SO’ROV USULI. So’rov usuli nafaqat Sotsiologik informasiya to’plashning empirik metodlaridan biri sifatida, a balki Sotsiologiya fanida empirik Sotsiologik tadqiqotlar o’tkazishning eng muhim va ahamiyatli usulidir. Aslida Sotsiologiya fanida bu metoddan foydalanish XVIII asrga borib taqaladi va hozirgi davrda eng ko’p qo’llaniladi. So’rov usulining ahamiyatli tomoni shundan iboratki, Sotsiologik tadqiqotlar jarayonida boshqa xujjatli manbalarda esa uchramaydigan, uchrashi ham mumkin bo’lmagan, boshqa Sotsiologik tadqiqot usullari yordamida ma’lumotlar olish mumkin bo’lmagan ma’lumotlarni, axborotlarni olish imkonini yaratadi. Ayniqsa jamiyat a’zolari bo’lgan ijtimoiy guruhlar, jamoalar, shaxslar va boshqa ijtimoiy qatlam kishilarning ijtimoiy turmush, hayot jarayonlari, voqyea va hodisalarga bo’lgan munosabatlari, aloqalari, fikr-mulohazalarini Sotsiologik tadqiqot asosida o’rganishda so’rov usulining ahamiyati beqiyos kattadir. Ayniqsa hozirgi sharoitda mamlakatimiz mustaqillikka erishib huquqiy davlatdan, kuchli fuqarolik demokratik jamiyatga bozor munosabtalariga asta-sekin o’tish jarayonida jamiyatda ijtimoiy kommunikasiyalarning roli oshib borar ekan empirik sosial tadqiqotlar olib borish usulining jumladan, so’rov usulining roli yanada ortib borishi, ahamiyati kengayishi bilan xarakterlidir. So’rov usuli dastlabki sosiologi axborotlarni olish uchun foydalanib, u og’zaki yoki yozma shaklida olib borilishi mumkin. “So’rovlar odatda unchalik batafsil ma’lumot bermaydi, - deydi ingliz olimi Entoni Giddens, - lekin uning to’g’riligiga shubxa qilmasa bo’ladi”19. So’rov usulida tadqiqotchi bilan respondent (respondent inglizcha so’z bo’lib “javob bermoq”, “javob beruvchi” ma’nolarini anglatadi) o’rtasida aloqa va munosabatlar, so’rovnomalar puxta ishlangan aniq bo’lishi, respondentlar erkin, o’z so’zlari bilan, xolisona ifoda etishi, savollar sermazmun va sodda, tushunarli javob berishga qulay bo’lishi, noaniqliklarga yo’l qo’ymasligi, hatto respondentlar ruhi, holati, xarakteri, mavqyei va jamiyatga munosabatlari e’tiborga olinishi, adreslari, yoshi, kasbi, bilim darajasi, ular haqida boshqa ma’lumotlar ham aniq bo’lishi shart. Ammo shaxs ismi va familiyasi ko’rsatilmaydi.
So’rov usullaridan foydalanish jarayonida uning turli xilligidan shart-sharoitga, ijtimoiy holatga va mavzularning dolzarbligiga qarab qo’llanish maqsadga muvofiqdir. So’rov usulining quyidagi turlari mavjudligi va ulardan o’rinli foydalanish mumkinligini professor N.S.Aliqoriyev ta’kidlab quyidagi so’rov turlarini keltiradi20.
1. Anketalashtirish yozma shakldagi so’roq bo’lib, texnikasiga ko’ra, tarqatiladigan (anketa tadqiqotchi tomonidan tarqatiladi va yig’ib olinadi), matbuot orqali (anketani gazeta va jurnallarda chop etish), telefon yoki teleskop orqali, ya’ni texnik vositalar bilan (televizor yoki telefonga oid qo’shimcha sifatida) amalga oshiriladigan so’rov turidir.
