
mavjud. Ularning ko‘pchiligi shonli sana va bayram kunlariga to‘g‘ri
keladi. Xudoga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tantanalarda millionlab dindorlar
ishtirok etadilar. Bayram tantanalari vaqtida ommaviy diniy marosimlar va
namoyishlar uyushtiriladi, muqaddas joylarga haj safarlari tashkil etiladi.
Bunday ommaviy bayramlarga Shiva, Ram, Krishna, Durga-pudja
sharafiga o‘tkaziladigan bayramlarni, chiroqlar bayramini, donishmandlik
ma’budasi Sarasvati, boylik va savdo-sotiq homiysi Ganeshi sharafiga
o‘tkaziladigan bayramlarni misol keltirish mumkin. Shivaga bag‘ishlangan
bayramlar har oyda tantanali o‘tkaziladi.
Umum Hindiston bayramlari bilan birga ma’lum mintaqa, shahar,
tuman, hatto qishloq aholisi nishonlaydigan mahalliy bayramlar ham
mavjud bo‘lib, ular diniy afsonalar va hinduiylik xudolariga ibodat qilish
bilan bog‘liq.
Bayramlarda diniy e’tiqodi, tabaqasi, millati va jinsidan qat’i nazar
barcha aholi ishtirok etadi. Bunday bayramlar milliy ongni
shakllantiruvchi va ularning birligini mustahkamlovchi muhim vosita
vazifasini bajaradi.
Hinduiylik ta’limotining rivojlanishida islom dinining ta’siri alohida
ahamiyatga ega bo‘lgan. Hindiston zaminida ta’limotning mohiyati
jihatidan o‘zaro kelishishi qiyin bo‘lgan diniy e’tiqodlar to‘qnashgan.
Hinduiylik mahalliy xalqlarning madaniyati va ruhiyatini o‘zida aks
ettirib, odamlarda mo‘tadillik, bardoshlilik va o‘z ichki dunyosi bilan
uyg‘unlikda yashash kabi xislatlarni shakllantirgan. Islomga, diniy
bag‘rikenglik bilan birga, muayyan darajada g‘ayrimusulmonlarga
nisbatan murosasizlik, odamlarni din talablariga so‘zsiz bo‘ysunishga va
rahbarlarga ko‘r-ko‘rona ishonishga da’vat qilish kabilar ham xosdir.
Lekin hinduiylik va islom ta’limotlarida jiddiy tafovutlar mavjudligiga
qaramay xalqlarni e’tiqodiga ko‘ra bir-biridan ajratuvchi, ular o‘rtasida
ishonchsizlik qo‘zg‘atuvchi qarashlarga nisbatan ularni o‘zaro yaqin-
lashtiruvchi jihatlar ustunlik qiladi. Bu esa dinlar o‘rtasida o‘zaro
muloqotni vujudga keltiradi.
Islomda mavjud bo‘lgan odamlarning Olloh oldidagi tengligi, insonni
oliy qadriyat deb bilish kabi g‘oyalar, axloqiy qadriyatlarga alohida e’tibor
mahalliy xalqlarda, ayniqsa aholining o‘rta va quyi tabaqalari vakillarida
qiziqish uyg‘otgan. Boburiylar sulolasining hukmronligi davrida siyosiy
hokimiyatni musulmonlar nazorat qilganligi sababli, mahalliy aholining
yuqori tabaqaga mansub vakillarining ham siyosiy manfaatlardan kelib
92
chiqqan holda oilaviy ravishda islom dinini qabul qilish hollari uchrab
turgan. Lekin bu yerda islom boshqa mintaqalar (Misr, Eron,
Mesopotamiya)dagi kabi xalqning ko‘p asrlik noyob an’analarini yenga
olmagan. Shu bois islom hinduiylik bilan birga faoliyat ko‘rsatishga
majbur bo‘lgan.
Hinduiylik islom dini ta’limotining rivojlanishiga ham ta’sir
o‘tkazgan. Bu islomni qabul qilgan mahalliy aholi vakillari orqali hind
xalqi an’analari bilan musulmonlarning yaqindan tanishishlari asosida
amalga oshirilgan. O‘z navbatida, islom ham hinduiylikka, ham hind
turmush tarziga ta’sir ko‘rsatgan. Masalan, islom ta’sirida xotin-qizlarning
ojiza sifatida oilada erkakka bo‘ysunishlari, ularning ko‘proq bola
tarbiyasi bilan shug‘ullanishlarini rag‘batlantirish va ijtimoiy faolliklarini
cheklash kabilar milliy an’ana darajasiga ko‘tarildi. Bunday ta’sir san’at,
adabiyot va me’morchilikda ayniqsa juda salmoqli bo‘lgan.