2. Suhbatlashish (intervyu) – suhbat o’tkazuvchilarni (intervyuyer) bir qanchasini talab qiluvchi, og’zaki so’rov turidir. Bu so’rov klinik (respodentning subyektiv dunyosining samimiyligi) bir nuqtaga qaratilgan (o’rganish uchun bir asosiy savolni ajratib olish) so’rovlarga bo’linadi.
3. Sotsiologik so’rov guruhdagi shaxslararo munosabatlarning yaxshi ko’rish, yoqtirmaslik, do’stlik, adovat, qismat va boshqa jihatlarini o’rganishga qaratilgan.
Professor N.S.Aliqoriyev bu metod amerikalik sosiolog-psixolog J.Moreno tomonidan ishlab chiqarilganligini ham ta’kidlaydi.
4. Test o’tkazish so’rov – maxsus qayta ishlangan vositalar sxema, rasmlar, takliflar, savollar yordamida shaxsiy sifat va qobiliyatlarining namoyon bo’lishini aniqlaydi. Testlar tematik, birikmalar (assosiativ) intellektual qobiliyatlarni aniqlaydigan, takliflarni yakunlaydigan turlarga bo’linadi.
5. Ekspet so’rov – bu metod ekspertlarga, ya’ni mutaxassislarga yon beradi. Bular asosan muammo bilan shug’ullanuvchi mutaxassislar yoki javobgar shaxslardir. Bunda suralayotganlarning qiziqishlari e’tiborga olishi kerak.
6. Panel so’rovlar – kishilarning doimiy doirasiga mo’ljallangan so’rov bo’lib, tashkilotlardagi boshqarish uslubidagi ma’lum o’zgarishlarga ulargacha va ulardan keyin kiritiladigan so’rov turidir. Bu metod guruhlarning faqat bir belgisiga ko’ra bir-birini taqqoslash va farqlash, ya’ni prosessning sabab va oqibat analizlarini o’rganish maqsadida qo’llaniladi. Ko’pincha so’rovning bu turi eksperimental tadqiqotlarga qo’shimcha ravishda kiritiladi.
7. Yaxlit so’rovlar – demografik prosesslarni jamoatchilik fikrini aholini ruyxatga olishni o’rganishda qo’llaniladi.
Yaxlit so’rovlar barcha aholini yoki muammo bilan bog’liq bo’lgan bosh majmualarning so’rovini o’zida aks ettiradi21. Hozirgi kunda kompyuter va internet tarmoqlaridan ham so’rov usulidan foydalanilmoqda.
Yuqorida ko’rsatilgan so’rov turlari Sotsiologiyada hozirgi kunda keng ravishda qo’llanilishning katta imkoniyatiga, ularning har biri esa o’ziga xos xususiyatlarga ega bo’lib empirik sosial tadqiqotlarning to’g’ri va aniq hal qilinishiga yordam beruvchi so’rov turlaridir. Bu uslub jamiyatni boshqarish siyosiy hokimiyat faoliyati uchun ijtimoiy jarayonlarni obyektiv, ilmiy boshqarishda qo’l keladigan uslubdir.
Umuman olganda so’rov uslubida hamma vaxt ham foydalana berish shart emas. So’rov usulidan quyidagi hollarda foydalanish samarali bo’ladi.
1) o’rganilayotgan muammo bo’yicha yetarli darajada xujjatli, manbaviy ma’lumotlar yetarli bo’lmaganda yoki umuman bo’lmaganda;
2) tadqiqot predmeti, yoki uning ayrim jihatlarini kuzatish imkoniyati bo’lmaganda;
3) tadqiqot obyekti masalasida haqiqiy munosabat, ijtimoiy va individual ong, tafakkur jarayonlarini o’rganishda, yoki uning ijtimoiy xarakterini aniqlashda ikkilanish bo’lsa;
4) Sotsiologik tadqiqot usullari yordamida olingan empirik tadqiqot ma’lumotlarni qayta tekshirish maqsadida;
5) so’rov usulining imkoniyat darajasi yoki uning rolini oshirish yoki ko’proq amaliy xulosalarning qanchalik to’g’riligini bilish uchun foydalanish mumkin.
Ushbu so’rov usulini amalga oshirishda yozma ravishda yoki og’zaki intervyu olish orqali foydalanish mumkin. So’rov usulidan foydalanishda anketa katta rol o’ynaydi. Professor N.S.Aliqoriyev bu haqda: “Ularni o’zaro birlashtiradigan vosita bu – anketa”, “So’rovning barcha turlari asosida anketa yoki savol varaqasi yotadi”22- deb yozadi.
Anketa o’tkazish keng tarqalgan so’rov turi hisoblanib, anketa so’rovlariga qo’yilgan savollar orqali respodentlardan olingan javoblar umumlashtirilib, tadqiqot qilinayotgan ijtimoiy muammo to’g’risida jamoatchilik fikrini oydinlashtirishdan iboratdir. Bu fikr – xulosalarning to’g’ri, obyektiv bo’lishi bevosita tadqiqotchilar tomonidan tuzilgan savollarning to’g’ri va ijtimoiyligiga ko’p jihatdan bog’liq..
Buning uchun esa, tadqiqotchi Sotsiologiya fanini va uning empirik Sotsiologik tadqiqotlarni tashkil etish va o’tkazish usulidan to’la va keng bilimga ega bo’lish talab etiladi. Buning uchun tadqiqotchi va boshqa rasmiy va norasmiy tadqiqotda ishtirok etuvchi vakillar respodentlar bilan anketa savollarini to’ldirib javoblar olayotgan vaqtda intervyu olayotgan jarayonda nihoyatda xushyor va izzat-hurmatda, madaniy muomalada, to’g’ri, insonparvarlik munosabatda bo’lib, respodentga to’la mustaqillik berilib, o’zgalar ta’sirisiz, obyektiv va ehtiyotkorlik bilan respodentlar to’g’risidagi ma’lumotlarni ham olish talab etiladi. Aks holda tadqiqot natijasi kutilgan maqsadga muvofiq bo’lmasligi, respodent esa o’z fikrini ochiq va to’g’ri bermasligi, siyosiy ta’sir va subyektivlik yuz berishi mumkin, xatto anketa savollariga, tadqiqot ishiga qarshi holatlar ham bo’lishi ehtimoldan uzoq emas. Shu sababli anketa o’tkazilishi jarayonida tadqiqotchilar nihoyatda yumshoq, xushyor, xushmuomalada bo’lishi shart. Anketa savollarini puxta ishlab chiqilishi va uning tarkibi tuzilishiga jiddiy e’tibor berilishi kerak. Eng avvalo, anketa savollari tizimini ishlab chiqilishi, uning ijtimoiy xarakteriga e’tibor berishi, anketa so’rovlari qanday maqsadda, kim tomonidan o’tkazilishi, anketa pasporti, o’tkazilish tartibi, savollar mohiyati respodentlarga to’liq tushuntirilishi, anketa savollari ko’p va zerikarli bo’lmasligi, tushunarli va ixcham bo’lishligi, anketa o’tkazish vaxti va uning qancha davom ettishi ham ko’rsatilishi shart.
Anketa oxirida yakunlovchi savollar ham lo’nda, aniq, keng mazmun-mohiyati va asosiy savollarning mantiqiy davomi sifatida respodentning individual qo’shimcha fikr va mulohazalari olinib, yakuniy xulosalarda inobatga olinadi va respodentlarga anketa savollariga xolisona javobi uchun minnatdorchilik bildiriladi. Ushbu ko’rsatilgan tartibotlarga qat’iy rioya qilinsa, qisqa muddat ichida empirik Sotsiologik tadqiqot o’tkazilib, natijada qimmatli ma’lumotlar olinishi mumkin, kutilgan maqsadga erishiladi.