Hinduiylik va islom madaniyatining o‘zaro muloqoti qanchalik
salmoqli bo‘lmasin, ikki din an’analaridagi muammolar to‘liq bartaraf
etilmagan. Bu muammolar, tashqi dushman ta’siri bo‘lmasa, e’tiqodi
jihatidan bir-biridan farq qiladigan bitta xalqning tinch-totuv yashashiga
to‘sqinlik qilmagan.
Hozir ham konfessiyalararo munosabatlar masalasi dolzarb muammo
sifatidagi ahamiyatini saqlab qolgan. Zero, ingliz bosqinchilari tomonidan
sun’iy hosil qilingan musulmonlar va hinduiylar o‘rtasidagi dushmanlik
munosabatlari hinduiylikdagi modernizatsiya jarayonlariga salbiy ta’sir
etgan. Islomga qarshi kurashda hinduiylikdagi fundamentalistik va
ekstremistik ruhdagi mazhablar diniy an’analarni saqlab qolish shiorini
o‘zlarining kurash bayrog‘iga aylantirganlar.
Hinduiylikdagi zamonaviylashuv (modernizatsiya) jarayonlariga
to‘sqinliklarni faqat islomga qarshi kurash zarurati bilan bog‘lab talqin
qilish noto‘g‘ri. Ma’lumki, ijtimoiy taraqqiyot ta’sirida dinda ham
taraqqiyparvar o‘zgarishlarni amalga oshirish va diniy an’analarni hozirgi
zamon talablariga moslashtirish zarurati vujudga keladi. Lekin bunday
o‘zgarishlar konservativ kuchlar bilan kurash orqali amalga oshiriladi.
Qayd etish joizki, diniy an’analarga sodiqlik hamda ijtimoiy
taraqqiyotga to‘sqinlik qilish aynan bir narsa emas. Hindiston tarixida biz
shunday holatga duch kelamiz. Bu yerda hinduiylik an’analari ingliz
mustamlakachiligiga qarshi kurashning samarali vositasiga aylantirilgan.
M.
Gandi rahbarligidagi milliy ozodlik harakatining ishtirokchilari
mustamlakachilik zulmiga qarshi kurashda «svaraj» (o‘zining hokimiyati)
shiori bilan chiqqanlar. Ushbu shior fuqarolarning mustamlakachilik
93
tartibiga bo‘ysunmasligini bildirgan. Kurash vositasi sifatida
hinduiylikdagi kuch ishlatmaslik aqidasi asos qilib olingan.
M.
Gandi diniy qoida va an’analarga sodiq bo‘lsa ham, diniy
aqidaparastlik va ekstremizmga qarshi kurash olib borgan. Jamiyatning
kastalarga bo‘linishini va ular o‘rtasidagi tengsizlikni qoralagan. Xotin-
qizlarning tengligi va tul xotinlarning turmushga chiqish erkinligi uchun
kurashgan. Hinduiylikdagi mustamlakachilarga qarshi kurashda yordam
beradigan, taraqqiyparvar siyosiy maqsadlarni amalga oshirishga
ko‘maklashadigan, xalqni umumiy maqsad atrofida birlashtiradigan
g‘oyalarni qabul qilgan.
Hindistonning hozirgi siyosiy hayotida diniy an’analar, ayniqsa,
hinduiylik an’analari juda katta ahamiyatga ega. Demokratik jamiyat
qurayotgan mamlakatda siyosiy hokimiyat uchun kurashuvchi kuchlar
diniy an’analarga o‘z dasturlarining eng dolzarb mavzusi sifatida
qaraydilar. Reaksion siyosiy kuchlar hinduiylik an’analarining eng qoloq
va konservativ g‘oyalarini jamiyatda qayta tiklashga harakat qiladilar.
Lekin ular siyosiy hokimiyatda kuchli mavqega ega emaslar. Hozirgi
siyosiy hokimiyat ma’muriyati diniy an’analardagi taraqqiyparvar,
zamonaviylashgan g‘oyalarga asoslanuvchi taraqqiyparvar kuchlarni
tashkil etadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, hinduiylik nafaqat diniy ta’limot va
madaniy an’ana, balki xalqning turmush tarzidir. U Hindistondagi mavjud
boshqa diniy ta’limotlar bilan birga, ilg‘or jamiyat qurishdek bunyodkorlik
ishlarida faol ishtirok etmoqda.
Dostları ilə paylaş: |